Goʻzal tabiati bilan barcha sayyohlarni oʻz bagʻriga chorlovchi mamlakat soʻnggi yillarda juda koʻp madaniy va akademik tadbirlarga mezbonlik qilmoqda.

Xususan, 19-21-iyul kunlari Shusha shahrida “Raqamli texnologiyalar va sunʻiy intellekt davrida axborot va ommaviy axborot vositalarining barqarorligini mustahkamlash” mavzusida 3-global media forumi boʻlib oʻtdi. Shuningdek, 10-16-avgust sanalarida ham Xonkendi shahridagi Qarabogʻ universitetida Turk akademiyasi tashabbusi bilan Turkiya fanlar akademiyasi (TÜBA) va Ozarbayjon Respublikasi Fan va taʻlim vazirligi hamkorligida turkiy davlatlarning VII Turkologiya yozgi maktabi tashkil etildi.

Men ham Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti doktoranti sifatida mazkur yozgi maktabiga qabul xati oldim. Ming bir hayajon bilan safar sumkamni hozirlab yangi tadqiqotlar eshigin ochgani yoʻlga chiqdim. Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportida bizni yozgi maktab tashkilotchilari qarshiladi. U yerda oʻzim bilan birga kelgan ishtirokchilar va bizga tahsil beruvchi ustozlar bilan tanishib oldim. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi bosh ilmiy xodimi, professor Gʻaybulloa Boboyorov va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Feruza Jumaniyozova bilan tanishdim.  Aeroportdan chiqib biz uchun ajratilgan avtobus tomon yurar ekanmiz Kaspiy dengizining havosi dimogʻimizga urildi. Men bilan birga yozgi maktabga yoʻl olgan Farida Sultonova, Sapar Nasiratdinov va Dilnavoz Abdulazizova oʻz tadqiqotlari haqida gapirib berishdi. Farida tarix, qoraqalpoq azamati Sapar etnografiya, Dilnavoz esa kutubxonachilik yoʻnalishida izlanishda ekan. Ular bilan shinam avtobusda sokin azerbayjon musiqasi ostida yoʻl-yoʻlakay suhbatlashib ketdik. Musaffo havo, yashil tabiat qoʻynida mahalliy aholining yashash tarzi, mamlakatning soʻlim goʻshalari, xususan, ozarbayjon kengliklarini tomosh qilib qilish maroqli kechdi. Azerbayjon xalqi oʻzbeklar kabi chorvachilik bilan shugʻullanishini orada uchragan echkilardan anglash mumkin. Xalqning uy qurish usuli ham biz oʻzbeklarnikiga oʻxshashini payqadim va turkiy xalqlar tarixi va madaniyati tarixan chambarchas boʻlganiga yana bir bor ishonch hosil qildim.

Mahalliy xalq, xususan, erkaklar choy ichishni xush koʻrishini, xalq oʻz bayrogʻini uylarining tashqi tomonlariga ilib qoʻyishini kuzatdik. Taxminan olti soatlardan soʻng Xankendi shahri postiga yetdik. Bu shaharga kirib kelar ekanmiz koʻchalarida urush nafasini his etish mumkin edi. Vayron boʻlgan uylar, urush manzarasi qotib qolgan tuproqlar biroz hayajon uygʻotdi. Postdan oʻtar chogʻimiz ham qattiq tekshiruvdan oʻtishga toʻgʻri keldi. Tarixchi olim professor Gʻaybullo Boboyorovning taʻkidlashicha, taxminan 30 yilga yaqin boʻlib oʻtgan Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasidagi urush 2020-yilda yakunlangan boʻlib, 2025-yilning 8-avgust sanasida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp ishtirokida harbiy harakatlarni toʻxtatish haqidagi tarixiy hujjatga imzo chekdi. Demak, biz xayrli bir kunda shu mamlakat hududiga kirib kelganimizga ishonch hosil qildik.

Taxminan yarim soat postda tekshiruvda qoldik. Askarlar biz va postdan oʻtmoqchi boʻlgan har bir yoʻlovchini birma-bir tekshirdi. Nihoyat avtobus haydovchisi eshiklarni mahkamlab kalitni buradi. Yana yarim soatlardan soʻng biz Qorabogʻ universitetining yotoqxonasiga joylashdik. Samalyotlari yaqin vaqtlar orasida qoʻngan va bir avtobusda kelgan qardosh qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, makedoniya, moʻgʻiliston va mahalliy azerbayjon xalqi bilan birga kechki ovqat uchun universitet tomon yoʻl oldik. Yotoqxonadan universitet tomon taxminan 10 daqiqalik yoʻl ekan. Yoʻl-yoʻlakay vayron boʻlgan binolar, kimsasiz qolgan uylar va koʻchalarda sochilib yotgan uy jihozlari eʻtiborimizni tortdi. Hatto otishma boʻlganidan guvohlik beruvchi devorlarni koʻrganda biroz hayajonga tushdik. Xovotir bilan bizga boshchilik qilayotgan professor Elchin Ibrohimovdan bu yerlar ayni vaqtda xavfsizmi deb soʻradik. Elchin muallim bu yerlar hozir xavfsiz ekani, ozar askarlari tomonidan qattiq qoʻriqlanotgani, tez kunlarda taʻmirlash boshlanib, mahalliy xalq koʻchirilishi haqida aytdi.

Qorabogʻdagi dastlabki oliy taʻlim muassasasi 1969-yili Ozarbayjon Pedagogika instituti filiali sifatida faoliyatini boshlagan boʻlib, u 1973-yildan 1988-yilgacha oliy taʻlim muassasasi sifatida faoliyat olib borgan. Keyinchalik mazkur oʻquv yurti urush davrida oʻz faoliyatini toʻxtatgan. Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-noyabr kunidagi Farmoni asosida esa Qorabogʻ Universiteti tashkil etilishi haqidagi qaror qabul qilinadi. Ozarbayjonga ilk kelishim boʻlgani sabab  hamma bir-biriga “xoʻjam” deb murojaat etishi eʻtiborimni tortdi. Bu tanish va notanish insonga nisbatan hurmat, samimiylik va ehtirom ramzi ekan. Garchi tilim biroz kelishmasada madaniy chambarchaslikni ifoda etish uchun bu soʻzni qoʻllashni boshladim. Bizni universitet rahbariyati juda samimiyat bilan kutib oldi. Hatto yotoqxonaga qaytganimizdan soʻng Elchin muallim “Biz siz bilan 24 soat aloqadamiz. Siz musofirsiz, muammolar boʻlsa bartaraf etishga tayyormiz, deb mezbonlikning goʻzal ifodasini koʻrsatdi.

Kechki payt yengilgina yomgʻir yogʻib oʻtdi. Turk ishtirokchilar ham tungi soatlarda yetib keldi. Erta tongda salqin havoda universitet tomon yoʻlga hozirlandik. Qardosh oʻlkalardan kelgan tadqiqotchilar oʻzlari bilan mamlakat bayroqlarini ham olib chiqdi. Xush kayfiyatda Elchin muallim boshchiligida universitet tomon yoʻlga tushdik. Bizni universitet majlislar zaliga taklif etishdi. Bizni Turk akademiyasi prezidenti Shahin Mustafoyev, Qarabogʻ universiteti rektori Shahin Bayramov va Turkiya fanlar akademiyasi prezidenti Muzaffer Sheker qarshiladi.

Turli mamlakat vakillari oʻrtasida bilim va tajriba almashinuviga koʻmaklashish, zamonaviy ilmiy yondashuvlar va amaliy tadqiqot usullarini oʻzlashtirish uchun sharoit yaratishni maqsad qilgan mazkur yozgi maktabda 35 yoshgacha boʻlgan jami 30 nafar doktorant ishtirok etdi. Tadbirda taʻkidlanganidek, tadqiqotchilar Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkiya, Shimoliy Kipr Turkiya Respublikasi, Eron, Mongoliya va Shimoliy Makedoniyadan kelgan boʻlib, Ozarbayjon, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekistondan boʻlgan olimlar va mutaxassislar rahbarligida taʻlim oldilar.

