Ilmiy izlanish va tadqiqotlar tufayli yuz ochayotgan tarix

    Jaloliddin Manguberdi dafn etilgan joy noma'lumligicha qolmoqda...

    Joriy yil 25-27-noyabr` kunlari “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini o'rganish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya o'tkazilishi kutilmoqda. Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Xorazm viloyati bo'limi va Jaloliddin Manguberdi fondi rahbari, Urganch davlat universiteti tadqiqotchisi Bekzod ABDIRIMOV bilan suhbatimiz mazkur xalqaro konferentsiyaga tayyorgarlik jarayoni, buyuk sarkardaning hayot yo'lini chuqur ilmiy o'rganish maqsadida xorijlik ekspertlar bilan hamkorlikdagi izlanish va tadqiqotlarga bag'ishlandi.

    Prezidentimiz 2020-yil 12-13-mart kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog'ida Jaloliddin Manguberdi jasoratining yosh avlodni milliy g'urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi tarixiy ahamiyatini hisobga olib, bu boradagi dolzarb vazifalarni belgilab bergan edi. SHunga ko'ra, 2020-yil 23-iyul` kuni Vazirlar Mahkamasining “Jaloliddin Manguberdining jahon tarixida tutgan o'rni” mavzusida xalqaro konferentsiya o'tkazishga tayyorgarlik ko'rish to'g'risida”gi farmoyishi qabul qilindi. O'tgan vaqt mobaynida farmoyish ijrosi bo'yicha qanday ishlar amalga oshirildi?

    Jaloliddin Manguberdi singari ulug'larimizning ruhini yod etish, uni yoshlarga namuna sifatida taqdim qilish ma'naviy hayotimizda katta ahamiyatga ega. SHuning uchun ham bu borada davlatimiz rahbari boshlab bergan tashabbus doirasida bir qancha yangi loyihalar ishlab chiqildi va amalga oshirildi. O'tgan yili Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Xorazm viloyati bo'limi, Urganch davlat universiteti, Xorazm Ma'mun akademiyasi hamkorligida “Xorazm — Markaziy Osiyo tsivilizatsiyasi tizimida” xalqaro anjumani uyushtirildi. Unda yurtimiz olimlari bilan bir qatorda, Portugaliya, Ispaniya, AQSH, Pokiston, Malayziya kabi davlatlardan bevosita Xorazm tarixi, Jaloliddin Manguberdi va Xorazmshohlar davri bilan bog'liq ilmiy ish qilayotgan tadqiqotchilar ishtirok etdi. Xorazm televideniesi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “Buyuk ipak yo'li bo'ylab” loyihasi ham o'ziga xos yangilik bo'ldi. Ko'rsatuv Qoraqalpog'iston Respublikasi Qo'ng'irot tumani “Jasliq” mahallasi hududida joylashgan Belouli va Alanqal'a yodgorliklaridagi kuzatuv-o'rganuv ishlariga bag'ishlandi. 2021-yil 27-oktyabrda esa “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini o'rganish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyaga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha tashkiliy qo'mita tuzilib, chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

    — Xorazmshohlar tarixi bilan bog'liq hali yurtimiz kitobxonlariga ma'lum bo'lmagan asarlarni tarjima va nashr qilish borasida xayrli ishlar boshlangan. “Xorazmiylar izini izlab...” asaringiz chop etilganidan so'ng pokistonlik olim, doktor Vasim Sajjad bilan hamkorlikda “Sulton Jaloliddin Xorazmshoh Pokistonda” asarini ham nashrga tayyorladingiz. O'zbek, ingliz va urdu tillaridagi ushbu kitob haqida qisqacha ma'lumot berib o'tsangiz.

    — “Sulton Jaloliddin Xorazmshoh Pokistonda” asarida buyuk sarkardaning 1221-1224-yillardagi siyosiy-harbiy faoliyati bilan bir qatorda, Pokistonda amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari haqida ham hikoya qilinadi. Kitobda Manguberdining zafarli yurishlari, so'nmas jasorati haqida yurtimiz tarixchilari uchun yangilik bo'lgan noyob ma'lumotlar keltirilgan. Ushbu kitob “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini o'rganish” mavzusidagi xalqaro konferentsiya oldidan munosib tuhfa bo'ldi, deb ayta olaman. Ko'p yillik ilmiy izlanishlarim samarasida “Xorazmiylar izini izlab...” asarim chop etildi. Unda VIII-XIII asrlarda Evroosiyo hududida kechgan siyosiy va etnik jarayonlarda xorazmliklarning o'rni haqida hikoya qilingan. YAqin kunlarda ilmiy tadqiqotlar mahsuli bo'lgan “Ikki buyuk sarkarda: Jaloliddindan Qutuzgacha” asarim ham kitobxonlar qo'liga etib boradi. Unda sulton Jaloliddin Manguberdi va uning jiyani, Misr sultoni Sayfiddin Qutuzning mo'g'ullarga qarshi ozodlik harakati, Jaloliddin Manguberdidan so'ng Kichik Osiyo, YAqin SHarq va Misrda qolgan qo'shinlarning taqdiri haqida hikoya qilinadi.

    — “Jaloliddin Manguberdi izidan” ekspeditsiyasi va ishchi guruhi a'zosi sifatida xorijdagi ilmiy-ma'rifiy markazlar bilan aloqani mustahkamlash va sarkarda tarixiga oid ma'lumotlarni chuqur o'rganish maqsadida chet mamlakatlarga qilgan safaringiz kutilgan samarani beryaptimi?

    Ha, zimmamizga Manguberdi tarixining yangi sahifalarini o'rganish, shuningdek, sultonning so'nggi kunlari o'tgan hududlarda tadqiqot olib borish, sarkardaning halokati bilan bog'liq ma'lumotlarni tahlil qilish va qabri joylashgan hududni aniqlash vazifalari qo'yilgan edi. Joriy yil 15-18-oktyabr` kunlari Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda Xorazm viloyati hokimligi qo'llab-quvvatlovi bilan guruhimiz Turkiyaning Diyorbakir viloyatida ijodiy izlanishlar o'tkazdi. Ishchi guruh vakillarini Diyorbakir viloyati Silvan hokimligi mutasaddilari hamda Dijle universiteti professorlari iliq kutib oldi. Guruhimiz faoliyati uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratildi va o'zimiz uchun kerakli bo'lgan juda muhim va tarixiy ma'lumotlarni o'rganishga muvaffaq bo'ldik.

    — Jaloliddin Manguberdi dafn etilgan joy noma'lumligicha qolmoqda...

    — O'zbekiston mustaqillikni qo'lga kiritgan dastlabki yillarda ham buyuk ajdodimizning izidan ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirilgan. SHulardan biriga ustozimiz — tarixchi, publitsist SHuhrat Salomov boshchilik qilgan edi. U ­Jaloliddin Manguberdining so'nggi harbiy harakatlari kechgan hududlarda dala tadqiqotlari o'tkazib, ko'plab yangi ma'lumotlarni qo'lga kiritadi. Biroq u vaqtda o'rta asrlarda yozilgan ko'plab tarixiy asarlar nashr qilinmagan edi. Undan so'ng o'zim ham Turkiyada safarda bo'lganimda belgilangan joyga borishga imkonimiz bo'lmagan edi. Navbatdagi safarimizda Turkiyaning Dijle universitetida “Silvan va Sulton Qilicharslon I” mavzusidagi xalqaro simpoziumda ham ishtirok etdik. Simpoziumda Jaloliddin Manguberdi taqdiri va halokatiga oid ilmiy ma'ruzalar, u bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi. Simpoziumning ochilish marosimida so'zga chiqqan Diyorbakir viloyati hokimi Munir Karalo'g'li tomonidan Jaloliddin Manguberdining qabri joylashgan hudud haqida yangi manbalar topilgani va bu manbalarga ko'ra, uning qabri aynan Silvanda ekani ma'lum qilindi. Silvan tumani hokimi Murod O'zturk Jaloliddin Manguberdi maqbarasi qurilishi rejalashtirilganini aytdi.

    Jaloliddin Manguberdi o'limi to'g'risida juda ko'p asarlarda ma'lumot berilgan, biroq aniq joyi ko'rsatilmagan. Faqatgina 1156-1256-yillarda yashagan tarixchi Sibt ibn al-Javziyning “Mirat az-zamon” asarida so'nggi xorazmshohning qaerga dafn qilingani yozilgan. Ushbu asarning 23-jildi 312-sahifasida bunday so'zlar bor: “Jaloliddin Manguberdining joniga qasd etganlar Mayoforiqin hokimi SHahobiddin tomonidan o'limga hukm qilinadi. Keyin Xorazmshohni yuvdirib, kafanlab, Mayoforiqin tashqarisiga dafn qildi... Bu gap tatarlarga (mo'g'ullarga) etib boradi va ular Mayoforiqin tomon yuradilar. SHahobiddin esa uning qabrini tekislab qo'ydi”.

    Dijle universiteti tarix va adabiyot bo'limi rahbarlari Oktay Bo'zan va Arafat YAz o'z ma'ruzalarida sarkardaning dafn etilgan joyi masalasida yuqoridagi asarda keltirilgan ma'lumotlarni asos qilib ko'rsatmoqda.

    — Siz boshchiligingizdagi guruh a'zolari va turkiyalik tadqiqotchilar Jaloliddin Manguberdi qabrining asl joyini aniqlash borasida qanday to'xtam va fikrga keldingiz?

    — Safarimiz davomida Dijle universiteti rektori, professor Mehmet Karakoch boshchiligida turkiyalik olimlar guruhi bilan mulohazali, munozarali qizg'in muloqot uyushtirdik. Muloqotda Dijle universiteti rektori Jaloliddin Manguberdi dafn qilingan joy masalasida O'zbekiston va Turkiya olimlari iloji boricha tezroq ilmiy, zarur bo'lsa, arxeologik tadqiqot ishlarini boshlashi kerakligini ta'kidladi. Mazkur tadqiqotlarga O'zbekiston tarafidan olimlar jalb etilsa, universitet ularni har jihatdan qo'llab-quvvatlashini bildirdi. Professor Mehmet Karakoch Silvan tumani hokimi Murod O'zturk bilan Jaloliddin Manguberdi dafn qilingan joyni qo'riqlash masalasini kelishib oldi. SHundan so'ng Dijle universiteti rektori va Diyorbakir hokimligi tomonidan Jaloliddin Manguberdi dafn qilingan joy topilgani haqida Turkiya rahbariga ma'lumot jo'natilishi belgilab olindi. Biz ham bu to'g'ridagi ma'lumotlarimizni tegishli tartibda rahbariyatga etkazdik.

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri

    Gulichehra Durdiyeva suhbatlashdi.