Imo-ishorali biznes yoki topilmagan kalavaning uchi

    Fikr 16 Iyun 2025 581

    So‘nggi yillarda Toshkent shahri ko‘chalari, kattayu kichik ko‘ngilochar maskanlar, ovqatlanish, aholiga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari yon-atrofidagi avtoturargohda mashinalarni tartibga solib turganlarga ko‘zimiz tushadi.

    Shu xizmati evaziga ularga haq berib ketamiz. Ba’zida saxovatimiz jo‘shib, ko‘proq atab ham yuboramiz. Ayrimlar ularga berayotgan pulini tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylaydi. Savob, hadya, sadaqa qilyapman, deb o‘zi ommaga ko‘rsatadi.

    Ular esa jim, ayrimlari miyig‘ida kulib ham qo‘yadi. Bu tabassumni ko‘rsatilayotgan iltifotga minnatdorlik deb qabul qilasizmi yo “bopladim” degan istehzo sifatidami, bu o‘zingizga havola. Ular o‘rni kelganda noilojlik qilib, ayrim hollarda o‘zini tushunmaganlikka solib, “soqov”ga aylanib, ayrim vaqtlarda vajohatini ko‘rsatib pulini oladi. Nima qilsa ham o‘sha yerdan to‘lovsiz chiqib ketolmaysiz.

    Ha, angladingiz! Bular eshitish va gapirishda nuqsoni borlar. Maqolamiz ularning shaxsiyati yoki fuqarolik huquqlari emas, shunchaki ulardan qanday foydalanilayotgani haqida.

    So‘nggi kunlarda bu masala jamoatchilik orasida katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ayrim haydovchilar ular yordamida noqonuniy avtoturargohlardan joy topishga qulaylik sifatida qarasa, boshqalar buni hokimiyat va nazorat organlari tomonidan yetarlicha tartibga olinmaydigan korrupsiyaga asoslangan biznes deb baholamoqda.

    Hatto Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bu bo‘yicha maxsus bayonot bilan ham chiqdi. Bu haqda keyinroq to‘xtalamiz.

    Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ayrimlari esa nogiron shaxslarning bu biznesga jalb qilinganiga norozilik bildirmoqda. Bu holatni inson huquqlariga qarshi qaratilgan ekspluatatsiya deb hisoblayotganlar ham yo‘q emas. Ayrimlar esa bu toifadagi insonlar shu orqali tirikchilik qilishini, aks holda, qiyin ahvolga tushib qolishi mumkinligini bayon etadi. Shu bilan birga, ba’zi huquqshunos va iqtisodchilar bu muammoning ildizi shahar infratuzilmasidagi avtoturargohlar yetishmasligi va rasmiy nazoratning kamligida, deb hisoblaydi hamda muammoni hal qilish uchun tizimli choralar ko‘rish kerakligini ta’kidlaydi.

    Muammoning kengroq tahlili

    Avtoturargohlar sohasidagi muammo nafaqat Toshkent, balki boshqa shaharlarda ham kuzatiladi. Bu holat shaharlarning rivojlanish strategiyasidagi kamchiliklar, infratuzilmani yaxshilashga oid dasturlarning yetarli darajada emasligi bilan bog‘liq.

    Noqonuniy avtoturargohlarning ko‘payishi nafaqat jamoatchilik uchun qiyinchilik tug‘diradi, balki transport tizimi samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

    Yo‘l harakatidagi to‘xtalishlar va tirbandliklar oshishi natijasida vaqt va yonilg‘i sarfi ortib, atrof-muhitga ko‘proq zarar yetadi.

    Shuningdek, noqonuniy avtoturargohlar orqali yig‘ilayotgan mablag‘dan davlatga soliq tushmaydi. Bu iqtisodiy jihatdan ham katta yo‘qotishlarga olib keladi va jamiyat uchun o‘rinli muammoga aylanadi.

    Toshkent ko‘chalaridagi noqonuniy avtoturargohlar rasmiy ruxsatnomalar va soliq to‘lovlarisiz faoliyat yuritadigan biznesdir, deb bemalol aytish mumkin. Bunday biznes shakli qonunchilikka to‘liq zid va davlat nazorati ostida bo‘lmasligi oqibatida qator salbiy oqibatlarga olib keladi.

    Ruxsatnoma va litsenziyasiz faoliyat

    Avtoturargohlar uchun shahar hokimligi tomonidan beriladigan ruxsatnoma va litsenziya talab qilinadi. Bu hujjatlar rasmiy ravishda biznesning qonuniyligini tasdiqlaydi va faoliyatni nazorat qilish imkonini beradi. Ammo noqonuniy avtoturargohlar bu tartibni buzib, bevosita yo‘l chetlarini o‘zi nazorat qilib, noqonuniy ravishda pul yig‘adi. Bu faoliyatning biron-bir rasmiy hujjati yo‘qligi, ishtirokchilarni jazolash va to‘xtatishni qiyinlashtiradi.

    Soliq to‘lash majburiyati yo‘qligi

    Rasmiy biznes subyektlari kabi avtoturargohlar faoliyatidan tushgan daromadlardan soliq to‘lash majburiyati bor. Ammo noqonuniy avtoturargohlarda bu jarayon amalga oshmaydi. Davlat soliqlari to‘lanmaydi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, soliqsiz sohalar orqali davlatga har yili milliardlab so‘m miqdorida zarar yetkaziladi.

    Davlat va jamiyat uchun oqibatlari

    Soliq va boshqa daromadlardan tushgan mablag‘ davlat infratuzilmasini yaxshilash, jamoat xizmatlarini moliyalashtirish uchun sarflanadi. Shuningdek, noqonuniy faoliyat korrupsiya, davlat organlariga nisbatan ishonchsizlik va ijtimoiy noroziliklarni kuchaytiradi.

    Bu biz tushungan va aqlimiz yetgancha chiqargan xulosalar. Masalaning chuqur tahlilini esa o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvimiz natijasidan bilib olishingiz mumkin.

    Birinchi voqea. Yaqinda yo‘l-yo‘lakay bank xizmatlari bilan bog‘liq ishim bo‘lgani uchun Toshkent shahrining Shahrisabz ko‘chasida joylashgan bangga kirishga majbur bo‘ldim.

    Ishga juda shoshayotganim tufayli yo‘l chetidagi avtoturargohga mashinani qo‘yib, ichkariga kirib chiqdim. Endi mashinani yurg‘izgan edim, yonimda sariq jiletli odam paydo bo‘ldi hamda imo-ishora bilan pul berishim kerakligini tushuntirdi. Darvoqe, maqola davomida ko‘p bor tilga olganimiz sababli shartli ravishda ularni “stoyanshik”, deb ataymiz.

    “Bankirlar shu yerdan ham pul ishlash yo‘lini qilibdi, omadini bersin”, deb o‘yladim va plastik kartamni unga uzatdim. Modomiki bank xizmatlarining bir turi bo‘lsa, kartamdan yechib ola qolsin, deya. “Stoyanshik” esa qo‘li bilan keskin harakat qilib, naqd pul berishim kerakligini tushuntirdi. Tushundim va unga 5000 so‘m berib, yo‘limda davom etdim.

    Shu bo‘ldi-yu, bu voqeani unutdim.

    Ikkinchi voqea. Hamkasblar bilan Toshkent shahridagi oshxonalardan birida tushlik qildik. Xo‘randalar gavjum, taomlari ham mazali. Shuning uchun bo‘lsa kerak, avtoulovda kelganlar ham sanoqsiz edi. Tushlikdan so‘ng chiqib mashinaga o‘tirgan edik, “stoyanshik” paydo bo‘ldi. Mashinani to‘g‘ri yo‘lga solib olishimizga qarashgan bo‘lib, xizmat haqini so‘radi. Vaholanki, uning yordamisiz ham to‘g‘ri chiqib ketayotgan edik.

    Qanchalik qarshilik qilmay, hamkasbimiz unga pul uzatdi va “mayli, savob bo‘ladi”, dedi. Yo‘l-yo‘lakay shu voqea haqida gaplashib keldik. Kimdir ularning bu ishi noqonuniy desa, boshqasi, albatta, pul berish kerakligi, ular ham mehnat qilib pul topayotganini isbotlashga kirishdi.

    Hamkasbimiz — iqtisodchi Sharofiddin Xidirov “Bunday avtoturargohlar soliq to‘lamaydi. Shuning uchun davlat byudjeti katta miqdorda daromaddan mahrum bo‘ladi. Ular rasmiy hujjatlarsiz ishlaydi. Ruxsatnoma va litsenziyaga ega emas. Bu holat biznesning noqonuniyligini ko‘rsatadi”, dedi.

    Yana bir hamkasbimiz, ustoz jurnalist Bekqul Egamqulov esa nogironligi bor shaxslar orqali pul yig‘ish oddiy odamlarda shubha uyg‘otmaydigan va ortiqcha e’tirozlarga sabab bo‘lmaydigan jihat ekani, bu yoqimsiz holat ularning mehnati ekspluatatsiya qilinishiga sabab bo‘lishi, shuningdek, inson huquqlari va ijtimoiy adolatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.

    Munozaramiz uncha uzoq davom etmadi. E’tiborga arzimasdek ko‘ringan bu mavzuni unutib, muhokamaga nuqta qo‘ydik.

    Uchinchi voqea. Dam olish kuni Amir Temur xiyobonini aylanishga oilaviy bordik. Kechki payt, havo yoqimli, odam juda ko‘p. Mashinani Toshkent shahri Matbuotchilar ko‘chasi 32-uy atrofiga qo‘ymoqchi bo‘lgandik, yo‘l chetida turgan yana bir “stoyanshik” yugurib keldi va mashinani joylashga qarashgandek bo‘ldi. Ulovimizni joylashtirib, xiyobonga kirib ketdik. Oradan o‘tgan vaqt davomida qancha avtomobil kelib-ketdi, bilmadim, lekin chiqqanimizda yo‘l bo‘yi to‘la edi. Bir iloj qilib ulardan o‘tib oldik. Endi tezlikni oshirmoqchi bo‘lgandim, qayerdandir “stoyanshik” chiqib keldi. Men unga pul bermasligimni tushuntirdim.

    Oldiniga qo‘lini tepaga qilib bir nimalar dedi, keyin mashinaning oldiga o‘tib olib, yurishimizga yo‘l qo‘ymadi. Uning bu harakati bolalarga yomon ta’sir qilmasin, deb 10 ming so‘m berishga majbur bo‘ldim va uyga keldim. Ertasi kuni bo‘lib o‘tgan voqeani jiddiy tahlil qilib ko‘rdim. Bu birinchi marta emasligi, shaharning barcha hududida shunaqa tizim mavjudligini o‘ylab, mavzuni surishtirishga bel bog‘ladim.

    Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda Toshkent shahrida noqonuniy avtoturargohlar soni sezilarli oshgan. Toshkent shahar IIBB va shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilning o‘zida 300 dan ortiq noqonuniy avtoturargoh aniqlangan va faoliyati to‘xtatilgan. Lekin bu raqam rasmiy hisobga tushgan holatlar. Amalda bunday joylar yanada ko‘p.

    Jurnalistik kuzatuvimizga ko‘ra, noqonuniy avtoturargohlarda kar va soqov — nogironligi bo‘lgan fuqarolar ishlatiladi. Bu esa ikki tomonlama himoya mexanizmi vazifasini bajaradi:

    — nogironligi bo‘lgan shaxslar (soqov)ning gaplashish imkoni yo‘qligi sababli ular tekshiruvchi organlar bilan muloqotda bo‘la olmaydi;

    — ularga nisbatan jazo chorasi qo‘llash murakkab, chunki jamiyatda ijtimoiy himoyaga ehtiyoji bor toifa hisoblanadi.

    Bu usul orqali ayrim shaxs va guruhlar shahar yo‘l chetini o‘zlashtirib, pul yig‘ib kelmoqda. Jamoatchilik orasidagi so‘rovlarimizga ko‘ra, bu “biznes” tasodifiy odamlar emas, balki muayyan guruhlar tomonidan tizimlashgan holda tashkil qilingan.

    Jurnalistik surishtiruvni boshlash ancha murakkab bo‘ldi. Sababi, o‘zimiz borgan avtoturargohdagi barcha “stoyanshik”lar biz bilan muloqot qilishni xohlamadi. Turli yo‘llarni sinab ko‘rdik, baribir ular biror ma’lumotni ochiqlamadi.

    Shundan so‘ng tarjimon olishga qaror qildik. Olmazor tumanidagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatga murojaat qildik. U yerdan surdopedagog jalb qildik va maqsadimizni batafsil tushuntirib berganimizda, u ham yordam berishni rad etdi.

    “Mening otam ham, onam ham kar va soqov bo‘lgan. Ularning qanchalik qiynalib bizni boqqani ko‘z oldimda turibdi. Siz ko‘tarayotgan mavzu qahramonlari ham boshqa ish yo‘qligidan — majburlikdan bu ishni qilmoqda. Ularni tanqid qilib, maqola chiqarish uchun sizlarga tarjimonlik qila olmayman”, dedi ismi sir qolishini so‘ragan surdotarjimon.

    Biz esa maqola biryoqlama bo‘lmasligi, masalaning huquqiy jihatlariga ham to‘xtalishimiz, tegishli tashkilotlardan fikrlar olishimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, faqat ular aybdor emasligini isbotlashimiz mumkinligini tushuntirdik.

    Shundan keyin tarjimonimiz birga ishlashga rozi bo‘ldi. Faqat...

    Ishni nimadan boshladik?

    Dastlabki manzilimiz poytaxtimizning Bunyodkor ko‘chasida joylashgan milliy taomlar oshxonasining old qismidagi avtoturargoh bo‘ldi. Tarjimon orqali suhbatimiz ancha jonli kechdi.

    — Qarshi shahridan kelganman, — dedi o‘zini Abror deb tanishtirgan kar-soqov suhbatdoshimiz. — To‘rt kishi bir xonali uyda ijarada yashaymiz. Oyiga 3,5 million so‘m ijara puli to‘laymiz. Bu ishni yaqinda topganman. Bir kunda o‘rtacha 200-300 ming so‘m topaman. Shundan 100 ming so‘mini ish topgan odamga beramiz. Qolganini o‘zimga ishlataman: oziq-ovqat, kiyim-kechak va uyga pul yuborishga.

    Surdotarjimon orqali ish topib bergan odam kimligiga qiziqaman. Abror birdan sergak tortgancha ishi ko‘pligini aytib, yonimizdan ketdi.

    Biz esa uning ishini biroz kuzatib turib, keyingi manzilga yo‘l oldik. Shahrisabz ko‘chasidagi avtoturargohga bordik. U yerda ikki kishi ishlayotgan ekan. Biri mashinalar kirishini nazorat qilib turgan bo‘lsa, ikkinchisi chiqib ketayotganlardan pul olib turibdi.

    Ular bilan suhbatimiz qisqa bo‘ldi. Hech bir savolimizga javob berishni istashmadi. Lekin bu joyni ularga kimdir topib bergani va evaziga har kunlik daromadining 50 foizini olishini gap orasida aytib o‘tdi. Ishidan, topayotgan daromadidan nolimadi.

    Bu yerdan batafsilroq ma’lumotlarni olishga ko‘zimiz yetmay, keyingi obyektni qidirib yo‘lga tushdik. Yo‘limiz Qoratosh ko‘chasidagi milliy taomlar oshxonasi atrofi bo‘ldi. Bu yerdagi avtoturargohda bir kishi ishlayotgan ekan. U ochiq chehra bilan salomlashdi. Suhbatga moyilligini sezib, bir chetda o‘tirdik.

    — Ismim Mutalbek, yoshim 41 da, — deya imo-ishora bilan tushuntirdi suhbatdoshimiz.

    Aytishicha, u ham viloyatdan kelib ishlar, ijara uyda turarkan, topgan daromadining bir qismini ish beruvchiga to‘lar, qolganini o‘ziga olarkan. Yana ham aniqroq aytganda, bir kunda o‘rtacha 150-200 ming so‘m topsa, shundan 100 mingini ish topgan odamga berib, qolganini o‘ziga olar ekan.

    Pulni mana shu oshxona egalari oladimi, degan savolimizga mujmal qilib javob berdi.

    — Kimligini tanimayman, shu yerda ishlaysan, deb qo‘yishgan. O‘sha odam kelib pulni olib ketadi. Ertalab 9:00 dan kechqurun 23:00 gacha ishlayman. Ovqatlanishim oshxona hisobidan. Ular tushlik va kechki ovqatni bepul beradi, — dedi Mutalbek.

    U ish beruvchilar kimlar, ismi kim, qanday mashinada yuradi, qachon kelib pulni olib ketadi, degan savollarimizga javob bermadi. Shundan keyin o‘sha yerdagi oshxona mas’ullariga yuzlandik.

    Ular qisqa qilib, bu avtoturargohdagi ishchi ularga qaramasligini, topgan pulini ham nima qilishini bilmasligini ma’lum qildi.

    Mutalbekning aytishicha, ish beruvchilari so‘nggi oyda topgan pulingni o‘zingga ishlataver, yaqindan hamma joyda pulli avtoturargohlar tashkil etiladi va sizlarga ish qolmaydi, debdi.