Bir hafta davomida ishtirokchilar ilmiy maqolalarni tayyorlash, taqdimotlar oʻtkazish, ilmiy grantlardan samarali foydalanish boʻyicha asosiy koʻnikmalarni rivojlantirishi hamda turkiy davlatlar tarixi, turkiy dunyo arxeologiyasi, turkiy xalqlar oʻzaro munosabatlari, sanʻat tarixi va falsafiy fikrlar, shuningdek turkiy lahjalar va adabiyotlarga oid mavzularni oʻrgandi. Marosimda soʻzga chiqqan Turk akademiyasi rahbari Shahin Mustafoyev Qarabogʻning tarixiy va maʻnaviy ahamiyatini taʻkidladi hamda Akademiya turkiy dunyoning ilmiy va madaniy merosini asrash va rivojlantirish yoʻlidagi ishlarini davom ettirishini bildirdi. U shuningdek, Turkologiya yozgi maktabi nafaqat bilim almashish maydonchasi, balki yosh olimlar oʻrtasida doʻstona aloqalarni mustahkamlashning muhim vositasi ekanini qayd etdi va ishtirokchilarga ishlarida muvaffaqiyat tiladi. Tadbir soʻngida soʻzga chiqqan professor Ubeydullah Sezikli turk musiqachiligi va tarxi haqida soʻzlab, milliy musiqalar ostida qoʻshiq kuyladi. Turkiya fanlar akademiyasi prezidenti Muzaffer Shekerning esa skripka chalishi barchani lol qoldirdi. Ochigʻini aytganda, ochilish marosimi oʻta rasmiylikdan yiroq doʻstona ruhda boʻldi.

Ertasi kuni biz tadqiqotchlar uchun belgilangan navbatdagi darslar tashkil etildi. Yozgi maktab davomida professorlar Ozgur Kasim Aydemir, Fuzuli Bayat, Zubaida Shadkam, Kayrat Belek, Azmi Ozjan, Kadir Pektash, Negizbek Shabdanaliev, Talgat Moldabay, Turgay Anar, Bilgin Aydin, Dursun Ali Tokel, Cem Korkutlarning darslari tashkil etildi. Ularning maʻruzalari nafaqat doktorantlar, balki olimlarning oʻzaro muhokamalariga ham sabab boʻldi. Bu esa yosh olimlarning tadqiqotlarini toʻgʻri tashkil etish, turli soha xodimlarining esa oʻzaro ilmiy hamkorligiga olib boradi deyish mumkin. Turkolog olimlar oʻz hamkasblarining tadqiqotlari boʻyicha savollar berib qiziqarli bahslar tashkil etdi.  Darslar asosan tarix, arxeologiya va qisman adabiyot haqida boʻlgani uchun tinglovchi sifatida kuzatib oʻtirdim. Ammo jurnalist uchun barcha mavzu qiziq tuyuladi. Turkiy xalqar tarixi haqida qimmatli maʻlumotlarni tingladim va buyuk merosimizni nina orqali quduq qazigan kabi gʻijjalab oʻrganayotgan zamonamizning mashhur tarixchi olimlari davrasida ekanimzdan gʻururlandim. Tarixiy qoʻlyozmalar, devoriy yozuvlar, binolar qurilishi, jadidlar harakati va ularning ilk nashrlari haqida maʻlumotlar tinglandik va oʻz sohamga oid olimlarning aloqa maʻlumotlarini ham oldim. Mazkur yozgi maktab haqida fikr bildirgan professor Gʻaybulla Boboyorning taʻkidlashicha, mazkur tadbirning yil sayin koʻlami ortib bormoqda. – Butun turk dunyosining yosh tadqiqotchilari oʻz izlanishlarini chuqur oʻrganayotganini oʻzim ishtirok egan uch yozgi maktablarda kuzatdim. Tadqiqot usullarini oʻrganish, bu yerda maʻruza qilayotgan yetuk mutaxassislari bila ilmiy muloqot qilish imkoniga ega boʻlmoqda. Xususan, men ham olim sifatida izlanishdan toʻxtamaslik uchun qirgʻiz, qozoq va boshqa qardosh xalq olimlarini diqqat bilan eshitib oʻtirdim. Ularning ilmiy topilmalari va yangicha yondashuvlarini oʻz tadqiqotlarimda ham chambarchas bogʻlashga harakat qilaman. Sababi, turk dunyosi ilmi chegarasiz va ochilmagan sirlar bor. Bu jumboqlarni esa biz olimlar tadqiqotlarimizni oʻrganish orqali yosh tadqiqotchilar ham oʻz tadqiqotlarida yechim berishi mumkin, – deydi professor.

Yozgi maktabning uchinchi kuni ishtirokchilar qadimiy shahriga olib borildi. Elchin muallim bizga passportlarimizni oʻzimiz bilan olishimiz va shaharga kirishda ham tekshiruvdan oʻtishimiz haqida aytdi. Shusha shahri oʻzining goʻzal tabiati bilan barchamizni lol qoldirdi. Ammo yam-yashil togʻli shaharda ham urush manzarasi saqlanib qolgan ekan. Togʻ havosida goʻzal arxitektura namunalari va qadimiy qadamjolar tomon yoʻl oldik. Shusha shahrida Yuxari Govhar Ogʻa masjidi mashhur. Masjidi Shushaning bosh maydoni Yusif Vazir Chamanzaminli koʻchasida joylashgan boʻlib, shahar timsoli va Sharq meʼmorchiligi durdonalaridan sanaladi. Bu yerga mahalliy aholi ham ziyoratga tez-tez kelib turar ekan. Shundan soʻng toshli yoʻlaklar orqali Seyidli masjidiga bordik. XVIII asrga tegishli boʻlgan shaharning Telman va Qaryağdıoğlu koʻchalari kesishgan Seyidli mahallasida qurilgani uchun masjid shunday nomlangan ekan. Tepalikka chiqar ekanmiz yoʻl-yoʻlakay Elchin muallim bizga arman va ozar urushida talofat yetgan ustunni ham koʻrsatdi. Mazkur ustun menga tinchlik qadri, millatlar hamdoʻstligi va birodarligi zarur ekanini, dunyo tinchlik bilan goʻzal ekanini anglatdi. Biroz tepalikka yurib chiqar ekanmiz XVIII asrda yashab ijod etgan ozarbayjon shoiri Molla Panah Voqifning maqbarasini ham ziyorat qildik. Yana tepalik tomon ildamladik va nihoyat “Chavandozlar tekisligi”(Cidir düzü)ga yetib oldik. Bu maskan turizm maskani hisoblanib, hordiq chiqarish va Qorabogʻning eng goʻzal manzarasini oʻz koʻzi bilan koʻrish istagida boʻlganlar uchun ayni muddao ekan. Atrofni tomosha qilgach, qardosh xalqlar bilan mamlakat bayroqlari bilan birga esdalik suratlarga tushdik. Bu orada bizga hamrohlik qilayotgan Elchin muallim maskan haqida aytib berdi. Shundan soʻng Iso bulogʻiga (İsa bulağı) bordik. Iso bulogʻi Shusha shahridan ikki kilometr uzoqlikda, dengiz sathidan taxminan 1500 metr balandlikda, oʻrmon ichida joylashgan boʻlib, u ozarayjon tabiatining betakror durdonalaridan biridir. Asotirlarga koʻra buloq XVIII asrda uni topgan Iso ismli dehqon nomi bilan atalgan. Isa bulogʻi oldida maktab ishtirokchilari milliy musiqalar tingladi va goʻzal raqslar ijro etishdi. Ana shunday yorqin xotiralar bilan yana universitet tomon yoʻl oldik.  

Ozarbayjonda Turkologiya yozgi maktabidagi darslar Baku sayohati bilan oʻz nihoyasiga yetdi. Qardosh qozoq ishtirokchilarining tayyorlab kelgan “Bilimdonlar bahsi” oʻyini, qirgʻiz xalqining milliy musiqa asboblari ijrosi ayniqsa esda qolarli boʻldi.  Kelgusida turkiy davlatlar tarixi, madaniyati, umuman oʻz sohasida izlanish olib borayotgan doktorantlar va tadqiqotchilarni yozgi maktablarda ishtirok etishlarini tavsiya etaman. Kelasi yili yozgi maktab boshqa mamlakatda tashkil etiladi. Xususan, oʻtgan yillar davomida Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻizistonda tashkil etilgan. Bu yangi mamlakatga sayohat qilish, madaniyatni kashf etish, tadqiqot doirasini kengaytirish, tadqiqot sqvollariga olimlar yordamida javob topish va yosh tadqiqotchilar bilan muloqot qilish imkonini beradi.  

Hamida MIRSULTANOVA,

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti doktoranti,

yozgi maktab ishtirokchisi