Mazkur maskan adabiyotga, yosh ijodkor qalbiga boʻlgan mehr, ishonch va istiqbol. Bu — Vatanimizda soʻzga berilayotgan yuksak eʼtiborning ramzi. “Yil sayin bir makon bu qadar koʻp yurakni uygʻotadimi, bir dargoh bu qadar yuksak ilhom markaziga aylanishi mumkinmi?”, desangiz, javobim tayin: ha, agar bu makon — Zomin boʻlsa!
Bugun “Zomin” adabiy seminariga 28 yil toʻldi. Bu yil ham 7-9-iyul kunlari, togʻlar bagʻrida yana sheʼr shabbodasi esadi, yana soʻzlar dard bilan, quvonch bilan, orzu bilan qogʻozga quyiladi. Mazkur safarga har yili boʻlganidek, orzulari koʻksida unib turgan yuzlab ijodkorlar yoʻl oladi.
Ushbu seminar 1997-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan edi. Oʻshandan buyon 3000 nafarga yaqin yosh ijodkor kashf etildi, gʻoliblarning birinchi kitoblari 10-20 minglab nusxada chop etildi. Bu esa, jahonda kamdan-kam uchraydigan adabiy eʼtirofdir. Yosh ijodkorlar orasida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, “Mard oʻgʻlon” hamda xalqaro miqyosdagi koʻplab adabiy tanlovlar gʻoliblari chiqmadimi deysiz?!
Kuni kecha mamlakatimizda Yoshlar kuni nishonlandi. Bu bayram ayni Zomin seminarining maʼnaviy samarasini, ijtimoiy qadriyatini yana bir bor yoritib berdi. Prezidentimiz tomonidan Zomin seminarida “pishgan” Islom Eshniyazov, Faxriyor Baxtiyorov, Sanjar Toshbekov, Qobiljon Shermatov kabi ijodkorlar “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Bu nafaqat ularning individual yutugʻi, balki adabiyot maktabi sifatida Zomin seminarining muvaffaqiyatidir. Ayni natijalar zamirida Prezidentimizning isteʼdodga boʻlgan qatʼiy ishonchi, eʼtibori, davlat siyosati darajasida yoʻlga qoʻyilgan ijodkorni qoʻllab-quvvatlash tizimi mujassam.
Zomin — sheʼrlar tugʻiladigan joy emas, balki sheʼrlar ulgʻayadigan, hayot bilan sinashadigan makon. Har bir seminar ishtirokchisi bu yerga orzu bilan keladi. Ular baʼzan shubha, baʼzan ishonchsizlik bilan yuragidagi soʻzlarni bagʻriga tugib kelishadi. Ammo bu yerda dildan gapirishni, tinglashni, oʻz ovozini eshitishni oʻrganishadi.
Men shuni chuqur ishonch bilan ayta olaman: Zomin — yoshlar uchun badiiy kamolot maktabi, ustoz va shogirdlik anʼanasining jonli ifodasidir. Bu dargohda tanqid ustuvor, ammo mehrli. Bu dargohda muvaffaqiyatga yetaklaydigan yoʻl tanlab beriladi, ammo bir-biridan ustunlik emas, barchaga imkoniyat bir.
Zomin — bu tarix. Ammo u faqat oʻtmishda emas, bugunimizda, ertamizda yashayapti. Har yili seminar qatnashchilari orasidan bir qanchasi ijodiy loyihalar, spektakllar, tarjimalar, publitsistik asarlari bilan eʼtirof topmoqda. Bu, albatta, Prezidentimizning fidoyilik bilan yoʻlga qoʻygan izchil siyosati natijasidir.
Biz bu yilgi seminar arafasida yana oʻsha maʼnaviy hayajonni his qilyapmiz. Kimdir ilk bor ustozdan baho eshitadi, kimdir qalamiga ishonadi, kimdir adabiyot yoʻlida mustahkam qadam tashlaydi. Bularning har biri — bir kelajak, bir umid.
Bugungi globallashuv davrida Zominning qadri yanada ortmoqda. Chunki bu yerda sheʼrlar kompyuter orqali emas, qalb bilan yoziladi. Har bir sheʼr, har bir gʻazal, har bir monolog — Vatanga boʻlgan muhabbat bilan jaranglaydi. Ishtirokchilar ona tilining goʻzalligini qaytadan kashf etadi, oʻzligini yanada chuqurroq anglaydi. Bu yerda istiqlol maʼnosi — yurak bilan his etiladi. Zomin — bu nafaqat adabiyot, bu vatanparvarlik maktabi, qalbni, ruhni, tilni poklaydigan saboqlarning maskani. Har bir seminar — yangi davr, yangi bosqich. Bu yil ham togʻ bagʻrida yuraklar uchrashadi. Soʻzlar dardini topadi. Adabiyotga sodiq qalblar birgalikda hayot va sanʼat, xalq va Vatan haqida gaplashadi. Va biz yana Zominga qarab yoʻl olamiz. U yerda bizni yana oʻsha musaffo tonglar, ilhomga toʻla yuraklar kutmoqda. Yana bir necha qalam sohibi oʻz ovozini topishga yaqin turibdi.
Zomin — yuragimizdagi muqaddas makon. Bu yurak toʻxtamaguncha, Zomin ilhomi ham toʻxtamaydi.
Farida AFROʻZ,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari