“Ilhom” mukofoti ijodkor yoshlarga imkon yaratadi

    “Ilhom” mukofoti uchun tanlovda 1-o'rinni qo'lga kiritgan yosh ijodkor “Spark” avtomobili, maxsus diplom va statuetkaga ega bo'ladi. 2-o'rin sohibiga o'ttiz million so'm pul mukofoti, maxsus diplom va statuetka, 3-o'rinni egallagan ijodkor talaba yoki o'qituvchiga o'n besh million so'm pul mukofoti, maxsus diplom va statuetka tantanali taqdim etiladi.

    Adabiyot va san'at shunchaki ruhiy ozuqa manbai, ta'sir etish vositasi emas, bu ikki egizak soha asrlar davomida xalqning hayoti, qadriyatlari negizidan shakllangan, tafakkur sarchashmalaridan oziqlangan, quvvat olgan millatning o'zligini namoyon etuvchi qudratdir. Biz o'g'limiz Alpomishdek, qizimiz Barchinoy yoki Kumushdek bo'lishini istaydigan xalqmiz. Farzandlarimiz hayotiga umrimizni tikamiz, orzularimizni dilbandlarimiz kamolotida ko'ramiz.

    Mamlakatimizda adabiyot va san'atga alohida hurmat bilan yondashilishi bejiz emas. Sohani rivojlantirish yo'lidagi islohotlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Bundan 3 yil avval ana shunday maqsadlarga xizmat qiluvchi yana bir yirik loyihaga qo'l urilgan edi. 2017-yil 18-aprel kuni davlatimiz rahbarining “Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy bog'i hududa Adiblar xiyobonini barpo etish to'g'risida” qarori qabul qilindi. Unga ko'ra, xiyobonning me'moriy-g'oyaviy loyihasi ishlab chiqildi. Majmuaviy tarzda olib borilgan bunyodkorlik ishlari natijasida poytaxtimiz markazidagi Adiblar xiyobonining yaxlit me'moriy ansambli yaratildi. Bu tarixiy voqelik adabiyotimizni yana bir pog'ona yuksakka ko'tarishi bilan ahamiyatlidir.

    2020-yil 20-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mazkur maskanning ochilish marosimida Adiblar xiyobonini adabiyot, ma'rifat va madaniyat maskaniga aylantirish zarur ekanini ta'kidladi. Har bir adibni muayyan oliy o'quv yurtiga biriktirib, bu erda ochiq darslar, ma'rifiy tadbirlar o'tkazish bo'yicha tavsiyalar berdi.

    Aytish mumkinki, xiyobon ma'naviy jihatdan keng qamrovli bo'lib, u katta maqsadlar yo'lida xizmat qiladi.

    Sir emaski, bugun biz murakkab, turli tahlikalarga boy davrda yashayapmiz. Ma'naviy tahdidlar yaltiroq holda yosh avlod qalbiga kirib borayotgan, o'y-xayolini band etib, vaqtini besamarlikka chog'layotgan davrda ular qalbiga yo'l topish mushkul. Odamlarning dunyoqarashini boyitish, ezgu maqsad va g'oyalarga ilhomlantirish uchun adabiyotdan keng foydalanish lozim. Bu borada esa yosh ijodkorlarni qo'llab-quvvatlash muhim o'rin tutadi.

    Yangi O'zbekiston — yoshlar uchun imkoniyatlar yurti. Prezidentimizning qo'llab-quvvatlashlari natijasida insonlarning ong va tafakkurini boyituvchi, ruhiyatiga ozuqa beruvchi yuksak saviyali tanlovlar tashkil etib kelinmoqda.

    Ayniqsa, shoir va yozuvchilar hayoti va ijodini o'rganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar o'tkazish, kino va sahna asarlari yaratish kabi jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishayotgan yoshlarni kashf etish va qo'llab-quvvatlash borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi.

    Jumladan, Oliy ta'lim muassasalarida shoir va yozuvchilar hayoti hamda ijodini chuqur o'rganishni samarali tashkil etish, yoshlarning adabiyotga qiziqishini yanada oshirish, ularni kitob o'qishga da'vat etish va shu asosda qalbida vatanparvarlik tuyg'ularini yuksaltirish maqsadida Vazirlar Mahkamasinining “Ilhom” mukofotini ta'sis etish to'g'risida”gi qarori yosh ijodkorlarga berilgan yana bir imkoniyatlardan biri bo'ldi.

    Mazkur qaror asosida manfaatdor vazirlik va idoralar taqdim etgan takliflarni umumlashtirgan holda, 2020-yil 6-noyabrda tanlovni tashkil etish va taqdirlash bo'yicha dastur ishlab chiqildi. Shuningdek, dastur ijrosini amalga oshirish hamda nazoratini olib borish maqsadida vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tarkibi shakllantirildi.

    Dasturga ko'ra, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda “O'zbekkino” milliy agentligi shoir va yozuvchilar hayoti hamda ijodini o'rganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar o'tkazish, kino va sahna asarlari yaratish kabi ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishayotgan yoshlarni kashf etish va ularni qo'llab-quvvatlash maqsadida oliy ta'lim muassasalaridagi shoir va yozuvchilar bilan ijodiy uchrashuvlar, badiiy va hujjatli fil`mlarning tizerlari, videoroliklari namoyishini tashkil etadi.

    O'zbekiston Badiiy akademiyasi “Ilhom” mukofoti statuetkasi eskizini besh nusxada ishlab chiqdi. eskizlar oliy ta'lim muassasalarining prorektorlari, shuningdek, Iqtidorli talabalar bilan ishlash bo'limi boshliqlari orasida ovozga qo'yildi. eng yuqori ovozga ega bo'lgan statuetka eskizi loyihasi tasdiqlash uchun “Ilhom” mukofoti tanloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha tashkiliy qo'mitaga kiritildi.

    Tanlov g'oliblarini taqdirlash marosimi tadbirlari doirasida “O'zbekkino” Milliy agentligi tomonidan adiblar xiyobonidagi shoir va yozuvchilar to'g'risida olingan badiiy va hujjatli fil`mlar disklari yarmarkasi o'tkaziladi.

    Madaniyat vazirligi “Ilhom” mukofotiga sazovor bo'lgan yosh ijodkorlar va ularning ijodini tengdoshlari orasida targ'ib qilish bo'yicha turkum ko'rsatuvlar, uchrashuvlar tayyorlaydi.

    Mazkur tanlovda respublikamizdagi barcha oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan yoshlar ishtirok etishi, ijodini, adabiyot borasidagi bilimini imtihondan o'tkazishi mumkin.

    Mukofot uchun tanlovning saralash bosqichi joriy yilning 16-17-mart kunlari nomzodlar tahsil olayotgan yoki faoliyat yuritayotgan oliy ta'lim muassasalarida tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan amalga oshirildi.

    Saralash bosqichida nomzodlar oliy ta'lim muassasasi miqyosida milliy adabiyotimizning durdona asarlari, adib va mutafakkirlarning boy ma'naviy merosi, shoir va yozuvchilarning hayoti va ijodini qamrab oluvchi test savollari orqali saralandi. Test natijalariga ko'ra, eng yuqori ball to'plagan uch nafar nomzod oliy ta'lim muassasasi rektorining taqdimnomasi asosida keyingi bosqichga tavsiya etildi.

    Saralash natijalariga ko'ra, 74 ta oliy ta'lim muassasi tomonidan jami 176 nafar nomzodning ijodiy ishlari tanlovning respublika bosqichiga tavsiya etildi. G'oliblar 2021 yilning may oyida Adiblar xiyobonida tashkil etiladigan “Katta adabiyot bayrami” haftaligi doirasida aniqlanib, taqdirlanadi.

    “Ilhom” mukofoti uchun tanlovda 1-o'rinni qo'lga kiritgan yosh ijodkor “Spark” avtomobili, maxsus diplom va statuetkaga ega bo'ladi. 2-o'rin sohibiga o'ttiz million so'm pul mukofoti, maxsus diplom va statuetka, 3-o'rinni egallagan ijodkor talaba yoki o'qituvchiga o'n besh million so'm pul mukofoti, maxsus diplom va statuetka tantanali taqdim etiladi.

    “Adabiyot yashasa, millat yashar!” degan edi Abdulhamid Cho'lpon. Zotan, millatning ruhi o'ziniki bo'lmas, millat ruhan ozod emas ekan, haqiqiy erkinlik haqida gapirib bo'lmaydi. Zero, o'z adabiyotini o'qimaydigan millat avlodi o'zga millat adabiyoti va g'oyalari bilan oziqlanishga mahkum.

    O'zbek adabiyoti esa ulkan ummon...

    Yusuf ABSOATOV,

    Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirining o'rinbosari