Ilm-maʼrifat – insonni kamolotga yetaklovchi, unga najot beruvchi buyuk neʼmat. Imom Buxoriyning oʻn ikki asr avval “Dunyoda ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay” degan fikrlari buning yorqin dalili boʻla oladi. Shu bois ajdodlarimiz qadimdan ilm-maʼrifat va farzand taʼlim-tarbiyasiga ustuvor ahamiyat qaratib keladi. Bugun bu anʼana davom etmoqda va soʻnggi yillarda mamlakatimizda ilm-fan hamda diniy maʼrifatga berilayotgan eʼtibor yaqin kelajakda oʻz samarasini berishi shubhasiz.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan yurtimizdagi barcha taʼlim muassasalarida “Jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostida seminarlar hamda “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay” mavzusida uchrashuvlar oʻtkazilmoqda. Mazkur tadbirlar zamirida oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar orasida jaholat va ilmsizlik gʻoyalariga berilishining oldini olish hamda ularni ilm-fan va kasb-hunarga qiziqtirish kabi xayrli maqsadlar yotibdi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Anjumanda akademiyaning ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Zohidjon Islomov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov, shuningdek, professor-oʻqituvchilar, yosh tadqiqotchilar, doktorantlar hamda talabalar ishtirok etdi.

– Bugungi kunda dunyoda ilmsizlik va jaholat oqibatida yuzaga kelayotgan ekstremizm va terrorizm kabi balo barchani tashvishga solib kelayotgani bor gap, – dedi filologiya fanlari doktori, professor Z.Islomov. – Buning oldini olish uchun esa yoshlarni ilm-maʼrifatli, komil inson qilib tarbiyalash jamiyatimiz, ziyolilarimiz oldida turgan kechiktirib boʻlmas vazifadir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham oʻz chiqishlarida “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan bogʻliq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat”, deya bot-bot taʼkidlab keladi.

– Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yoʻlidan maʼlumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon boʻlishi oʻsha davlatda yoshlar taʼlim-tarbiyasi, bilimi va kelajagiga beriladigan eʼtibor darajasiga chambarchas bogʻliq, – deydi tarix fanlari doktori, dotsent D.Maxsudov. – Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda ilm-maʼrifatni yuksaltirish asosida Uchinchi Renessansga poydevor qoʻyish maqsadida tizimli ishlar boshlab yuborildi. Bu boradi eng avvalo, taʼlim-tarbiya tizimida tub islohotlar nazarda tutilgan. Zero, maʼnaviy yuksak va ilmiy jihatdan salohiyatli avlod jamiyat tayanchi boʻladi.

Davra suhbatida mamlakatimizda taʼlim, jumladan oliy taʼlimga alohida eʼtibor berilayotgani eʼtirof etildi. Oxirgi uch yilda 47 ta yangi OTM, xorij universitetlarining filiallari tashkil etilgani va oliy taʼlim muassasalari soni 125 taga yetgani taʼkidlandi. Shuningdek, ishtirokchilarning akademiya ilmiy salohiyatini yana-da rivojlantirish boʻyicha talab va takliflari tinglandi, talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri