Bu nimasi bilan muhim? Avvalo, ekspeditsiya davomida topilgan madaniy buyum va qatlamlar boʻyicha xalqaro ilmiy fikrlar shakllantiriladi.

— Qolaversa, yoshlarga arxeologik qazish ishlari qanday olib borilishini amaliy tushuntirish, topilgan buyumlar qaysi davrga tegishli ekanini aniqlash, qisqa qilib aytganda, arxeolog olimga zarur boʻlgan barcha koʻnikma va tushunchaga ega boʻlish uchun katta imkoniyat beradi, — deydi  Nukus davlat pedagogika instituti rektori Bayrambay Utemuratov. — Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida koʻplab qadimiy shaharlar oʻrni bor. Faqat biz ularni koʻproq oʻrganishimiz zarur. Bu bir tomondan, sayyohlikni rivojlantirish uchun kerak boʻlsa, ikkinchidan, talabalarimizni ilm yoʻliga undaydi.   

Xalqaro miqyosda birinchi marta tashkil etilayotgan mazkur arxeologik ekspeditsiyada Tatariston Respublikasi Arxeologiya instituti olimlari, shu bilan birga, Rossiya, Qozogʻiston oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlaridan 20 dan ortiq mutaxassis, Nukus davlat pedagogika institutining tarix fakulteti professor-oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlari ishtirok etmoqda.

Arxeologik qazish ishlari natijasida turarjoylar, oʻsha davrdagi savdo-iqtisodiyot aloqalaridan darak beruvchi mis va kumush tangalar, shisha idishlar parchalari, geometrik shakldagi naqshlar tushirilgan keramika sopol idishlar parchalari ham topidi. 

— Bu yerda qazish ishlari 2014-yili boshlangan edi, — deydi Tatariston Respublikasi Arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi Shamil Amirov. — Bugungi kunga kelib uning birinchi qismi yakunlandi. Natijada 9–11 asrlarga tegishli buyumlar topildi. Ular noyob yodgorliklar hisoblanadi. Endi 7–8 asrga oid tarixiy qatlam joylariga oʻtiladi.

Talabalar dala amaliyotini olib borishda zamonaviy arxeologik va geologik uskunalardan foydalanish koʻnikmasiga ham ega boʻlmoqda.

—  Xalqaro koʻlamda oʻtkazilayotgan ushbu ekspeditsiya institut bazasida tashkil etilmoqda, —  deydi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti tarix fakulteti dekani Maman Saribayev. — Moddiy-texnik tomondan yordam koʻsatilgan. Zarur asbob-uskunalar sotib olingan. Xususan, ekspeditsiyani tashkil etish uchun institut tomonidan 1 milliard 400 million soʻmga maxsus chodirlar hamda 4 milliard soʻmga qazishma ishlarida foydalaniladigan arxeologik asbob-uskunalar sotib olingan.

Qazish ishlarida talaba yoshlarimiz chet ellik olimlar bilan auditoriyada oʻtgan darslarini amaliyotda sinab koʻrishmoqda. Bu kelajakda ularning yetuk mutaxassis boʻlishida juda katta yordam beradi. Shuningdek, ayrim 3-4 bosqich talabalarimiz arxeologiya, antropologiya, etnografiya yoʻnalishlari boʻyicha magistratura taʼlimini hamkor oliy taʼlim muassasalarida olishlari mumkin. Bu borada kelishuvlar mavjud, shartnomalar imzolangan.

Qayd etganimizdek, ekspeditsiyadan koʻzlangan maqsad aniq. Toʻplangan materiallar asosida ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi. Ularning natijalari keng jamoatchilikka yetkaziladi. Xalqaro miqyosda eʼlon qilinadi. Izlanish va natijalar esa talabalarga ilm yoʻlida katta maydon yaratadi. 

Minajatdin QUTLIMURATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri