Besh asrkim, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir sher.
Temur tigʻi yetmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.
Alisher Navoiy turkiy soʻz qudratini choʻqqiga koʻtardi, eʼtiborsizlikka yuz tutgan ona tilimizning qaddini tikladi va turkiy til shuhratini dunyoga yoydi. Natijada uning asarlari orqali dunyo madaniyatimiz bilan tanishdi, xalqimizning bebaho qadriyatlariga ehtiromi oshdi.
Ayni paytda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Yangi Oʻzbekiston milliy gʻoyasi, Uchinchi Renessans haqidagi orzu-umidlar va ularning roʻyobi yoʻlida olib borilayotgan mardonavor harakatlar Hazrat Navoiy armonlari bilan hamohang. Shu maʼnoda, mutafakkir bobomizning adabiy merosini xalqaro miqyosda targʻib etish dunyo xalqlarini davlatimiz va xalqimizning ezgu intilishlaridan xabardor qilish, milliy madaniyatimizni xorijiy mamlakatlarda tanishtirish bilan uygʻun ekanini anglatadi.
Buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibayu latofati bilan namoyon etib, jahon adabiyoti sahnida munosib va mustahkam oʻrin egalladi.
Uning bizgacha yetib kelgan adabiy merosi, shubhasiz, ulkan xazinadir. Bobomizning bebaho ijodiy merosi nafaqat xalqimiz, balki dunyo xalqlari adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutadi.
Siymosi abadiyatga muhrlangan soʻz zargari
Ulugʻ shoir nomi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Milliy bogʻ va Davlat akademik katta teatri, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, adabiyot muzeyi, viloyat va uning markazi, metro stansiyasi, shuningdek, koʻplab koʻcha, mahalla, maktab, istirohat bogʻlariga berilgan. Mamlakatimizning deyarli har bir hududida shoirga muhtasham haykallar oʻrnatilgan.
Yurtimizdan tashqari Olmaota, Kiyev, Boku, Ashxobod va boshqa qator shaharlardagi koʻchalar uning nomi bilan ataladi. Shoir xotirasi, uning maʼnaviy merosining ahamiyati nafaqat mamlakatimizda, balki yaqin va uzoq xorijda ham eʼzozlanadi, eʼtirof etiladi. Alisher Navoiyning xorijda qad koʻtargan haykallari buning isbotidir. Ular salobat toʻkib, xalqimizning, millatimizning betakror dahosini koʻz-koʻz etib turibdi.
Navoiyning Oʻzbekistondan tashqarida paydo boʻlgan birinchi haykali 1968-yili Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida shoir tavalludining 525-yilligi munosabati bilan oʻrnatilgan edi.
2002-yil noyabrda Moskva markazida, Sadovoye halqa yoʻli yaqinidagi Serpuxovskiy maydonidagi bogʻda shoirning 4,5 metrli bronza haykali oʻrnatildi. U taniqli oʻzbek haykaltaroshi Ravshan Mirtojiyev tomonidan rus meʼmorlari Aleksandr Kuzmin va Igor Voskresenskiy bilan hamkorlikda yaratilgan. Yodgorlik Rossiyaning mumtoz Sharq adabiyoti merosiga madaniy hurmatini aks ettiradi. Uning atrofida har yili tantanali tadbirlar, Navoiy tavalludiga bagʻishlangan marosimlar oʻtkaziladi.
2004-yil. Tokiodagi Soka universiteti hududida oʻrnatilgan Alisher Navoiy haykali ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik belgisi sifatida qad rostladi. Yodgorlik Buyuk ipak yoʻli madaniyatlari oʻrtasidagi muloqotni ramziy maʼnoda ifodalaydi, tarixiy aloqalarni aks ettiradi.
Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida ham 2008-yil sentyabrda Navoiy haykali ochildi. U Ozodlik shohkoʻchasi va Najaf Narimonov koʻchasi kesishmasida 2000 kvadrat metrdan ortiq maydonni egallagan, yashil maydonlar va favvoralar bilan bezatilgan bogʻda joylashgan. Uni yaratish uchun taxminan 9 tonna bronza ishlatilgan. Har yili yodgorlik atrofida Navoiy bilan bogʻliq tadbirlar oʻtkaziladi.
2017-yil. Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 25 yilligi sharafiga Shanxay universiteti hududida oʻrnatilgan Alisher Navoiy haykali bronzadan yasalgan. Yodgorlikning balandligi 3,6 metr, poydevori 1,8 metr, ogʻirligi 3 tonna.
2018-yil Dushanbe shahridagi mutafakkir bobomiz nomi bilan atalgan bogʻda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykali Tojikiston va Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik belgisi boʻlib tarixga kirdi.
Minsk shahrining Sverdlov koʻchasida ham 2019-yilda Alisher Navoiy byusti ochilgan. Tantanali marosim 29-iyul kuni boʻlib oʻtdi. U Belarus va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotganini anglatadi.
2021-yil 16-dekabr. Prezidentimizning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi arafasida Seul shahri markazida ulugʻ oʻzbek shoiri haykali oʻrnatildi. Uning loyihasi ushbu mamlakatda sohada yetakchi sanalgan “Malong Company” kompaniyasi tomonidan zamonaviy haykaltaroshlik uslublaridan foydalangan holda bajarildi.
Koreya poytaxtining Seocho-dong 1498-4 koʻchasi shaharning gavjum chorrahasi hisoblanadi. Oʻrnatilgan yodgorlik majmuasi roʻparasida Koreya Respublikasi Oliy sudi va Oliy prokuraturasi binosi joylashgan. Bu yerda, shuningdek, zamonaviy koʻp qavatli turar joy maskanlari qad rostlab turibdi, savdo va tibbiyot markazlari, kutubxona faoliyat yuritadi.
— Oʻzbek va koreys xalqlarining dunyoqarashi va urf-odatlari oʻxshash, — deydi Respublika koreys milliy madaniy markazi raisi Viktor Pak. — Bugun Oʻzbekistonda yashayotgan 180 mingdan ziyod koreys diasporasi koʻp millatli jamiyatimizning ajralmas qismiga aylangan. Seulda buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiyga yodgorlik oʻrnatilishi xalqlarimizning oʻzaro doʻstlik aloqalari mustahkamlanib borayotganini koʻrsatadi.
2023-yil avgust. Qozogʻistonning Ostona shahri markazida Alisher Navoiyning balandligi toʻrt metrdan ortiq haykali oʻrnatildi.
2024-yil may. Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida Maxtumquli Firogʻiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi majmuasidan buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiy haykali ham munosib oʻrnini egalladi.
2024-yil sentyabr. Turkiyaning Anqara shahrida buyuk ajdodimizning ulugʻvor haykali ochilishi marosimi boʻldi.
2025-yilning 12-dekabr sanasida Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning yangilangan haykali va uning nomi bilan atalgan shohkoʻchaning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
— Alisher Navoiy nomidagi istirohat bogʻi 1968-yilda barpo etilgan va buyuk oʻzbek shoirining shahardagi birinchi haykali ham shu yili oʻrnatilgan edi, — deydi Oʻsh shahri meri Jenishbek Toktorboyev. — Vaqt oʻtib, mana, haykal yangilandi. 1991-yilda esa boqqa yondosh Qurmanjon Dadho koʻchasi bilan kesishgan koʻchaga ham uning nomi berilgan edi. Soʻnggi yillarda bu yerda katta taʼmirlash, kengaytirish va obodonlashtirish ishlari bajarilib, u shohkoʻchaga aylantirildi.
Turkiy dunyo adabiyoti gavhari
Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan buyuk allomalarimiz qatori Hazrat Alisher Navoiy merosini tadqiq qilish va ommalashtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda nashr qilinayotgan “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” kitob-albomlarining salmoqli qismida Alisher Navoiy merosiga eʼtibor qaratilgan.
Soʻnggi yillarda Navoiy devonlarining shoir hayotligi davrida koʻchirilgan bir necha qoʻlyozmasi aniqlandi. Ularning ayrimlari haqida bir muncha maʼlumotlar bor edi. Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy jamoasi 2024-yil noyabr oyida Buyuk Britaniyaga xizmat safari davomida Oksford universitetining Bodlean kutubxonasida Navoiyning hayotligida koʻchirilgan “Xamsa” asari mavjudligini aniqladi.
Umuman, Alisher Navoiyning qoʻlyozmalari Rossiya, Britaniya, Turkiya, Eron, AQSH va boshqa mamlakatlar kutubxona hamda muzeylarida eng qiymati baland durdona sifatida saqlanadi. Jahon navoiyshunosligi tadriji va takomiliga nazar soladigan boʻlsak, shoir ijodining Fransiya, Amerika, Germaniya, Finlyandiya, Niderlandiya, Yaponiya, Rossiya kabi bir qancha davlatlarda oʻrganilgani, asarlari dunyoning bir necha tillariga tarjima qilingani guvohi boʻlamiz.
— Bugun Navoiy merosini xorijiy tillarga tarjima qilib, uni dunyoga tanitish hamda xorijda uning ijodi boʻyicha olib borilayotgan tadqiqotlar bilan navoiyshunos olimlarni tanishtirish asosiy vazifalarimizdan biriga aylangan, — deydi mutafakkir qoʻlyozma merosini xorij qoʻlyozma fondlaridan izlash va ular nusxalarini nashr qilish yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan taniqli olim, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov. — Xorijda, xususan, Gʻarbda Navoiy ijodi boʻyicha muayyan tadqiqotlar ikki asrdan beri amalga oshirib kelinmoqda. Ayni paytda ularning muayyan qismini oʻzbek tiliga tarjima qilish va kitobxonlarga asl matnlar mazmunini yetkazish boʻyicha salmoqli ishlar bajarildi.
Nemis shoiri, dramaturgi, davlat arbobi Iogann Volfgang Gyote ikki yarim asr avval bunday degan edi: “Sharq adabiyotini Navoiysiz tasavvur qilib boʻlmaydi. U turkiy xalqlarning adabiy tilini yuksak darajaga koʻtargan buyuk shaxsdir”.
— Germaniyada Alisher Navoiy asarlari 88 nusxada, Finlyandiyada 27, Chexiyada 11, Shveysariyada 13, Estoniyada 8, Rossiyada 94 nusxada saqlanadi, — deydi filologiya fanlari doktori Gulnoza Xolliyeva. — Bu mening koʻrganlarim, aslida, bu mamlakatlarning boshqa shaharlari kutubxonalarida yana boʻlishi mumkin. Ilmiy manbalarga nazar solsak, Yevropada birinchi boʻlib Navoiy asarlarini oʻrgangan olimlar fransuzlar ekanini koʻramiz. Dunyoga mashhur Parij milliy kutubxonasida Navoiy asarlarining 42 ta qoʻlyozma nusxasi saqlanadi. Fransuz olimi Edgar Bloshe 1932-1933-yillarda turkiy qoʻlyozmalarning ikki jilddan iborat tavsifini yaratgan, bu katalogda Navoiyning 35 ta qoʻlyozma asari nusxalariga tavsif berilgan.
Qomusiylik kasb etgan ijod
2020-yil 19-oktyabr kuni Oʻzbekiston Prezidenti imzolagan “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qaror bobomiz xotirasiga koʻrsatilgan yuksak ehtirom namunasi boʻlib, yurtimiz va mamlakatimiz tashqarisida bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Qaror ijrosi doirasida 2025-yilda Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining Oʻzbek mumtoz adabiyoti tarixi boʻlimi tomonidan toʻrt jildli “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” nashrga tayyorlandi. Yozuvchilar uyushmasida kitobning taqdimoti oʻtkazildi.
Ushbu toʻrt jildli nashr 1985 sahifa, ensiklopedik xarakterdagi 3 mingdan ortiq maqolani oʻz ichiga oladi. Unda Alisher Navoiyning tarjimayi holi, faoliyati, yaqinlari, doʻstlari, ustozlari, Navoiyning mumtoz adabiyotimiz tarixida tutgan beqiyos oʻrni xususida atroflicha maʼlumotlar qamrab olingan.
Ensiklopediyaga Navoiyning yurtimiz va jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qoʻlyozma va toshbosma kitoblari kiritilgan. Shu bilan birga, haykaltaroshlik, teatr, kinoda mutafakkir siymosi aks ettirilishiga oid maqolalar jo boʻlgan. Toʻplamda oʻzbekistonlik 78 nafar navoiyshunos, yosh tadqiqotchilar, turkiyalik va ozarbayjonlik olimlarning mavzuga oid maqolalarini ham oʻqish mumkin.
Taqdimotda soʻzga chiqqanlar bu singari kitoblar shoir ijodini mukammal oʻrganishda dasturulamal vazifani oʻtashi va davlat tilining nufuzi, mavqeini oshirishda oʻziga xos oʻrin tutishini taʼkidlashdi.
“Alisher Navoiy ensiklopediyasi” tegishli taqsimot asosida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, yurtimizdagi barcha kutubxonalarga bepul va begʻaraz asosda yetkazib berilishi taʼminlandi.
Shu oʻrinda XVIII-XIX asrlar yashab oʻtgan avstriyalik tarixchi, sharqshunos olim, shoir, tarjimon va tadqiqotchi Yozef fon Hammer-Purgshtalning quyidagi gaplarini keltirish oʻrinli boʻlardi: “Navoiy — turkiy adabiyotning eng yuksak choʻqqisi. Uning asarlari Sharq Renessansining yorqin namunasidir”.
* * *
2024-yil 1-noyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda el-yurtimiz, xususan, Navoiy ahlining ulugʻ ajdodimiz Alisher Navoiy xotirasiga hurmat-ehtiromi cheksiz ekani, buyuk bobomiz nomi bilan ataladigan viloyat maʼnaviy tarbiya, maʼrifiy yuksalish yoʻlida barchaga oʻrnak va namuna boʻlishi, taʼbir joiz boʻlsa, yurtimizning maʼnaviy brendiga aylanishi zarurligi taʼkidlangan edi.
Shu bilan birga, Prezidentimiz Navoiy viloyatida 2025-yilni “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilishni taklif etdi. Yil doirasida har bir mahalla, maktab, oliygohlar va mehnat jamoalarida “navoiyxonlik kechalari” oʻtkazilishi belgilandi.
Bundan tashqari, “Yashil makon” loyihasi doirasida viloyatning shahar va tumanlari, qishloqlarida Navoiy bobomizga atab, yangi bogʻlar, soʻlim xiyobonlar, yashil hududlar, quriladigan Yangi Oʻzbekiston bogʻida Alisher Navoiyga bagʻishlab memorial muzey tashkil etiladigan boʻldi.
* * *
Chindan ham Alisher Navoiy ijodining jahon miqyosida oʻrganilishi, tadqiq etilishi har jihatdan navoiyshunoslik ilmini boyitadi. Bu jarayondan boxabarligimiz esa Alisher Navoiy ijodiyoti qanday rakursda tadqiq qilinayotganini kengroq bilishga va mahalliy tadqiqotlar bilan dunyo miqyosida olib borilayotgan tadqiqotlarni qiyoslash imkoniyatini beradi. Eng muhimi, xalqaro maydonda navoiyshunosligimizning nazariy saviyasini koʻtarishga bevosita xizmat qiladi.
Gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiyning munavvar siymosi, qutlugʻ nomi, uning bezavol merosi zamon va makon sarhadlari osha insoniyatni haqiqat, adolat, ezgulik sari daʼvat etib boraveradi. Ulugʻ alloma asrlar davomida xalq bilan hamnafas, zamon bilan hamqadam yashayveradi. Bu umrboqiy meros nainki turkiy xalqlar, balki dunyo ahlini oʻziga ohanrabodek tortaveradi.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri