Ijtimoiy soha rivoji oliy ta'lim muassasalari faoliyati bilan mushtarak

    Mamlakatimizda ijtimoiy davlat qurilishi strategik maqsad sifatida belgilangan. Aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, ta'lim, sog'liqni saqlash, madaniyat va sportni rivojlantirish bo'yicha barcha chora-tadbirlar ko'rilmoqda. Biroq bu sohalarda aholi bilan ishlash, zamonaviy standartlarni joriy etish, raqamlashtirish borasida kamchiliklar mavjud.

    SHu yilning 5 fevralida ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ayni shu muammolar tahlil qilinib, joriy yildagi vazifalar belgilab olindi.

    Jumladan, barcha maktabgacha ta'lim muassasalarini milliy qadriyatlarga mos o'quv-uslubiy materiallar bilan ta'minlash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali o'quvchilarda “jinoyatga qarshi immunitet”ni shakllantirish, muntazam dars qoldiruvchi, xulq-atvorida kamchiligi bor o'quvchilarga alohida e'tiborni kuchaytirish, bu borada ota-onalar, mahalla raislarining mas'uliyatini oshirishga ustuvor ahamiyat beriladi.

    Surxondaryo viloyatidagi ta'lim sifati past bir necha umumta'lim maktabi Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutiga biriktirilgan. Ularda o'qitish sifati va pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish uchun institutning ilmiy darajali professor-o'qituvchilaridan iborat mobil` metodik guruhlar shakllantirildi. Amaliy yordam berish maqsadida belgilangan tartibda ish rejasi tuzilib, maktablarda reyting ko'rsatkichi mezonlarini yuqori pog'onaga ko'tarish borasida qator amaliy ishlar qilinmoqda.

    SHuningdek, yig'ilishda kasbiy va oliy ta'limning ayrim yo'nalishlari zamonaviy mehnat bozori talablariga va texnologik taraqqiyot tendentsiyalariga mos kelmasligi ta'kidlandi. Ish beruvchilarda kadrlarga katta ehtiyoj bor, talabalarda ishlash uchun ishtiyoq bor, lekin ularni bog'laydigan tizim yo'q. Mana shu yo'nalishdagi ishlar izchilligini ta'minlash uchun shahar va tumanlardagi kasb-hunar maktablari hamda texnikumlarda institut bilan hamkorlikda darslar o'tish yo'lga qo'yildi.

    Professional ta'lim muassasalarini metodik va ilmiy jihatdan qo'llab-quvvatlash uchun Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti Termiz shahridagi kasb-hunar maktabi, SHo'rchi tumanidagi 2-kasb-hunar maktabi, Qumqo'rg'on tumanidagi 1-kasb-hunar maktabi, Bandixon suv xo'jaligi va melioratsiya kolleji, Denov tumanidagi Hazorbog' agrotexnologiyalar texnikumi, Qiziriq agrotexnologiyalar texnikumi, Qumqo'rg'on agrotexnologiyalar texnikumini otaliqqa olgan. Ularga ilmiy darajali, malakali 30 pedagog hamda 5 doktorant biriktirilgan. SHu tariqa mazkur professional ta'lim muassasalariga metodik va ilmiy jihatdan yordam ko'rsatish bo'yicha chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

    Prezidentimizning “Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoniga muvofiq, texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan yigit-qizlardan 44 nafari institutga suhbat asosida 2-kursdan talabalikka qabul qilindi. Bu ham yoshlarning hayotda o'z o'rnini topish, oliy ma'lumotli bo'lishi yo'lidagi imkoniyatdir.

    Bundan tashqari, yig'ilishda madaniyat sohasida ilgari belgilangan vazifalar ijrosi tahlil qilinganda har bir tumanda kinozal, kutubxona va klublarga ega madaniyat saroyi barpo etish, hududlarda madaniy tadbirlar o'tkazish, yoshlarni san'atga keng jalb etish zarurligi qayd etildi. Mahallalarni ommaviy sport turlaridan biriga ixtisoslashtirish, viloyat va respublika musobaqalarini tashkil etish bo'yicha vazifalar belgilab berildi.

    Bu yo'nalishda ham Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutida “Besh muhim tashabbus”, “Talabalar ligasi”, “Zakovat” bellashuvlari hamda sportning o'nga yaqin turi bo'yicha “Rektor kubogi” musobaqalari o'tkazib kelinmoqda. O'zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkiloti tashkil etgan “Intellektual loyihalar” klubida talabalarni kitobxonlik, topqirlik va zukkolikka chorlovchi bir qancha loyihalar amalga oshirilmoqda. Hafta davomida “Zakovat”, “Breyn-ring” bellashuvlari, shaxmat-shashka bo'yicha ichki chempionatlar o'tkaziladi.

    SHuningdek, yoshlarni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda har haftada “Ochiq eshiklar kuni”, “Harbiy qismda bir kun” loyihalari muntazam tashkil etilmoqda. Bu sa'y-harakatlar mamlakat miqyosida boshlangan keng qamrovli ishlarning viloyat doirasida sifat va samara jihatidan yangi bosqichga chiqishiga hissa bo'lib qo'shilmoqda. Qolaversa, institut jamoasi zamonaviy va sifatli ta'lim berish, agrar sohadagi innovatsion loyihalar samaradorligini oshirish jarayonida faol qatnashish bilan birga yosh avlod kelajagiga daxldorlik tuyg'usi bilan mehnat qilmoqda.

    Abdug'affor JO'RAEV,

    iqtisodiyot fanlari doktori,

    professor