Yangi Oʻzbekistondagi eng katta islohotlardan biri, shubhasiz, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ishlar boʻldi. Dastlab “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” joriy etilib, aholining muayyan qatlamiga zarur koʻmak berildi. Bugunga kelib, bunday qoʻllab-quvvatlov yangi bosqichga olib chiqildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ushbu agentlikning eʼtiborga molik ishlaridan biri psixologik yordamning joriy etilishidir.

Inson ruhan tetik boʻlsa, har qanday toʻsiqni ishonch bilan yengib oʻtadi. Shu maʼnoda, psixologik koʻmakni ijtimoiy himoyaning tayanch ustuni, desak mubolagʻa boʻlmas. Xoʻsh, jamiyatimizda psixologik koʻmakka qanchalik ehtiyoj bor edi? Uni toʻgʻri va samarali tashkil etish borasida qanday ishlar olib borilmoqda? Shu kabi savollarga javob topish uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi masʼul xodimi, psixolog Bobur Abdullayevga yuzlandik.

— Ijtimoiy himoya tizimida psixologik koʻmak doim dolzarb boʻlgan. Keling, avvalo, xalqaro tajriba haqida toʻxtalsak. Masalan, Germaniya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda 1970-yillardan beri ijtimoiy himoya tizimida psixologlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Yaʼni ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining ongi, xulq-atvori, salbiy emotsiyalarini ijobiy tomonga oʻzgartirish boʻyicha juda katta ishlar qilingan. Bu jarayon oʻzini oqlagan. Adashmasam, 2024-yilda Germaniyada 23 million odamga ijtimoiy xizmat koʻrsatilgan. Eʼtiborlisi, ularning deyarli hammasiga parallel ravishda psixologik koʻmak berilgan. Bu nafaqat bizning yurtda, hatto oʻsha rivojlangan mamlakatlarda ham ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar psixologik yordamga ehtiyoj sezishini koʻrsatadi. Qanday zarurat bor edi, degan savolingizga mana shu faktorning oʻzi javob boʻladi.

Endi psixologik yordam qanday foyda beradi, degan savol javobiga toʻxtalsak. Xizmatning bu turi insonga ichki imkoniyat­larini ochib beradi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlar ruhiyatida bosim boʻladi. Ular oʻzining salohiyati, ichki resurslarini bilmaydi yoki toʻgʻri boshqara olmaydi. Chunki qiyinchilik tufayli oʻzini tahlil qilib koʻrmagan boʻladi. Psixologik yordamning asosiy vazifasi insonga oʻz imkoniyatlarini tanitishdir.

Bugun Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida faoliyat yuritayotgan 300 dan ziyod psixolog oʻz oldiga aholining kuchli jihatini koʻrsatish, hayotga, ertangi kunga qiziqishini uygʻotish, qaror qabul qilishdagi koʻnikmasini shakllantirish, oilaviy munosabatlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻ­yib, farzand tarbiyasidagi kamchiliklarini bartaraf etishni maqsad qilib qoʻygan. Agar oilalarda mana shu muammolar boʻlmasa, deyarli barcha ijtimoiy masala yechim topadi. Bundan tashqari, agentlik psixologlari imkoniyati cheklangan shaxs­larning potensiali va kuchli jihatini aniqlab, ijtimoiylashuvi, kasb egallashi, daromad topishi, ertangi kunga ishonchini mustahkamlash yoʻlida xizmat qilyapti.

“Kambagʻallikdan farovonlik sari” das­turi ijrosini taʼminlash uchun xalqaro tajribani oʻrgandik. Oʻsha tajribani milliy muhitdan kelib chiqqan holda hayotga tatbiq etyapmiz. Avvalo, kambagʻallarning xulq-atvori bilan shugʻullanish, kuchli jihatini aniqlab, oʻzining resursi bilan jamiyatga moslashuvchanligini taʼminlash borasida ishlayapmiz. Ijtimoiy himoya milliy agentligi dastur ijrosi boʻyicha “Farovon oila” trening dasturini yoʻlga qoʻydi. Uning dastlabki bosqichlaridayoq yaxshi koʻrsatkichlarga erishdik.

Masalan, ilk saʼy-harakatni oʻtgan yil oxirida Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida boshlagan edik. Ushbu jarayonda asosiy eʼtiborni insonlarning his-tuygʻularini boshqarish, oilaviy munosabatlarni yaxshilash, jamiyatdagi muloqotni toʻgʻri yoʻlga qoʻyishga qaratdik. Shunda inson tezroq ijtimoiylashadi. Agar odamda salbiy emotsiyalar kuchli boʻlsa, ijtimoiy izolyatsiyaga tushib qolsa, hayotdagi maqsadlarini ham unutadi. Bu psixologiyada stigmatsiya deyiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi orasida bunday holat tabiiy ravishda koʻp kuzatiladi. Shu bois, ularning individual xususiyatlaridan kelib chiqib ish tutyapmiz.

Keling, aniq natijalarni bilish uchun hayotiy misollarga toʻxtalsak. Masalan, oʻzimni hayron qoldirgan holat Toshkent viloyatida sodir boʻldi. Bir fuqaro (ismini sir saqlasak) shu vaqtgacha uy olish borasida davlat idoralariga juda koʻp murojaat qilgan. Boshqacha aytganda, boqimandalik kayfiyatiga tushib qolgan.

Fuqaro bir xonali uyda yashaydi. Ijtimoiy holati ham shunga yarasha. Uning psixologiyasida katta uyga ega boʻlsam, muammolarim yengillashadi, degan qarash oʻrnashib qolgan. Shu bois, hokimlik tekin uy bilan taʼminlasin, deydi. U bilan suhbatlashib, oilasi bilan yaqindan tanishdik. Oilada turmushdan ajrab kelgan qiz, oʻgʻil va nevaralar bor. Yaʼni oilasida mehnatga layoqatli insonlar yetarli. Oʻzining imkoniyati cheklangan, nogironligi sabab nafaqada. Lekin oʻzi ham mehnatga, tikuvchilik qilib pul topishga layoqatli. Ushbu fuqaro va oilasi bilan ishlash jarayonida ularning hayotiy qadriyatlarini, iqtisodiy koʻnikma va ­bilimlarini shakllantirishga eʼtibor qaratdik. Kuchli jihatlarini koʻrsatib berishga urindik.

Yana bir jihat shuki, oilada nizo bor ekan. Masalan, ona-bola munosabati moʻtadil emas. Bu bevosita psixologik ­muammo. Yaʼni muloqot koʻnikmasi yoʻqligi uchun oilada tarqoqlik vujudga kelgan. Nogironligi bor ona, turmushdan ajrashgan qiz va uyga egalik qiladigan oʻgʻilning kichkina boshpanada joylashishi... holatni tasavvur qilyapsizmi?!

Xullas, ular bilan bir oy shugʻullandik. Natijada fuqaro farzand tarbiyasidagi xatolarini angladi. Ularning barchasi oʻzaro muloqotdagi kamchiliklarini tushundi. Butun oila maqsadga erishishida ularning har biri qanday vazifaga ega ekani, kim nima qilishi kerakligini anglab yetdi. Natijada oila daromadini oshirib, subsidiya asosida uy olishi mumkinligini tushundi. Shu tariqa bitta oilada hamjihatlik paydo boʻldi. Bu eng muhim faktor. Oila aʼzolarining har biri kam boʻlsa ham daromad topadi. Umumiy maqsadi — uy olish. Ammo oʻsha hamjihatlik yoʻqligi sabab ayol tinimsiz davlat idoralaridan uy soʻrab kelgan. Psixologik yordamdan soʻng oʻgʻil ham, turmushdan ajrab kelgan qizi ham, hatto nogironligi boʻlgan ona ham ishlab, pul yigʻib uy oladigan boʻldi. Ish samarasini bilish uchun ushbu fuqaroning fikri bilan qiziqdik. «Shunchalik holatga tushib qolgan ekanmanki, oʻzimning kuchli jihatlarimni bilmagan, farzandim bilan munosabatni ham toʻgʻri yoʻlga qoʻya olmagan ekanman. Vaholanki, unga mehr berib, mehr olishim kerak ekan. Oilamizda tinchlik hukm sura boshladi. Bu bevosita sogʻligʻimga, nabiralarim tarbiyasiga ijobiy taʼsir qilyapti. Oldimga maqsad qoʻydim: farzandlarimga taʼlim berib, maktabda yaxshi oʻqishiga harakat qilaman. Dars­larini kuzatib boraman. Umid qilamanki, ular oilamizga katta muvaffaqiyatlar olib keladi», dedi. Bu — bitta oila bilan bir oy shugʻullanganimiz orqali erishilgan natija. Shunchaki gaplar emas, aniq ilmiy asosda olib borilib, oilaning har bir ­aʼzosi bilan alohida shugʻullangach, erishilgan natija. Endi tasavvur qiling: jamiyatda bunday oilalar qancha? Mana shuning oʻziyoq bugun ijtimoiy himoya tizimida psixologik yordam qanchalik muhimligini koʻrsatadi.

Shu oʻrinda aniq raqamlarga murojaat qilsak. Masalan, oʻtgan yilda psixologlarimiz ijtimoiy himoyaga muhtoj 36 ming 343 kishiga xizmat koʻrsatgan. Bular orasida voya­ga yetmaganlar ham bor. Yana bir jihat: xizmatdan foydalanganlarning koʻpchiligini ayollar tashkil etadi. Yaʼni 29 ming 946 ayol va 6397 erkak psixologik yordam olgan.

Bu raqamlar joriy yilda oldimizga juda katta vazifalar qoʻyadi. Savol tugʻiladi: nega erkaklar ayollarga nisbatan kam murojaat qilgan? Bunga erkaklarning yordamga muhtoj emasligi sababmi yoki bosh­qa omillar bormi? Yoki ayollarni qiynayotgan, ulargagina xos muammolar nimadan iborat? Bunday savollarga taxminiy javoblarimiz bor, albatta. Ammo real tajriba yana yangi qirralarni ochishi, biz bilmaydigan jihatlar boʻlishi mumkin. Shu bois, ushbu xizmatlarni mamlakatning barcha hududida amalga oshirib, fuqarolarning ruhiy holati, psixologik yordamga ehtiyojini har tomonlama tahlil qilib bormoqdamiz.

— Psixologik yordamga muhtoj odamlar qanday aniqlanadi?

— Avvalo, fuqarolar bizga ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz yoki bevosita oʻzi yashayotgan hududdagi ijtimoiy xizmat xodimi orqali murojaat qilishi mumkin. Bunda shaxsning murojaati sir saqlanishi kafolatlangan.

— Lekin hamma ham murojaat qilavermaydi. Bizda dardini ichiga yutish, oʻtib ketadi deb yurish odati bor...

— Aynan shu sabab har bir mahalladagi ijtimoiy xodim va psixolog chambarchas bogʻlangan. Bitta tizimda yaxlit ishlash yoʻlga qoʻyilgan. Yaʼni ijtimoiy xodim mahallalarda yurganda aholini jiddiy oʻrganadi, kuzatadi. Odamlar orasida psixologik yordamga muhtojlarni aniqlaydi. Ijtimoiy xodimlar birlamchi psixologik koʻnikmaga ega boʻlgani uchun buni muloqot jarayonida aniqlashi mumkin. Soʻng ular professional psixologlarni toʻgʻridan toʻgʻri oʻsha xonadonga yoʻnaltiradi. Yaʼni fuqaro psixolog qabuliga emas, mutaxassis yordamga muhtoj odamning oldiga boradi.

Psixologik koʻmak muayyan muddat talab qiladi. Shu sabab, mutaxassis shunchaki borib, vaziyatni koʻrib qaytib kelmaydi. Holatiga qarab, oʻsha oila, shaxs bilan bir-ikki oy shugʻullanadi. Keyin natijaga toʻla ishonch hosil qilish uchun shaxsni olti oygacha kuzatadi. Oʻrni kelganda xalqimizga xos bir jihatni aytib oʻtish kerak: biz psixologik yordamni bir oz notoʻgʻri tushunamiz. Shuning uchun uni chetlab oʻtishga harakat qilamiz. Shu bois, ijtimoiy xodimlar mazkur kontingentni aniqlab berishi juda muhim. Ha, ishimizda ijtimoiy xodim aniqlovchi, ­yoʻnaltiruvchi, monitoring qiluvchi vazifasini oʻtaydi.

Yana bir gap: ijtimoiy muammoga yoʻliqqan oilaga nafaqat tibbiy, psixologik, balki huquqiy yordam ham bir vaqtning oʻzida koʻrsatiladi. Masalan, shaxsda oʻziga ishonch uygʻotish, oilaviy munosabatlarni yaxshilashida psixologlar yordam bersa, kelishmovchilikning huquqiy oqibatlari yoki hokimlikdan kutilayotgan yordam qanchalik asosli ekanini huquqshunoslar tushuntirib beradi. Yaʼni bitta oilaning ijtimoiyligini taʼminlash uchun yaxlit tizim ishlaydi. Maqsad shu oilani murakkab vaziyatdan olib chiqishga qaratilgan. Yangi Oʻzbekistonning qiyofasi qayerda koʻrinadi, desangiz, shularni aytib bergim keladi. Bu tom maʼnoda inson qadriga, uni ulugʻlashga qaratilgan saʼy-harakatlardir.

— Bu yerda asosiy vazifa baribir ijtimoiy xodim zimmasida qolyapti. Ijtimoiy xodim kontingenti koʻpayib ketaverishidan xavotir olmaydimi? Masalan, nuqul muammoli oilalar haqida xabar beraversam, mahallamda koʻrsatkich yomon boʻlsa, ishim salbiy koʻrinadi deb holatni yashirish kuzatilmaydimi?

— Yoʻq, oldimizga raqamlar ortidan quvish emas, natijaga erishish vazifasi qoʻ­yilgan. Shu sabab, ijtimoiy xodim qancha koʻp muammoni aniqlasa, shuncha yaxshi ishlayapti deb bilamiz. Shuning uchun xizmat turlari koʻpaytirilib, joylarda xodimlarga ehtiyojni qoplash borasida ham agentligimiz tinimsiz izlanish olib bormoqda.

— Demak, qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi.

— Ha. Hozirgacha nafaqa olib kelgan, ammo nogironligi boʻlmagan koʻplab shaxs­larni aniqladik. Ayni paytda ijtimoiy koʻmak olmagan, lekin yordamga muhtojlar ham topildi. Bularning barchasi ijtimoiy xodimlarning mahallama-mahalla yurgani sabab aniqlandi. Masalalar hal etildi. Maqsadimiz — shunday insonlarni topib, tezroq jamiyatga qoʻshish, ijtimoiylashuvini taʼminlash, sportga, ishga jalb etish.

Ijtimoiy xodim nafaqat ish bajaruvchi, balki insonlar ruhiyati, hayotini, demak, jamiyatni oʻzgartirishga katta hissa qoʻshadigan shaxs. Bu har bir xodimga juda katta masʼuliyat yuklaydi. Bu ­masʼuliyat statistik raqamlardan qochishga emas, ishlashga, qanday ogʻir qatlamda boʻlmasin, shaxsning ijti­moiylashuvini taʼminlashga qaratilgan.

— Hozir ishlayotgan psixolog kadrlarning malakasi qay darajada? Istaymizmi-yoʻqmi xorij tajribasini oʻrganamiz. Uni oʻzimizga moslashtirish qanday kechyapti?

— Toʻgʻri savol berdingiz. Biz xalqaro tajribani oʻrganamiz. Chunki boshqalar bu jarayondan oʻtgan. Ayni paytda ushbu tajribani oʻzlashtirishimiz, milliy muhitga moslashimiz zarur. Bu borada oʻrganishlar olib boryapmiz. Ilmiy ishlar qilinyapti. Oʻylashimcha, qisqa muddatda juda katta ilmiy asos yaratib olamiz. Chunki agentlik tizimida ishlash istagidagi psixologlar soni kunma-kun oshib bormoqda. Bir gal Toshkent shahrining Bektemir tumanida bitta oʻringa 75 nafargacha nomzod ariza topshirdi. Bu — kuchli raqobat, shunga yarasha malakali kadrlarni saralab olish imkoni, degani.

Nomzodlar bilan suhbat chogʻida, avvalo, bu tizimga qiziqish yuqori ekani maʼlum boʻldi. Ulardagi qiziqish faqat ish topish, yaxshiroq maosh emas, balki rivoj­lanish, oʻz kasbining ustasi boʻlish istagi bilan bogʻliqligi kishini quvontiradi. Chunki psixolog koʻproq odamlar bilan ishlashi, turfa jarayonlarni koʻrishi, aholining har xil qatlamini oʻrganishi kerak. Bizning tizim aynan shu imkoniyatni bergani uchun psixologlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida ishlashni istaydi. Ular bu yerda insonlarga yaxshilik yoʻlida xizmat qilib, professional koʻnikmasini oshiradi. Shunga tayanib aytdimki, yaqin kelajakda aholiga psixologik yordam berish borasida juda katta maktabga ega boʻlamiz.

Ijtimoiy xizmatlar milliy agentligi tizimidagi psixolog xodimlar doim malaka oshirish kurslarida oʻqib, bilim va koʻnikmasini mustahkamlab boradi. Masalan, oʻtgan yil oxirida xalqaro ekspertlarni chaqirib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami bilan qanday ishlash, ularga qay yoʻsin konsultatsiya berish, ijtimoiy xodim, shu tizimdagi psixolog qanday kasbiy va shaxsiy kompetensiyalarga ega boʻlishi kerakligi borasida treninglar oʻtildi.

Bundan tashqari, psixologlarning bilim va koʻnikmasi muntazam monitoring qilinib, har chorakda psixologlar koʻrsatayotgan xizmatlar baholab boriladi. Shu orqali hududlar boʻyicha qaysi toifadagi ishlar koʻproq kuzatilayotgan boʻlsa, mutaxassislarni oʻsha tendensiya boʻyicha koʻproq ishlashga yoʻnaltiramiz. Buning uchun maxsus malaka oshirish institutimizda modullar ishlab chiqilgan. Barcha psixolog onlayn kabineti orqali kirib, undan foydalana oladi. Qisqasi, ham uchrashuvlar, ham keys menej­ment orqali mutaxassislarimizning malakasini muntazam oshirib boryapmiz. Shu orqali oʻzimizning kuchsiz jihatlarimizni aniqlab, bartaraf etish choralari koʻrib borilmoqda. Natijada psixologlarimizda professional oʻsish kuzatilyapti.

— Jamiyatimizda asosan qaysi toifada psixologik yordamga ehtiyoj koʻproq?

— Statistikamizga koʻra, asosiy ishimiz imkoniyati cheklangan insonlar bilan bogʻliq. Ular bilan nafaqat individual, balki oilasi bilan ham ishlaymiz. Yaʼni nogironligi boʻlgan shaxs bilan toʻgʻri munosabat oʻrnatish, qanday qoʻllab-quvvatlash kerakligi haqida oila aʼzolariga tushuncha beramiz. Chunki tajribamizda nogiron farzandiga “Bu nogiron, faqat ertalab ovqat yesa, kechki payt uxlasa boʻldi”, deb qaraganlarga ham duch keldik. Nogironligi boʻlgan shaxsga qarash ham muayyan koʻnikma, bilim talab qiladi. Shuning uchun zarur holatda oilalardagi psixologik muhitni yaxshilashga harakat qilamiz, munosabatlarni oʻrgatamiz. Shuningdek, boshqa yoʻnalishlarimiz ham bor. Vasiylikning ijtimoiylashuvi, ogʻir kasallikka uchraganlarga xastalikni yengishda koʻmaklashish, oilaviy nizolar, tazyiq va zoʻravonlikka qarshi kurashish shular jumlasidan. Umuman, barcha toifadagi insonlarga ichki imkoniyatini ochib berib, ijtimoiylashuvida koʻmaklashish, jamiyatning faol aʼzosiga aylantirish eng dolzarb vazifamiz.

Bu borada ham yutuqlarimiz bor. Masalan, Quyi Chirchiq tumanida yashovchi ayol 2 farzandidan voz kechish arafasida turgan edi. U bilan ishlashimiz natijasida bolalar oilada saqlab qolindi. Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi yurtdoshlarimizga bepul psixologik yordam berib, oilalarni, jamiyatimizni “Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan gʻoya atrofida birlashtirish yoʻlida xizmat qilishga bel bogʻlagan.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Boboravshan GʻOZIDDINOV suhbatlashdi.