Ikki viloyatda foydali qazilmalarni oʻzboshimchalik bilan qazib olish holatlari fosh etildi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boʻlimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida foydali qazilmalarni oʻzboshimchalik bilan qazib olgan fuqarolar ushlandi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning xabar berishicha, Muborak tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tumandagi “J.” fermer xoʻjaligi rahbari F.B. va boshqalar xoʻjalikka qarashli yer maydonida noruda foydali qazilma hisoblangan tabiiy qumni oʻzboshimchalik bilan qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 676,1 mln soʻm zarar yetkazganliklari,

    shuningdek fuqaro S.Yu.ga ushbu yer maydonidan qum qazib olishga ruxsatnoma olib berishi evaziga 100 mln soʻmini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganliklari aniqlangan.

    Shuningdek, Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “R.U.” MCHJ va “M.R.ʼʼ fermer xoʻjaligi masʼul shaxslari Payariq tumani, “Tomoyrot” MFY hududidagi yer maydonlaridan qum-shagʻal aralashmasini oʻzboshimchalik bilan qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 382,8 mln soʻm zarar yetkazganliklari aniqlangan.

    Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilish), 229-moddasi (oʻzboshimchalik) va 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.