    — Shu orqali daromad topib turgan edik. Bizni boshqa sohada ishga olishmaydi, — dedi u. — Kafelni yaxshi teraman, qurilishda ishlashim mumkin, ammo xavfsizlik qoidalariga ko‘ra ishlay olmaysan, deb meni ishga olishmaydi-da.

    Surishtiruvimiz boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Shu kabi yana bir nechta avtoturargohga bordik. Hammasida bir xil gap — xuddi o‘rgatib qo‘yilganidek javob berishdi. Surdotarjimonimiz juda ko‘p urindi, tanishlari bilan telefon orqali bog‘lanib ko‘rdi, lekin “ish beruvchilar” kimligi aniqlanmadi.

    Kalavaning uchi

    Chuvalashdi. Haqiqatan ham surishtiruvimizda kalavaning uchi chuvalashib ketdi. Biz so‘rab-surishtirgan barcha bu masalada yelka qisib qo‘ya qolgani qiziqishimizni yanada oshirdi.

    Internetda, ijtimoiy tarmoqlarda shu masalada chop etilgan maqola, post, izohlargacha o‘rgana boshladik. Ayrim holatlarda ijobiy, ayrim joylarda o‘ta salbiy fikrlarga ko‘zimiz tushdi. 2019-yil sentyabrida chop etilgan bir maqola e’tiborimizni tortdi va mazkur maqolaning yozilishida katta yordami teggan jurnalist Ma’mur Ahliddinov shaxsiga oydinlik kiritdik. Maqolani yozgan jurnalist boshqa bo‘lsa ham Ma’mur Ahliddinov juda katta yordam bergan ekan. Sababi, bu jurnalistning o‘zi ham kar-soqov bo‘lib, masalani ancha ichidan bilishi ma’lum bo‘ldi.

    Biz uni Olmazor tumanidagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda bo‘layotgan tadbirda uchratishga muvaffaq bo‘ldik. Hamkasbimiz bilan suhbatimiz ancha maroqli kechdi. U maqsadimizni anglagach, ancha xotirjam javob berdi. Unga ko‘ra, mazkur toifadagi ayrim insonlar umumiy ovqatlanish shoxobchalari, ko‘ngilochar maskanlar egalari bilan gaplashib, shu yerga kelayotgan mijozlarning avtomobilini to‘g‘ri joylashtirish, tirbandlik va pala-partishlik kelib chiqmasligi uchun nazorat qilib turish yuzasidan kelishib olar ekan.

    Lekin kelgan mijozlardan majburiy pul talab qilish, aniq belgilangan summani olishi ko‘zda tutilmagan bo‘lib, haydovchilar lozim topsagina ataganini berishi mumkinligini tushuntirdi. Hamkasbimizning aytishicha, uning bu gaplari ham aniq faktlarga asoslangan emas, lekin tizimning ishlashidan kelib chiqib shunaqa xulosa qilish mumkin.

    Keyin kulib qo‘shib qo‘ydi: “Sizlar o‘ylagandek katta guruhlar, katta pul yo‘q bu yerda. Lekin qonunlarda belgilangandek faoliyat yuritishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi”.

    Albatta, barcha tizimda qonun ustuvor bo‘lgani yaxshi. Biz ko‘targan masala noqonuniy tizim asosida ishlab kelayotgani sababli ham ko‘pchilikda norozilik uyg‘otgani bor gap. Tizimni tartibga solish, shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha islohotlar mazkur yo‘nalishda ham qarorlar qabul qilishga turtki bo‘ldi.

    Joriy yil 12-mart kuni Toshkent shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Toshkent invest” kompaniyasi raisining raqamli transformatsiya va axborot texnologiyalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gurko Toshkent shahrida 200 mingdan ortiq pulli avtoturargoh tashkil etish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

    Qayd etilishicha, birinchi bosqichda yo‘l bo‘yidagi avtoturargohlar uchun 13−14 ming o‘ringa mo‘ljallangan 86 ta uchastkani foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Xususan, birinchi pulli avtoturargohlar sinov tariqasida mart oyida, ehtimol, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarining ayrim ko‘chalarida ishga tushirilgan. Joriy yil iyulidan boshlab pulli avtoturargohlar ommaviy ravishda ochilishi kutilmoqda.

    Gurko Toshkent shahri yagona parking axborot tizimini ishlab chiqish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqan “Streetpark Systems” kompaniyasi hozir mobil ilova yaratish ustida ishlayotganini ta’kidladi. U orqali haydovchilar poytaxtdagi avtoturargohlar uchun pul to‘lashi mumkin.

    Natijada tartibga solingan avtoturargoh tirbandlikni 18 foiz kamaytirishi, o‘rtacha harakat tezligini 14 foiz oshirishi (37 km/soatdan 42 km/soatgacha) va kommunal xizmatlar uchun qulay sharoit yaratishi prognoz qilinmoqda. Xuddi shunday hisob-kitob To‘ytepa ko‘chasining 65 o‘rinli qismi uchun ham o‘tkazilgan: tirbandliklar 20 foiz kamayadi, o‘rtacha harakat tezligi esa 15 foiz — soatiga 35 kilometrdan 40 kilometrgacha oshadi.

    Avtoturargoh uchun to‘lovlar maxsus planshet va avtomobillar bilan joylarda tekshiruvchi videokuzatuv kameralari yordamida nazorat qilinadi. Pul to‘lamaganlik uchun ma’muriy javobgarlik faqat 2026-yildan boshlab joriy etilishi mumkin.

    Bundan tashqari, Toshkentda ko‘p qavatli avtoturargohlar tashkil etish uchun joylar o‘rganilishini, ular odam gavjum hududlar, jumladan, bozorlar yaqinida qurilishi ta’kidlandi. Shuningdek, avtotransport yo‘llariga yaqin joyda avtoturargohlar tashkil etish imkoniyati o‘rganilmoqda. Bu ishlarni 3 oyda yakunlab, natijasi bo‘yicha taqdimot qilish rejalashtirilgan.

    Noqonuniy avtoturargohlar shu yo‘l bilan tizimlashtirilayotgani o‘rinli, albatta. Sababi, biz yuqorida tilga olgan “stoyanshik”lar faoliyatidan norozilar nihoyatda ko‘paydi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi to‘xtash joylarida noqonuniy tarzda pul talab qilish holatlari haqida xabar berishga chaqirdi.

    Qo‘mita axborotiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, transportlarni saqlash (to‘xtash) uchun to‘lov undirish maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida amalga oshiriladi hamda u belgilangan tariflarga muvofiq bo‘lishi shart.

    Fuqarolar elektr zaryadlash stansiyasi yoki avtoturargohda transport vositasini to‘xtatish uchun noqonuniy tarzda to‘lov talab qilish holatlariga duch kelsa, 1159 qisqa raqamiga murojaat qilishi mumkin.

    Soliq qo‘mitasidan masala yuzasidan ma’lumot so‘raganimizda, mas’ullar avtoturargohlar faoliyatining qonunga muvofiqligi soliq organi tomonidan muntazam nazorat qilib borilishi, agar yuridik shaxs avtoturargoh xizmati bilan birgalikda boshqa faoliyat bilan ham shug‘ullansa, har bir faoliyat turi bo‘yicha alohida hisob yuritilishi lozimligini ta’kidladi.

    Ushbu surishtiruvimiz poytaxtimiz Toshkent shahri misolida bo‘ldi. Lekin mamlakatimizning boshqa hududlarida-chi, katta-katta shahar-tuman markazlarida bu borada muammo yo‘qmi?

    Demak, kichkina deb qaraladigan masalaning ancha katta tomonlari ham yo‘q emasga o‘xshaydi.

    Ha, qonunchiligimizda barchasi aniq-ravshan ko‘rsatib o‘tilgan. Biz o‘rgangan jihatlar esa noqonuniy holat bo‘lib, tashkil etilayotgan yangi tizim orqali barchasi to‘liq bartaraf etilishi ko‘zda tutilgan.

    O‘rganishlarimiz natijasida yuzaga chiqqan va surdotarjimonimizni qiynagan bir muammo — nogironligi bor “stoyanshik”larning keyingi taqdiri, ularni ish bilan ta’minlash masalasini esa mutasaddi tashkilotlar ixtiyoriga qoldiramiz.

    Zero, mamlakatimizda “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida barcha jabha va fuqarolarni qamrab olish nazarda tutilgan.

    Abu Bakir O‘ROZOV,

    jurnalist.

    “Hurriyat” gazetasining 2025-yil 11-iyun №23 sonidan olindi