Ikki viloyatda noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrining Chilonzor tumani va Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanish holatlari fosh boʻldi.

    Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tumani boʻlimi, DXX va Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.N. “Kia bongo” rusumli yuk avtomashinasida xorijda ishlab chiqarilgan ikki turdagi jami 3 900 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini Toshkent shaharida tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslarga oʻtkazish maqsadida olib kelganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Shuningdek, Departamentning Mingbuloq tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan A.U. xaridorga xorijda ishlab chiqarilgan 10 quti aksiz markasiz “ESSE Change” nomli tamaki mahsulotini 380 ming soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, tadbir davomida hech qanday hujjatsiz umumiy bahosi 49 mln soʻmlik 2 200 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.