Prezidentimizning 2017 yil 15 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy boʻlimi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Navoiy viloyatida sezilarli ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, hududning iqtisodiyot tarmoqlarini texnik va texnologik jihatdan rivojlantirish, energiya va resurs-tejamkor texnologiyalarni joriy etishga yoʻnaltirilgan innovatsion ishlanmalar yaratilayotgani eʼtiborga molik. Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimi raisi, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor, “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi Abdurazzoq MIRZAEV bilan suhbatimiz mamlakatimiz ilmiy salohiyati, fan-texnika yutuqlari, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi xususida boʻldi.

— Dunyo davlatlarining rivojlanish tarixi hamda imkoniyatlarini tahlil qilganimizda, aksariyat hollarda ularning iqtisodiy taraqqiyotida xomashyo bazasi, yer usti va yer osti boyliklarining ulushi 20, ishlab chiqarish vositalariniki 16, ilmiy salohiyat hissasi 64 foizni tashkil etishiga amin boʻldik, — deydi Abdurazzoq Mirzaev. — Bunga misol tariqasida Yaponiyaning iqtisodiy rivojlanishida ilm-fanning oʻrni, yangi texnologiyalar salohiyatini keltirish mumkin. Sobiq ittifoq davrida 20 tonnalik bulʼdozerlar YAponiyaga eksport qilinmoqda, degan maʼlumotlar gʻurur bilan aytilar edi, lekin ushbu texnikalar eritilib, yangi isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish orqali yuz barobar va undan koʻproq foyda olishi oʻsha davrlarda xayolimizga ham kelmagan. Ayni paytda Yaponiya dunyodagi eng rivojlangan innovatsion texnologiyalar mamlakatidir.

Bundan koʻrinib turibdiki, har qanday davlatning iqtisodiy rivojlanishida ilm-fanning, yaratiladigan va ishlab chiqarishda qoʻllanadigan yangi texnologiyalarning ahamiyati beqiyos.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston yangi rivojlanish bosqichiga oʻtgani va bu jarayonda ilm-fan rivojiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilayotgani eʼtirof etilmoqda. Albatta, bunga asos bor. Agar uch yil oldin mamlakatimiz aholisining oliy maʼlumotli fuqarolari 8 foizni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkich 20 foizga etdi va yaqin yillarda 25 foizdan-da oshishiga erishiladi.

Yana gʻurur bilan aytish mumkinki, xalqimizning savodxonligini oshirish, yoshlarning barcha fanni mukammal oʻzlashtirishiga keng imkoniyat yaratish, ajdodlarimizdan meros qolgan ilmiy maktablarni tiklash borasidagi saʼy-harakatlar chin maʼnodagi eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan dalolat.

Fanlar akademiyasining 2017 yili tashkil etilgan Navoiy boʻlimi ham hukumatimiz tomonidan hududdagi barcha sohaga ilmiy yondashish, ilmiy ishlanmalar natijalarini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirilgan ishlar mahsulidir. Boʻlim olimlari bugun nafaqat viloyatdagi, balki respublikamizdagi barcha sanoat korxonalari muammolari yechimiga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlar bilan shugʻullanmoqda.

Tadqiqotlar natijadorligini taʼminlashda ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini tashkil etishga yangicha yondashuvning faol mexanizmi sifatida Fanlar akademiyasi tasarrufidagi ilmiy tadqiqot institutlari hamda hududdagi barcha ishlab chiqarish tashkilotlari ilmiy-texnik salohiyatining Idoralararo ilmiy texnik kengashga birlashtirilishi muhim ahamiyatga ega.

— Boʻlimda amalda oshirilayotgan, toʻgʻridan-toʻgʻri iqtisodiyotga yoʻnaltirilayotgan innovatsion loyihalar haqida soʻzlab bersangiz.

— Bugungi kunda respublikamizdagi mavjud konlarning 50 foizga yaqini Navoiy viloyatining Qizilqum va Nurota maʼdanli hududida joylashgan. Qizilqum nafaqat maʼdanli, balki nomaʼdan konlarga ham boy boʻlib, ulardan biri — Vaush dolomit koni toʻgʻrisida toʻxtalmoqchiman.

Dolomit nomaʼdan foydali qazilmasi kalʼtsiy va magniyning qoʻshaloq karbonat tuzi boʻlib, kimyo, rezinatexnika sanoati va shisha ishlab chiqarishda keng qoʻllanadi. Dolomitda magniyning miqdori 21, magniy karbonat tuzi boʻlgan magnezitda 47 hamda brusitda 64 foizni tashkil etadi. Magnezit va brusitda magniy miqdori yuqori boʻlgani uchun xalq xoʻjaligida keng qoʻllanadi.

Bugungi kunda respublikamiz hududida sifatli magnezit koni yoʻqligi sababli har yili 10 million AQSH dollaridan koʻproq valyutaga magnezit va brusit import yoʻli bilan sotib olinadi. Fanlar akademiyasining Navoiy boʻlimi hamda Umumiy va noorganika kimyosi instituti olimlari hamkorlikda Vaush koni dolomitidan sof magniy oksidi olish texnologiyasini yaratdi.

Bu jarayonda laboratoriya sharoitida mahalliy xomashyodan tayyorlangan reagentlar yordamida bir yarim tonna dolomitdan yuz kilogramm kukun holidagi sof magniy oksidi va bir tonna toʻrt yuz kilogramm sof kristalli kalʼtsitning oppoq rangli kukunini olishga erishildi.

endi sof magniy oksididan kimyoviy yoʻl bilan magnezit va brusit olish imkoniyati yaratildi. Bunda kimyoviy reaksiya past haroratli va kislotasiz muhitda oʻtkazilib, texnologik jarayonlarda ishlatiladigan reagentlar bevosita respublikamizda mavjudligi muhimdir. Bundan koʻrinib turibdiki, olimlar yaratgan texnologiyaning qoʻllanishi chiqindisiz, olinadigan mahsulotlar yuz foiz xalq xoʻjaligida yuqori talabga ega.

Ushbu kon hududida dolomitdan tashqari yana boshqa nomaʼdan foydali qazilmalar — bentonit gili va kvarts qumi mavjudligi konning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi. Ushbu kondagi sanoatda keng qoʻllanadigan uch xil nomaʼdan foydali qazilmaning birga ketma-ket mavjudligi hududlarda olib boriladigan geologiya qidiruv ishlarini yangicha tashkil etishga undaydi. SHu paytgacha olib borilayotgan geologiya qidiruv ishlarida hududlardagi faqat muayyan foydali qazilmalar boʻyicha tadqiqot oʻtkazish amaliyotidan voz kechish hamda yangicha yondashish, yaʼni hududlarni kompleks oʻrganish, hattoki qoplovchi togʻ jinslarini ham xalq xoʻjaligida qoʻllash imkoniyatlarini chiqindisiz yangi texnologiyalarni yaratish orqali hududning iqtisodiy samaradorligini ilmiy asoslash kerak.

Vaush konidagi dolomit, bentonit gili va kvarts qumidan har birining bashoratlangan zaxiralari 5–7 million tonnaga teng boʻlib, kon Navoiy shahridan 23 kilometr uzoqda joylashgan. Bentonit gili ham xalq xoʻjaligining ikki yuzdan ortiq sohasida qoʻllansa, kvarts qumi shisha, oʻtga chidamli gʻisht hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishda keng qoʻllaniladi.

Kimyo va biologiya yoʻnalishidagi ilmiy tashkilotlarning istiqbolli ishlanmalarini tijoratlashtirishni tashkil etish dasturiga Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimi olimlarining “Vaush koni dolomitini kompleks qayta ishlash yoʻli bilan magniy oksidi (magnezit) olish” nomli innovatsion ishlanmasi kiritilgan. Ayni paytda Navoiy boʻlimi olimlari tomonidan kondagi nafaqat dolomit foydali qazilmasi, balki bentonit gili va kvarts qumini ham oʻrganish hamda ushbu foydali qazilmalarni kompleks qazib olish, qayta ishlash va boyitish texnologiyalarini yaratishga yoʻnaltirilgan yoʻl xaritasi tayyorlangan.

— Boʻlim olimlarining kvars qumi va bentonit gilidan samarali foydalanishga yoʻnaltirilgan innovatsion ishlanmalari xususida ham toʻxtalsangiz.

— Kondagi kvarts qumini pulʼsatsion kolonnalarda boyitish texnologiyasi samaradorligining ilmiy asoslangan loyihasi tayyorlangan.

Ushbu innovatsion texnologiyaning afzalligi shundaki, kvars qumini tez va kam xarajat bilan gil zarrachalari hamda zarrachalar tashqi yuzasidagi temir uch oksidi boʻlgan sariq rangli pleyonka qobiqdan tozalaydi. Bu esa, oʻz navbatida, kvars qumini qurilishda cheklanmagan miqdorda ishlatishga imkon beradi. Chunki standart talablarga koʻra, qurilishda betonga qoʻshiladigan qumdagi gil zarrachalarining miqdori ikki foizdan oshmasligi kerak.

Shaffof shisha ishlab chiqarishda foydalaniladigan qumda temir oksidining miqdori 0,01 foizdan oshmasligi lozim. Odatda bu koʻrsatkich tabiiy qumda 0,5 foiz va undan yuqori boʻladi.

Bentonit gili tabiiy holatda 25–30 foiz namlikka ega. U qazib olingandan keyin quyosh issiqligida oʻz namligini 5–7 foizgacha yoʻqotadi va mayda boʻlakchalarga boʻlinib ketadi. Bunda ularni oddiy tegirmonda ham osongina maydalab, kukun holiga keltirish mumkin. Yuqorida aytganimizdek, bentonit gili xalq xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, tibbiyot, farmatsevtika, kimyo, mashinasozlik sanoatida ham keng qoʻllanadi. Navoiy boʻlimi olimlari bentonit gilidan yana-da samarali foydalanishga yoʻnaltirilgan bir necha innovatsion texnologiyalar ishlab chiqqan.

Shunday qilib, bitta kon hududida uch xil nomaʼdan foydali qazilma mavjud boʻlib, ularni kompleks tadqiq qilish va birgalikda qazib olishga tavsiya qilish konning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi. Xalq xoʻjaligida yuqori talabga ega boʻlgan bir necha xil mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. eng asosiysi, kon negizida quriladigan togʻ jinslarini maydalash tegirmoni, mahsulotlarni qadoqlar tarmogʻi, texnologik boyitish liniyalari imkoniyatidan uch xil foydali qazilmani qayta ishlash va boyitishda samarali foydalanish mumkin. Albatta, bu sarf-xarajatlarning kamayishi, ishlab chiqariladigan mahsulotlar tannarxining pasayishida muhim omil boʻlib xizmat qilsa, bir necha xil mahsulotning bir vaqtda ishlab chiqarilishi korxonaning bozor talabiga tez moslashuviga imkon beradi.

— Sanoat chiqindilarini qayta ishlash orqali yangi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan qanday tadqiqotlar olib borilmoqda?

— Bunga misol qilib fosforit rudasidan oʻgʻitlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, respublikamizdagi kimyo zavodlaridagi fosfogips kimyoviy chiqindisidan yangi, arzon, engil, pishiqligi yuqori boʻlgan innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish texnologiyalarini keltirish mumkin.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi fosfor oʻgʻiti ishlab chiqaradigan zavodlarda 90 million tonnaga yaqin fosfogips chiqindi sifatida ekologiyani buzib turibdi. Ixtirochilar yaratgan va patentlangan texnologiyani qoʻllash orqali nafaqat arzon va zamonaviy, harorat oʻzgarishi, namlik va suvga chidamli qurilish materiallari ishlab chiqarish, balki ekologik muammolarni yechish imkoniyati ham yaratiladi.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Risolat MADIEVA suhbatlashdi.