Xususan, Hindistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi 1-kotibi Aref Said, Oʻzbekistoning Hindistondagi birinchi elchisi, sharqshunos olim Surʼat Mirqosimov, professor Ulfat Muhibova hamda boshqalar soʻzga chiqib, Tagor asarlarining bugungi kundagi ahamiyati boʻyicha maʼlumotlar berishdi.

Tadbir davomida Rabindranat Tagor ijodiga oid hujjatli film namoyish etildi. Anjumanda buyuk bengal adibi sheʼrlaridan namunalar oʻqildi.

1861-1941-yillarda yashab ijod etgan shoir, Nobel mukofoti laureati Rabindranat Tagor Kalkutta va London universitetlarida oʻqigan. 1875-yildan Angliyada chiqadigan «Gyanankur» va «Bharati» jurnallarida dastlabki sheʼr, doston va maqolalari bosilgan.

Tagor 1884-1911-yillarda «Brahma Samaj» diniy-maʼrifiy jamiyatining kotibi vazifasida ishlagan. Hindiston Milliy Kongressining 2-kongressi ishlarida faol qatnashgan. Uning «Chitra» (1896), “Lahza” (1900) sheʼriy toʻplamlari, «Raja va Raniy» (1889), “Qurbonlik” (1890), «Chitrangoda» (1892), “Malini” (1895) falsafiy dramalari va “Hisoblar” (1891), “Jazo” (1893) kabi hikoyalarida hind xalqining ingliz mustamlakachilariga qarshi kurashi tasvirlangan. “Koʻzga tushgan choʻp” (1902), “Halokat” (1905) romanlari va “Buzilgan uya” (1903) qissasi bilan bengal adabiyotida maishiy-psixologik roman janrini boshlab berdi.

Uning “Xalq qalbi” nomli qoʻshigʻi Hindiston Respublikasining, vatanparvarlik haqidagi “Mening oltin Bengaliyam” qoʻshigʻi esa Bangladesh Xalq Respublikasining milliy gimniga aylangan. «Gitanjali» (“Baxshida qoʻshiqlar”, 1910) sheʼriy toʻplami uchun unga nufuzli mukofot berilgan.

Tagor 30 yillarda badiiy asarlar bilan bir qatorda koʻplab darsliklar, falsafa va din boʻyicha ilmiy risolalar yozdi, milliy ozodlik harakati masalalarini adabiyotda yanada kengroq yoritishga katta eʼtibor berdi, hind sheʼriyatida yangi siyosiy janrni yaratdi (“Afrika”, “Budda ixlosmandlari”, 1937). Tagor ijodi, hozirgi bengal adabiy tilining shakllanishida, sheʼriyatning yangi shakl va mazmun bilan boyishida hal qiluvchi rol oʻynagan. U oʻz sheʼrlariga musiqa bastalab, ommaviy qoʻshiqlar yaratgan. Asarlari jahonning koʻp tillariga tarjima qilingan.

Tagorning “Halokat” romani asosida tayyorlangan “Gang daryosining qizi” dramasi va “Pochta” pyesasi Oʻzbek milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan. «Oʻzbekfilm» kinostudiyasida “Gang daryosining qizi” filmi yaratilgan. Shoirning 8 jildli asarlar toʻplami oʻzbek tilida nashr etilgan.

M. Moʻminova