Aksioma gap: inson doimo mukammallikka intiladi. Har qanday aqlli odam ba’zan imkoniyatlari darajasida, ayrim hollarda esa o‘z kuch-qudrati, bilim saviyasini e’tiborga olmagan holda oldiga katta va kichik maqsadlar qo‘yadi, ulug‘vor rejalar tuzadi. Bunday maqsad va rejalar amalga oshganda – quvonadi, bu borada muvaffaqiyatsizlikka uchraganda esa – qayg‘uradi. Bularning sababi ayrim hollarda ob'ektiv, xolis baholanadi, ba’zan esa o‘z omadsizligini boshqalarning, jamiyatning adolatsizligidan qidiradi.
Shu ma’noda, har bir insonning maqsad-muddaosi muvaffaqiyati ko‘plab omillarga bog‘liq. Agar shaxs o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va mo‘ljallari bir tomondan real voqelik, ijtimoiy muhitni e’tiborga olgan tarzda belgilansa, bo‘lak tarafdan, ular jamiyat tomonidan tanlangan, umummilliy va umumdavlat manfaatlariga mos keladigan strategik maqsadlarga mutanosib bo‘lsa, yana boshqa tomondan, bunday individ o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va rejalarini o‘z imkoniyati, bilim saviyasi, kuch-qudratini nazarda tutgan holda belgilasa, shubhasiz, u muvaffaqiyatga erishadi. Demak, shaxsiy, jamiyat hamda davlat manfaatlarining o‘zaro uyg‘unligi har qanday yutuqqa erishishimizning bosh omili hisoblanadi.
endi asl maqsadga o‘tsak. Insoniyat tarixining qaysi davrini olib ko‘rmaylik, barcha bosqichlarda har bir siyosiy elita, ijtimoiy tuzum, ma’naviy-ma’rifiy oqim o‘z maqsadlarini e’lon qiladi va shu asosda faoliyat olib boradi. Ana shu faoliyat turi ijtimoiy mo‘ljal nomi bilan ham ataladi. Bugun, yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida yurtimizda sodir bo‘layotgan islohotlar, ular natijasida qo‘lga kiritilayotgan yangiliklar asnosida ijtimoiy mo‘ljal fenomeni xususida ayrim fikr-mulohazalarni aytishni lozim topdik.
Birinchidan, jamiyat va davlat taraqqiyotining bugungi bosqichida o‘z oldimizga ko‘lami, mazmun-mohiyati, falsafasi nuqtai nazaridan mutlaqo yangi vazifalarni qo‘ydik. Bularning bari “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans sari”, deb nomlangan fenomen hodisada jam bo‘lgan. Prezidentimiz ushbu masala xususida to‘xtalib, “har qanday hodisa, tushuncha yoki atamaning o‘ziga xos shakllanish jarayoni bor. Yangi O‘zbekiston fenomeni ham bundan mustasno emas. Ushbu tushuncha mamlakatimizning zamonaviy ma’naviy qiyofasini shakllantirish, yurtimizda demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi islohotlarimizning tayanch g‘oyasini ifoda etadi”, deydi.
Demak, bugungi O‘zbekistonning ijtimoiy mo‘ljali xalqimiz orzu qilgan yangi O‘zbekistonni barpo etish, milliy taraqqiyotning yangi davrida “Xalq manfaati hamma narsadan ulug‘”, degan ezgu g‘oyaning tantanasiga amalda erishish, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashini ta’minlashdan iborat ijtimoiy hodisadir. Bunday ijtimoiy hodisa, shubhasiz, xalqimizni asrlar davomida orzu qilgan iqtisodiy farovonlik, ijtimoiy-ma’naviy barqarorlik, siyosiy-mafkuraviy etuklik, millatlararo hamjihatlikka olib chiqadi.
Ikkinchidan, biz bugun orzu qilayotgan ijtimoiy mo‘ljal barpo etishimiz lozim bo‘lgan, milliy davlatchiligimiz tarixida mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-mafkuraviy qiyofa bilan chambarchas uyg‘unlashib ketgani bilan ajralib turadi. Bu erda gap biz endi qurishimiz kerak bo‘lgan yangi davlatning qiyofasi xususida ketmoqda. Yaqinda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning birinchi moddasida “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” ekani alohida qayd etildi.
Shu asnoda yangi tahrirdagi Bosh qonunimizda barpo etishimiz lozim bo‘lgan davlatning “Ijtimoiy” va “Dunyoviy” mazmun kasb etishi ham jamiyat ijtimoiy mo‘ljali bilan uzviy hamohangligidan darak beradi.
Uchinchidan, bugun biz tanlagan jamiyat ijtimoiy mo‘ljali faqat siyosiy elitaning xohish-irodasi bilangina belgilangan emas. Hech shubhasiz, ijtimoiy mo‘ljalimiz bugungi O‘zbekiston siyosiy rahbariyatining kuchli siyosiy irodasi, chuqur o‘ylangan, ilmiy jihatdan asoslangan, metodologik – kontseptual jihatdan pishiq nazariy xulosalar asosida belgilangan.
Ammo, tanlangan ijtimoiy mo‘ljalimizning hayotiyligi, realligi yana boshqa bir omil – xalqimiz manfaatlariga mushtarakligi bilan ham izohlanadi. Siyosiy elita tomonidan tanlangan ijtimoiy mo‘ljal xalq, jamiyat a’zolarining manfaatlari, qiziqishlari, ehtiyojlari bilan uyg‘unlashmas ekan, bunday ijtimoiy fenomen hodisaning ijobiy natijasini kutish amri mahol.
Ayni paytda ijtimoiy mo‘ljal mazkur jamiyatning faqat siyosiy-mafkuraviy maqsadlaridan iborat bo‘lsa va u xalq manfaatlari, ehtiyojlari bilan uyg‘un bo‘lmasa, ushbu fenomen hodisa o‘z hayotiyligini yo‘qotadi, kelajagi bo‘lmaydi.
Keling, yaxshisi, ushbu fikrlarimizning isboti uchun yaqin tarixdan ayrim misollarni yodga olaylik. 74 yil davom etgan sovet mustabid tuzumi davrida hukmron siyosiy rahbariyat o‘z oldiga faqat g‘oyaviy-mafkuraviy rejalarni amalga oshirishdan iborat ijtimoiy mo‘ljalni sun'iy ravishda aholi ongiga singdirishga harakat qildi. Bunday mo‘ljal sovet davlatining jahondagi “eng adolatli mamlakat” hamda kambag‘alparvar davlat ekani to‘g‘risidagi soxta g‘oya bilan asoslandi.
Boshqacha aytganda, sovet davlati aholi manfaatlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan ijtimoiy mo‘ljalni tanladi. Buning natijasida rasman e’lon qilingan ijtimoiy mo‘ljalni amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan jarayonlarni daf etish maqsadida qatag‘on siyosati o‘ylab topildi, milliy qadriyatlarga qarshi hujum boshlandi, asrlar davomida shakllanib kelgan buyuk davlatchilik tariximiz buzib ko‘rsatildi.
O‘sha davr ijtimoliy mo‘ljalini amalga oshirish bahonasida sobiq sovet respublikalarida, ayniqsa, O‘zbekistonda iqtisodiyotni bir tomonlama rivojlantirishga urg‘u berildi. Bu esa bugun ham o‘zining achchiq mevalarini berayotgan paxta yakkahokimligini shakllantirdi. Sovet davlati tanlagan ijtimoiy mo‘ljal tufayli kambag‘allikni ulug‘lagan holda boy davlat qurishga harakat qilindi. Sovet mafkurasiga asoslangan o‘sha davrning ijtimoiy mo‘ljali mamlakatni jahon hamjamiyatidan ajratib tashladi, O‘zbekiston esa boshqa mamlakatlar uchun yopiq jamiyatga aylandi.
Biz yuqorida jamiyat ijtimoiy mo‘ljalini tanlash oson ish emasligini qayd etgan edik. Haqiqatdan ham shunday. Milliy mustaqillik arafasida, shuningdek, istiqlolning dastlabki yillarida O‘zbekiston jamiyati ham o‘z ijtimoiy mo‘ljalini tanlashga alohida e’tibor berdi. O‘sha yillarda turli siyosiy guruhlar, olim-ziyolilar, mamlakat va millat taqdiriga befarq bo‘lmagan barcha yurtparvarlar O‘zbekiston kelajagini belgilab beradigan ijtimoiy mo‘ljalni tanlashda faollik ko‘rsatdi.
Fikrlar xilma-xilligi shu darajada rang-barang ediki, ba’zan bu hol kuchli siyosiy tortishuvlar, baxslarga, hissiyotga berilishlargacha olib keldi. Ayrimlar O‘zbekiston o‘z ijtimoiy mo‘ljalini tanlashda sobiq sovet davrida ta’qibga uchragan, sun'iylashtirilgan milliy madaniyatni, qatag‘on qilingan o‘zbek tilini, qadrsizlanishga mahkum etilgan milliy qadriyatlarni tiklashga alohida e’tibor berish lozimligini ta’kidladi.
Boshqalar esa, ijtimoiy mo‘ljalni ko‘proq dunyoning rivojlangan, industrial jihatdan taraqqiy etgan, demokratik davlatlarga qarab tanlash lozimligini asoslashga urindi. Nazarimizda, har ikki nuqtai nazarda ham ratsional mag‘iz bir edi. Chunki toptalgan milliy til, madaniyat, qadriyatlarni tiklamasdan, buzib talqin etilgan milliy davlatchilik tarixini xolisona bayon etmasdan milliy taraqqiyotga erishish mumkin emas edi.
Ayni paytda, ijtimoiy mo‘ljalni tanlashda o‘tmishni haddan tashqari ilohiylashtirib yuborish ham milliy taraqqiyotga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Shu ma’noda, jamiyat ijtimoiy mo‘ljalini o‘tmish tarixi, milliy madaniyati, mutafakkirlar ilmiy-ma’naviy merosiga suyangan, ulardan ruhiy-axloqiy quvvat olgan holda, asosiy e’tiborni kelajakka, dunyoning rivojlangan xalqlari va mamlakatlari to‘plagan ijobiy tajribaga qarab olishni maqsadga muvofiq, deb bilamiz.
Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatimizning o‘z ijtimoiy mo‘ljalini shakllantirishda ko‘proq o‘zimiz uchun qondosh va dindosh davlatlarga e’tibor berganimiz bir tomondan O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga to‘laqonli xalqaro sub'ekt sifatida kirishiga imkon bergan bo‘lsa, boshqa tarafdan, bu hol dunyodagi rivojlangan davlatlar bilan aloqalarimiz jadal rivojlanishiga muayyan darajada ta’sir etganini ham e’tirof etish kerak.
Jamiyat ijtimoiy taraqqiyoti u yoki bu millat, davlatning o‘z qobig‘ida qolishi oqibatida qay ahvolga tushishi mumkinligi yaqin tarixdan ham ma’lum. Bunda ayniqsa, kontseptual xatolarga yo‘l qo‘yish to‘g‘ri kelmaydi. Dunyoning rivojlangan davlatlari tomonidan tanlangan ijtimoiy mo‘ljallarni o‘rganish, ularning barcha uchun muhim bo‘lgan eng maqbul yo‘llarini e’tirof etish, ijodiy o‘zlashtirish, boshqalarni asosli-asossiz tanqid qilish, taraqqiyotning faqat o‘zimiz uchun tanlagan yo‘lini ilohiylashtirish kabilar, shubhasiz, umummilliy yuksalishga ziyon keltiradi. Bularning bari bizga uzoq va yaqin tarixdan saboq bo‘lishi kerak.
Xayriyatki, barchasi biz uchun tarix bo‘lib qoldi. Bugun mamlakatimiz “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans sari” degan ulug‘vor g‘oya asosida o‘z ijtimoiy mo‘ljalini tanlab oldi. Bu mo‘ljal, shubhasiz, barchamizni taraqqiyotning yangi bosqichlariga olib chiqadi, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi, umummilliy taraqqiyotga zamin yaratadi. Bugungi O‘zbekiston ijtimoiy mo‘ljalida dunyo xalqlari, mamlakatlariga qarashlarimiz, munosabatimiz milliy manfaatlarni ko‘zlagan holda, o‘zaro manfaatli siyosatni olib borishga yo‘naltirilgan. Bizning bu siyosatimiz jahondagi barcha ilg‘or davlatlar siyosatiga mutanosibligi bilan ham ajralib turadi.
endi masalaning boshqa jihatiga e’tibor qaratsak. Jamiyat ijtimoiy mo‘ljali shaxs mo‘ljallari asosida shakllanadi. Boshqacha aytganda, ijtimoiy taraqqiyot jamiyat ijtimoiy mo‘ljali bilan fuqaro mo‘ljali o‘rtasidagi mutanosiblik natijasidagina yuz berishi mumkin. Masalaning yana bir muhim tomoni shundaki, ijtimoiy mo‘ljal taqdiri uning o‘tmishga yoki kelajakka qarab belgilangani bilan ham izohlanadi.
Ijtimoiy mo‘ljal u yoki bu mamlakat rahbariyatining siyosiy irodasi, olim-u ziyolilar sa’y-harakati natijasida to‘g‘ri aniqlanishi mumkin. Ayni paytda, u yaqin va uzoq tariximizda bo‘lgani kabi, jamiyat fuqarolarining maqsad-muddaolariga mos kelmasligi ham mumkin.
Fikrimizcha, asosiy omil jamiyat fuqarolari tomonidan tanlangan ijtimoiy mo‘ljalni amalga oshirishdagi real harakatda, erishiladigan natijada, deb hisoblaymiz. Bu oson ish emas. Buning uchun, nazarimizda, jamiyat a’zolaridan kuchli ijtimoiy faollik, siyosiy iroda talab etiladi. Jamiyat ijtimoiy mo‘ljali shaxs tomonidan ongli ravishda anglanmas, unga erishish yo‘lida fidoiylik ko‘rsatilmas ekan, ko‘zlangan maqsadga aslo etish mumkin emas.
Jamiyat ijtimoiy mo‘ljali shaxsning siyosiy sergakligi, jamiyat va davlat tomonidan yuritilayotgan siyosatga qay darajada yondoshuviga bog‘liqligini ham unutmaslik muhim. Bu esa fuqarolarning jamiyatda hukm surayotgan ijtimoiy-siyosiy muhitga, davlat tomonidan olib borilayotgan siyosatga munosabatida namoyon bo‘ladi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, bugun yangi O‘zbekiston jamiyatida fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi sezilarli darajada o‘sdi. “Inson – jamiyat – davlat” tamoyilining amal qilishi, davlat va jamiyat ishlarida fuqarolarning faollik darajasi o‘sishi, turli siyosiy jarayonlarda odamlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning yaratuvchanlikka qaratilgan sa’y-harakatlari kishilarda siyosiy madaniyatning ko‘tarilib borayotganidan darakdir.
Ayni paytda, hali bu borada qator muammolarimiz ham borligini unutish to‘g‘ri emas. Har qanday siyosat – u amal qilgandagina o‘z natijasini ko‘rsatishi mumkin. Barpo etishimiz lozim bo‘lgan yangi jamiyat, uning asosiy arkonlari to‘g‘risida ma’lumotga, yurtimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tahlil qila olish ko‘nikmasiga ega bo‘lmasdan jamiyat ijtimoiy mo‘ljalini tasavvur etish aslo mumkin emas.
Siyosat, jamiyat a’zolarining siyosiy savodxonligini oshirish har doim ham muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Sharqning mashhur allomalaridan biri Husayn Voiz Koshifiy bu borada shunday deydi: “Siyosat ikki xil bo‘ladi: biri o‘z nafsiga nisbatan siyosat qilish, ikkinchisi o‘zga kishiga siyosat qilish. O‘z nafsiga nisbatan bo‘lgan siyosat shuki, yomon sifatlarni o‘zidan yo‘qotish va yaxshi xulqlarni egallashdir. Boshqaga nisbatan siyosat esa yana ikkiga bo‘linadi. Birinchisi, o‘z a’yonlari va yaqinlari siyosati va ularni tartibga solish. Ikkinchisi, umumxalq siyosati”.
Yuqoridagi fikrdan shunday xulosa qilish mumkinki, bir tomondan, ijtimoiy mo‘ljalning amalga oshishi muayyan davlat tomonidan olib borilayotgan siyosat, mamlakatni adolatli ravishda boshqarishga yo‘naltirilgan siyosatning asl maqsadiga, bo‘lak tarafdan, bunday siyosatning umumxalq manfaatlariga mutanosiblik darajasiga bog‘liq bo‘lsa, yana boshqa tomondan, fuqarolarning mamlakat va millat manfaatlari yo‘lida bajaradigan sa’y-harakati, ular siyosiy irodasiga ham tegishlidir.
Mamlakat siyosiy rahbariyati tarafidan to‘g‘ri, adolatli ijtimoiy mo‘ljal tanlansa-yu, u jamiyat fuqarolari tomonidan, biz yuqorida ta’kidlaganimiz kabi, ongli ravishda anglanmasa, tafakkur etilmasa, bu ko‘zlangan maqsadga olib kelmaydi. Bugungi O‘zbekistonda yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularni zamonaviy bilimlar bilan qurollantirish, taraqqiyparvar allomalarimiz qayd etgani kabi, millatning najoti ilm-fanda ekanini anglash, shubhasiz, biz tanlagan ijtimoiy mo‘ljalni real haqiqatga aylantiradi.
Darhaqiqat, bugungi murakkab jahoniy jarayonlarda ta’lim tizimida tub islohotlarni amalga oshirmasdan, inson kapitali masalasiga muhim ahamiyatga ega fenomen hodisa sifatida qaramasdan, biror-bir sezilarli yutuqqa erishish amri mahol. “Rivojlangan mamlakatlarda, – deydi Prezidentimiz, – ta’limning to‘liq tsikliga investitsiya kiritishga, ya’ni, bolaga 3 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan davrda uning tarbiyasiga sarmoya sarflashga katta ahamiyat beriladi. Chunki ana shu sarmoya jamiyatga 15–17 barobar miqdorda foyda keltiradi. Bizda esa bu ko‘rsatkich atigi 4 barobarni tashkil etadi. Binobarin, inson kapitaliga e’tiborni kuchaytirishimiz, buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etishimiz shart”.
Shu o‘rinda, ayrim fuqarolarimizda hali ham inson kapitaliga sarmoya kiritish borasida eski aqidalarga mukkasidan ketish holatlari mavjudligini ta’kidlash lozim. Bir asr avval jadid bobomiz Abdulla Avloniy ham “Kim nimani yaxshi ko‘rar?” nomli asarida bu haqda shunday degan edi: “ehtimol, bizning xalq ilmu ma’rifatni, tarbiya va ta’limni, hunar va sanoatni yaxshi ko‘rar, deb o‘ylaydurg‘ondursiz? Yo‘q, bu fikringiz yanglish. Do‘kondorlarimiz ishlarini tartibga solmay, zamonaga muvofiq ish yuritmay, Mallaxon zamonidan qolg‘on eski do‘kon, eski tos, eski tartiblarini yaxshi ko‘rurlar. Onalarimiz bilim va tarbiya o‘rniga erlari ila urushub-talashub qizlarig‘a mol qilmakni yaxshi ko‘rurlar. Otalarimiz bolalarini o‘qitmak va ta’lim bermak o‘rniga “o‘g‘lim, emdi kattakon yigit bo‘lding, shuncha o‘quganing etar, pul top!”, deb “tashishka” – hammollik qildirishni yaxshi ko‘rurlar. YOshlarimiz ilm va ma’rifatli bo‘lish, hunar, san'at o‘rgonish o‘rniga o‘zlariga zeb berub tor shim ila kalta kamzul, qotirma yoqalarga bino qo‘yishni yaxshi ko‘rurlar”.
Ushbu so‘zlar qanchalar achchiq bo‘lganiga qaramasdan, ta’kidlash lozimki, ayni haqiqat. To‘g‘ri, yoshlarimizning aksariyat katta qismi bugun zamonaviy ta’lim olish, ilm-fan yutuqlarisiz hech qanday taraqqiyot bo‘lishi mumkin emasligini yaxshi anglayapti. Yigit-qizlarimizning katta ko‘pchiligi ta’lim va ilm-fanni o‘zlari uchun mukammallikka erishishning muqaddas omili sifatida tan olmoqda. Biroq bugungi yoshlar tarbiyasida faqat ularning o‘zlarini ayblash ham to‘g‘ri emasligini tan olishimiz kerak.
Darhaqiqat, bu jarayonda ota-onalarning o‘rni katta ekanini doimo yodda tutish kerak. Nazarimizda, ota-onalarning farzand tarbiyasi, kamoloti, mutaxassis bo‘lib shakllanishi yo‘lidagi eng katta xatolaridan biri ularning ijtimoiy mo‘ljal haqida mukammal bilim va ko‘nikmaga ega emasliklaridadir. Biz yuqorida qayd etganimiz kabi, jamiyat taraqqiyoti ijtimoiy mo‘ljalni o‘tmishga qarab emas, kelajakka qarab olishdagina ro‘y beradi. Ijtimoiy mo‘ljal shaxsning kundalik, mayda-chuyda tashvishlar bilan ovora bo‘lib qolishini tan olmaydi. Qolaversa, hayotni faqat maishiy muammolarni hal etishdan iborat, deb bilgan jamiyat ham, uning a’zolari ham aslo ijtimoiy mo‘ljalni to‘g‘ri tanlay olmaydi.
Har birimizdagi ana shu odatiy, faqat maishiy muammolarni hal qilishdan iborat bo‘lgan kayfiyatni bartaraf etishning eng to‘g‘ri yo‘li ham aslida, biz yuqorida ta’kidlaganimiz kabi, shaxsning siyosiy irodasi, ularning jamiyat tomonidan qo‘yilayotgan yuksak mo‘ljallarni anglab etish ko‘nikmasidir.
Bunday ko‘nikmani shakllantirish esa yana bir muhim fenomen hodisa, uning shaxs intellekti, ruhiyati ta’siriga bog‘liq. Gap shaxs tafakkur tarziga dahldorligi ustida ketmoqda. Tafakkur insonning fikrlashi, jamiyat, tabiat hodisalari, insonning o‘zi haqidagi bilimlarining realligiga muayyan darajada kafolat beradigan muhim tushuncha. Tafakkur hissiy bilishdan farq qiladi.
Tafakkur insonning ilmiy, ijodiy faoliyatidan iborat. U narsa, hodisalarning eng murakkab xususiyatlarini o‘rganish, hodisalarni oldindan ko‘rish, bashorat qilish imkoniyatini vujudga keltiradi. Tafakkur sifatlari juda ko‘p. Ayniqsa, fikrning aniqligi, tiniqligi, ishonchliligi, mantiqliligi, mustaqilligi, erkinligi, ilmiyligi, ijodiyligi tafakkurning eng muhim qirralari hisoblanadi.
Yana bir narsaga e’tibor berish lozimki, inson tafakkuri hech qanday ma’muriy ko‘rsatmalarga bo‘ysunmaydi. U shaxsga majburiy yo‘llar bilan singdiriladigan siyosiy-mafkuraviy ko‘rsatma va zug‘umlarni tan olmaydi. Chunki tafakkur erkin, ozod ijtimoiy-ma’naviy hodisa. Shuning uchun ham tarixda xalq va davlat manfaatlari nuqtai nazaridan fikr qilgan, o‘z faoliyatida erkin fikr yurita olgan, o‘z ijodiy-ilmiy faoliyati bilan el-yurtga katta naf keltirgan kishilar mutafakkirlar, deb atalgan. Birinchi va Ikkinchi Renessans davri allomalari, jadid arboblarini mutafakkir, deb bejiz atamaymiz.
Yuqoridagilardan shunday xulosa qilish mumkinki, yagona to‘g‘ri ijtimoiy mo‘ljalni tanlashda shaxsning tafakkur tarzi alohida ahamiyatga ega. Sharq mutafakkirlari insoniyat tarixida hissiy bilim bilan birgalikda aql masalasiga ham alohida diqqat qaratgan. Haqiqatdan ham, aql bilan tafakkur bir-birini doimo to‘ldirib turuvchi zarur hodisalardir.
Shu o‘rinda fikrlarimizning isboti uchun Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning quyidagi fikrlaridan qimmatliroq iqtibos topa olmadik: “Inson zoti aqli bilan boshqa jonzotlardan ustun turadi. Inson o‘ziga berilgan aql vositasida inson etishi mumkin bo‘lgan eng yuqori martabalarga erishadi. Ammo aql o‘z-o‘zidan ishlab ketavermaydi. Aqlni harakatga soluvchi kuch tafakkurdir. Boshqacha aytganda, insonni harakatga soluvchi kuch aqli emas, balki tafakkuri ila erishgan idrokidir. Tafakkur bo‘lmasa, aqlning o‘zi hidoyatga yo‘llay olmaydi”.
Demak, jamiyat tomonidan tanlangan ijtimoiy mo‘ljalga erishishning eng muhim shartlari shaxs ijtimoiy faolligi, uning mamlakatda olib borilayotgan siyosatni qay darajada idrok etishi hamda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni uning tomonidan tahlil eta olish ko‘nikmasi shakllanganiga va fuqarolarning tafakkur tarziga tegishlidir.
Jamiyat ijtimoiy mo‘ljalining muvaffaqiyati, shuningdek, mamlakatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-mafkuraviy jarayonlar va unga shaxs dunyoqarashi darajasining mutanosibligiga bog‘liqdir. Ular o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlik jamiyatni so‘zsiz taraqqiyotga, farovonlikka olib boradi. Nomuvofiqlik esa, jamiyatda ko‘ngilsiz holatlarni yuzaga keltiradi. Bunday holatda davlatning o‘rni va ahamiyati juda katta.
Jamiyat ijtimoiy mo‘ljalining muvaffaqiyatini ko‘zlagan har qanday davlat, eng avvalo, o‘z fuqarolarining ijtimoiy-siyosiy bilim saviyasini oshirishdan, ularning siyosiy irodasi va tafakkur tarzini mustahkamlashdan manfaatdor. Buning tasdig‘ini bugungi O‘zbekiston misolida ko‘rish mumkin. Ayniqsa, yaqinda Konstitutsiyamizning yangi tahriri bo‘yicha bo‘lib o‘tgan referendum, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlarida, davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolarning keng va faol ishtirok etishi bo‘yicha davlat tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar, shubhasiz, jamiyat ijtimoiy mo‘ljali muvaffaqiyatining kafolatidir.
Jamiyat ijtimoiy mo‘ljali quruq joyda, o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan hodisa ham emas. Ijtimoiy mo‘ljal shu jamiyat fuqarolari tomonidan tanlangan maqsadlar asosida shakllanishini ham unutish mumkin emas. Siyosiy elita, davlat rahbariyati, turli davlat va jamoat tashkilotlari mamlakatda siyosiy-iqtisodiy mo‘'tadillik, ijtimoiy-ma’naviy barqarorlik, millatlararo hamjihatlik kabi umuminsoniy qadriyatlar asosida jamiyat farovonligi bo‘yicha ulkan marralarni belgilasa-da, biroq fuqarolarda ana shu etuklikka korruptsion holatlar, jinoiy yo‘llar bilan erishishga intilish kuchli bo‘lsa, bunday vaziyatda ijtimoiy mo‘ljalga erishish amri mahol bo‘ladi.
Darhaqiqat, ijtimoiy mo‘ljal davlat, jamiyat va shaxs maqsad-muddaolari, strategik rejalari uyg‘unligi tufayligina mavjud bo‘ladi. Shu ma’noda, ijtimoiy mo‘ljalni u yoki bu millatning o‘z iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy-mafkuraviy imkoniyatlarini xolis baholagan holda erishilishi lozim bo‘lgan etuklik darajasi va uning alohida olingan shaxs tomonidan belgilangan maqsadlari bilan uyg‘unlashishi sifatida tushunish to‘g‘ri bo‘ladi.
Abduxalil MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor