Ikkinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali ishtirokchilariga

    Hukumat 21 Sentabr 2023 11484

    Hurmatli festival ishtirokchilari! Qadrli do‘stlar! Xonimlar va janoblar! Siz, azizlarni Xalqaro hunarmandchilik festivalining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etishdan g‘oyat mamnunman.

    Ushbu anjumanda jahonning 70 ta davlatidan 260 nafardan ziyod mohir hunarmand va ustalar, taniqli ilm, madaniyat va san’at namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etayotgani unga dunyo miqyosida qiziqish va e’tibor katta ekanidan dalolat beradi.

    Ma’lumki, har qaysi xalqning amaliy san’ati uning boy o‘tmishi va madaniyati, azaliy qadriyatlari, orzu-intilishlarini o‘zida yaqqol aks ettiradi.

    Qariyb uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan bizning jonajon Vatanimiz ham hunarmandchilik sohasidagi o‘lmas an’analari, mohir usta va hunarmandlari bilan shuhrat qozonib keladi.

    Ayniqsa, mana shu anjumanga mezbonlik qilayotgan go‘zal Farg‘ona viloyati, yurtimizning qadimiy shaharlaridan biri bo‘lmish Ho‘qandi latif o‘zining bu boradagi betakror merosi, tarixiy maktablari bilan alohida ajralib turadi.

    Biz bu o‘lkada kulolchilik, ipak va abrli matolar ishlab chiqarish, yog‘och o‘ymakorligi, ganchkorlik va naqqoshlik san’ati, pichoqchilik, do‘ppido‘zlik kabi hunar turlari keng rivojlanib, milliy brend darajasiga ko‘tarilgani bilan faxrlanamiz.

    Jahon hunarmandchilik kengashi qaroriga ko‘ra, Qo‘qon, Buxoro va Marg‘ilon kabi ko‘hna shaharlarimizga Hunarmandchilik shahri maqomi berilganini biz asrlar mobaynida avloddan-avlodga bezavol o‘tib kelayotgan boqiy an’ana va qadriyatlarimizning yuksak e’tirofi sifatida qabul qilamiz.

    Aziz do‘stlar!

    Keyingi yillarda yurtimizda xalq badiiy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish, bu borada tarixiy an’analarni izchil davom ettirayotgan mohir ustalarning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilmoqda.

    Bu haqda gapirganda, qisqa muddatda bir qator farmon va qarorlar qabul qilinib, ushbu soha vakillariga zarur imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilganini ta’kidlash lozim. Ana shunday sa’y-harakatlarimiz tufayli milliy hunarmandchilik san’ati jadal rivojlanmoqda. Buning tasdig‘ini so‘nggi yetti yilda “Hunarmand” uyushmasi a’zolari 7 barobardan ziyod ko‘payib, 10 ming nafardan salkam 80 ming nafarga yetgani, sohada band bo‘lganlar esa 280 ming nafarni tashkil etayotgani yaqqol ko‘rsatib turibdi.

    Soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, iqtidorli shogirdlar tarbiyalab, o‘z ijodiy maktablarini yaratgan qo‘li gul ustalarimizning sharafli mehnati davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan munosib e’tirof etilmoqda. Yuzlab usta va hunarmandlarimiz Vatanimizning yuksak mukofotlari – faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlanmoqda.

    Hunarmandchilik xalqimiz kundalik hayotidan tobora mustahkam o‘rin egallamoqda. Mamlakatimizda shu yo‘nalishda yuzdan ziyod festival va yarmarkalar, savdo ko‘rgazmalari va boshqa tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

    Yurtimizda ikkinchi bor o‘tkazilayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga uyg‘un holda Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik forumi bo‘lib o‘tayotgani ham bejiz emas. Nega deganda, Rishton nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyoda kulolchilik markazi sifatida ma’lumu mashhurdir.

    Albatta, mana shunday anjumanlar xalq amaliy san’atiga daxldor qadimiy merosimizni asrab-avaylash, uni dunyo miqyosida keng targ‘ib etish, yoshlarimizni nodir kasb-hunarlarga hurmat va mehr ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir.

    Shu ma’noda, bugun ochilayotgan ushbu festival san’at va do‘stlik, iste’dod va mahorat bayrami sifatida barcha ishtirokchilar va xalqimiz qalbida yorqin iz qoldiradi, deb ishonaman.

    Siz, hurmatli festival qatnashchilariga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda yutuq va omadlar, anjuman doirasidagi ilmiy-amaliy konferensiya ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

    Xush kelibsiz, qadimiy va betakror O‘zbekistonga, xush kelibsiz, go‘zal Qo‘qon shahriga!

    Shavkat Mirziyoyev,

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti