Ilm — navqiron avlod uchun kundalik zarurat

    Fikr 6 Avgust 2025 781

    Bilimli yoshlar millat kelajagi, mamlakat taqdirini hal etuvchi kuch. Bu kuchni kerakli, zarur va oʻz oʻrnida ishlatish ayni muddao.

    Koʻzlangan maqsadga navqiron avlod vakillarini qoʻllab-quvvatlash, orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish orqali erishiladi. Bugun mamlakatimizdagi ishlar shu jihati bilan alohida eʼtiborga molik. Oʻgʻil-qizlarimizga yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari sifatida qaralayotganining oʻziyoq yurtimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor va dolzarb yoʻnalishiga aylanganini anglatadi.

    Uzoqqa bormaymiz: bir oy muqaddam yurtimizda Yoshlar kuni koʻtarinki kayfiyatda, bayramona nishonlandi. Faol, gʻayratli, namunali, ilmli yigit-qizlardan bir guruhini davlatimiz munosib taqdirladi ham. Prezidentimiz shaxsan ular bilan uchrashib, samimiy muloqot qildi. Taklif va tashabbuslarini eshitib, qoʻllab-quvvatladi. Fikrlari bilan ularga dalda, kuch berdi. Shu bois, bu uchrashuvni tarixiy voqea sifatida talqin qilsak arziydi. Binobarin muloqot yuksak eʼtibor va samimiy munosabatning yorqin ifodasi oʻlaroq, yoshlar hayotida keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

    Uchrashuvda aytilgan fikrlar va koʻrilayotgan chora-tadbirlardan mamlakatimiz taraqqiyoti markazida yoshlarning oʻrni beqiyosligini koʻrish mumkin. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, iqtidorini yuzaga chiqarishda zarur shart-sharoitlar yaratish ertangi kun uchun qoʻyilgan mustahkam qadamdir.

    Bugungi Oʻzbekiston bu borada yoshlarga katta imkoniyat taqdim etayotir. Yoshlarga sifatli taʼlim-tarbiya berish, xorijiy tillarni oʻrgatish, kasb egallab, hayotda munosib oʻrin topishiga koʻmaklashish davlatimizning asosiy vazifasiga aylandi. Keyingi yillarda tashkil etilayotgan zamonaviy oliy oʻquv yurtlari, ularning ilgʻor jihozlanishi hamda sohaga xususiy sektorning faol jalb qilinishi yoshlarimizga ana shunday katta imkoniyat va qulaylik taqdim etmoqda. Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida ham yoshlar bilan ishlash yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. OTMda 5000 ga yaqin yigit-qiz taʼlim oladi. Tabiiyki, ular qatorida xorijdan kelib oʻqiyotganlar bor. Shuningdek, mahalliy pedagoglar bilan birga chet ellik professor-oʻqituvchilar ham taʼlim-tarbiya jarayonida faol ishtirok etmoqda. Talabalar Singapur, Buyuk Britaniyadagi oliy taʼlim dargohlarida amaliyot oʻtash, tajriba almashish imkoniyatiga ega.

    Joriy yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan taʼlim tizimida “Dolzarb 90 kun” loyihasi amaliyotga kiritildi. Bu jarayon hozir ham davom etmoqda.

    Aytish joizki, mazkur tashabbus mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtiborning yana bir namunasi boʻldi. Negaki, ayni shu loyiha doirasida yoshlarning yozgi taʼtil paytida foydali mashgʻulotlar bilan band boʻlishlari uchun qulay imkoniyat yaratildi. Davlatimiz rahbari gʻoyasi ularning boʻsh vaqtini foydali tomonga yoʻnaltirishda qoʻl keldi. Oʻquvchilar oʻz maktablarida turli tugaraklarda qatnashib bilimlarini yanada boyitish barobarida, sport bilan shugʻullanmoqda. Bu jarayonga mahalla yoshlari ham faol jalb etilyapti. Oliy oʻquv yurtlari talabalari esa ularga bilim berishda faol ishtirok etayotgani yozgi taʼtilning mazmunli va samarali kechishiga xizmat qilayotir. Jarayonda institutimiz jamoasi, talabalari ham munosib qatnamoqda, albatta.

    Taʼlim olish, biror kasb egasi boʻlish, xorijiy tillarni oʻrganish bugungi yoshlar uchun kundalik zaruratga aylanmoqda. Ilm va iqtisodiyot bilan bir qatorda yoshlarning maʼnaviy dunyosi, madaniy salohiyati hamda ijodiy qobiliyatiga ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. “Kelajak liderlari” dasturi doirasida Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida iqtidorli yoshlarni xorijiy tajribalarga jalb etish tizimi shakllantirildi.

    “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yigit-qiz oʻqitilgan. Oʻtgan yili 150 mingdan ziyod yosh til bilish darajasi boʻyicha xalqaro sertifikatlarni olgan. Bu koʻrsatkich 2023-yildagiga nisbatan 2 barobar koʻp. Joriy yilda 35 milliard dollarlik 8300 ta loyiha orqali 292 mingta ish oʻrni ochilmoqda. Yana 500 mingta ish oʻrni yaratadigan 83 milliard dollarlik loyihalar rejalashtirilgan. Natijada “yashil” iqtisodiyot, sanoat, energetika, geologiya, muhandislik va boshqa sohalarda minglab mutaxassislarga talab paydo boʻladi.

    Startaplarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizim yaratilib, ularni moliyalashtirishga 145 million dollar venchur sarmoya kiritildi. Endi bu mablagʻ 1 milliard dollarga yetkaziladi. Oliygohlar oʻrtasida startaplar boʻyicha har yili “Eng yaxshi kreativ gʻoya” tanlovi oʻtkazilib, gʻoliblarga oliygoh jamgʻarmasidan 300 million soʻmgacha grant beriladi.

    Yoshlarni ish bilan taʼminlash va tadbirkorlikka keng jalb etish xususida ham yirik loyihalar ustida ishlanmoqda. Ayniqsa, “Yoshlar biznesi” hamda “Kelajakka qadam” dasturlari orqali minglab yigit-qizlar mehnat bozorida oʻz oʻrnini topmoqda. Bu jarayonda banklar va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlik muhim oʻrin tutmoqda. Endi sanoat, servis, tadbirkorlik va qishloq xoʻjaligida band yoshlarning kasbiy rivojlanishi boʻyicha ham tizim yaratiladi. Har bir yoʻnalishi boʻyicha yoshlar oʻrtasida musobaqalar oʻtkaziladi. Bunda davlat korxonalari va xususiy sektor vakillari tengma-teng ishtirok etadi.

    Tarmoq rahbarlari har yili oʻz tizimidagi 100 nafar yoshni seleksiya qilib, xorijga malaka oshirishga yuboradi. Buning uchun har bir tarmoq 10 milliard soʻmdan ajratadi. Bunday yengillik, imkoniyat va sharoitlar roʻyxatini yana davom ettirish mumkin. Muhimi, ular muayyan maqsadga yoʻnaltirilgan. Har biri yoshlarni ilmga chorlaydi.

    Umuman olganda, 25-yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yigit-qiz xorijga oʻqishga ketgan boʻlsa, soʻnggi 7-yilda birgina “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali 2 ming 300 nafar vatandoshimiz shunday imkoniyatga ega boʻldi.

    Uchrashuvda davlatimiz rahbari yoshlarning imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ham ilgari surdi. Xususan, Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etilgani aytildi. Unga 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 oʻquvchi saralab olinib, 3 ta yoʻnalishda chuqurlashtirib oʻqitiladi.

    Milliy dastur asosida har yili eng salohiyatli 3000 oʻquvchi tanlanib, Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi nufuzli oliygohlarga tayyorlanadi. Shundan kamida 300 nafari ehtiyojmand oilalar farzandi boʻladi.

    Nufuzli xorijiy oliygohlarga kirayotgan barcha yoshlar ham 100 foizlik grant olish imkoniyatiga ega emas. Shu bois, endi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan ilgʻor OTMlarning 300 taligiga kirganlarning oʻqish va yashash xarajatini qoplash tizimi yangi tartibda yoʻlga qoʻyiladi.

    Zamon rivojlangani sari yangi yoʻnalish va kasblar paydo boʻlaveradi. Ularni tushunish uchun esa bilim va tajriba kerak. Bugungi yoshlar ham shunga intilmoqda. Ularning bu boradagi xohish-istaklarini roʻyobga chiqarish uchun esa davlat qulay shart-sharoit yaratib bermoqda. Yangi imkoniyatlar taqdim etilmoqda. Aytaylik, sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha bank-moliya, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi va energetika ustuvor yoʻnalish sifatida belgilanib, 100 ta loyiha amalga oshirilishi rejalangani, Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushirilishi shunday saʼy-harakatlar sirasiga kiradi.

    Bundan tashqari, “Raqamli avlod qizlari” tanlovida taʼlim, sunʼiy intellekt, “yashil” iqtisodiyot, iqlim oʻzgarishi kabi sohalarda 7000 oʻquvchi va talabaning 120 ta startap loyihasi tanlab olindi. Ushbu loyihalarga kamida 50 ming qiz qamrab olinadi.

    Bu yilgi Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda ilgari surilgan gʻoya va tashabbuslar yoshlar siyosati barcha sohada izchil va tizimli yuritilayotganini yana bir bor namoyon etdi. Ilm-fan, taʼlim, iqtisodiyot, madaniyat va davlat boshqaruviga doir barcha tashabbus yoshlar kelajagiga ishonch namunasidir. Oliy taʼlim tizimi esa shu yoʻlda mustahkam poydevor yaratish, yaʼni ilmga undash orqali hissa qoʻshadi.

    Navqiron avlod vakillariga berilayotgan imkoniyat va qulayliklarni tahlil qilsak, yoshlarga eʼtibor yangi Oʻzbekistondagi siyosatning ustuvor va eng ahamiyatli yoʻnalishiga aylangani namoyon boʻladi. Bunga hayotiy misollar, fakt va raqamlar juda koʻp. Bu masala doimiy eʼtiborda. Davlatimiz rahbari qayerga tashrif buyurmasin, qaysi soha vakillari bilan uchrashmasin, albatta, yoshlar bilan muloqot qilishga vaqt ajratadi. Ularning fikr va mulohazalarini tinglab, zarur topshiriq va tavsiyalar beradi. Jumladan, yil boshida, yaʼni 14-fevral kuni ham yoshlar bilan muloqot qildi. Videoselektor shaklida oʻtgan uchrashuvda yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokama etilgandi.

    Oʻzbekiston aholisining 60 foizi yoshlardan iborat. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yigit-qiz kirib kelmoqda. 2030-yilga borib, bu koʻrsatkich 1 millionga yetadi. Uchrashuvda ana shu jihatlardan kelib chiqib, yoshlarning bandligini taʼminlash, intilishlariga mos sharoit yaratish davlatimizning ustuvor vazifasiga aylangani yana bir bor qayd etilib, oʻgʻil-qizlarni munosib oʻqish va ish sharoiti bilan taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. Amaliy tashabbus va takliflar bildirilgandi.

    Bugun kreativ iqtisodiyot sohasida faoliyat yuritayotganlarning 98 foizi yoshlar. Oʻtgan yili bu boʻyicha qonun qabul qilinib, huquqiy asoslar mustahkamlangani yoshlarning bu yoʻnalishdagi faoliyatini tobora kengaytirmoqda. Hududlarda ham kreativ industriya parklari barpo etilayotgani va ularning rezidentlariga 2030-yil oxirigacha imtiyozli soliq rejimi qoʻllanishi belgilangani katta yordamdir.

    Prezidentimizning yoshlar bilan uchrashib, muloqot qilishi oʻgʻil-qizlarga katta kuch va dalda beradi. Mazkur uchrashuvlarning oʻzi davlat yoshlar bilan qanchalik yaqin munosabatda ekanini anglatadi. Ularning har bir gʻoyasi va tashabbusi eʼtibordan chetda qolmasligini bildiradi. Zotan, bugungi eʼtibor ertaga katta ehtirom va samara olib keladi. Oliy taʼlim esa yigit-qizlarimizga ana shunday ezgu maqsadlarga yetishishi uchun koʻmakchi boʻlib qolaveradi.

    Ilhom MAMATKULOV,

    Toshkent shahridagi Singapur menejmentni

    rivojlantirish instituti rektori

    Hamkorlik materiali