Imtihonni qayerda topshirgan maʼqul

    Yashil sayyora 8 Avgust 2021 738

    Maʼlumki, bu yil ham pandemiya tufayli OTMlarga kirish imtihonlari, ochiq maydonlarda, stadionlarda oʻtkazilyapti. 2021-2022 oʻquv yili uchun 130dan ortiq OTMlarga kirish imtihonlari asosan markaziy stadionlar, olimpiya zaxiralari kollejlari maydonlarda boʻlib oʻtadi. Davlat test markazi maʼlumotlariga koʻra, bu yilgi kirish imtihonlari uchun 1 million 237 ming 904 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtgan.

    Yozning nihoyatda issiq sharoitida esa faqatgina poytaxtda test sinovlari yashil hududlar, yaʼni Botanika hamda “Gʻalaba” bogʻlarida oʻtkazilyapti. Boshqa biron hududda OTMlarga kirish imtihonlari soya-salqin istirohat bogʻlari yoki xiyobonlarda tashkil etilgani yoʻq.

    Jazirama sharoitda stadionda imtihon topshirishning sogʻliq uchun salbiy tomonlari mavjudligini inkor qilib boʻlmaydi. Bunda inson tanasining harorati 37,1 dan 38,8 gacha koʻtarilishi oqibatida tananing qizarishiga va kuchli chanqoqqa olib kelishi, keyinchalik, hushdan ketish va nafas qisishi mumkin. Xiyobonlarda imtihon topshirishi esa salomatlikka salbiy taʼsir koʻrsatmaydi.

    Tadqiqotlarga koʻra, katta yoshdagi daraxt yiliga oʻrta hisobda 150 kilogramm karbonat angidrid yutadi, daraxtlar shahar sharoitida atmosfera havosi darajasini 2-8 gradusga pasaytirishi mumkin. Binolar yaqinida ekilgan daraxtlar esa konditsionerlardan foydalanishni 30 foizga kamaytiradi.

    Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi. Jazirama issiq kunlarda, havo harorati 43-44 daraja issiq kuzatilayotgan bir paytda test sinovlarining oʻtkazilishi uchun nega istirohat bogʻlari tanlanmadi? Hududlardagi 70dan ortiq OTMlarga kirish imtihonlari nega xiyobonlarda oʻtkazilmayapti?

    Vaholanki, Jizzax shahridagi “Oʻrda” ekologik bogʻi, Samarqanddagi “Universitet xiyoboni”, Namangandagi Zahiriddin Muhammad Bobur, Navoiydagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bogʻlari ham imtihonlar oʻtkazish uchun ayni shu kunlarda qoʻl kelishi mumkinku.

    Bugun poytaxtdagi bir qator istirohat bogʻlari faoliyati rekonstruksiya va boshqa sabablarga koʻra toʻxtatilgan. Gʻafur Gʻulom, Mirzo Ulugʻbek, “Doʻstlik” nomidagi madaniyat va istirohat bogʻlari shular jumlasidandir. Doimiy yashilligi va yaratilgan qulayliklari tufayli nafaqat poytaxt, balki butun mamlakatimiz ahli eʼtirof etadigan ushbu bogʻlarda ham test sinovlari oʻtkazilishi mumkin edi.

    Samarqand shahridagi Mirzo Ulugʻbek, Termizdagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi bogʻlarning ayni paytdagi holati kishi taʼbini xira qilishdan nariga oʻtmaydi. Bu bogʻlar koʻz oʻngimizda oʻz tarovatini yoʻqotib, chiqindilar bilan toʻlib boryapti. Abituriyentlar esa ochiq maydonlarda imtihon topshirishda davom etyapti.

    Sirasini aytganda, shaharlarimizdagi xiyobonlarning koʻpchiligi eʼtibordan chetda qolib ketgan. Ularning keyingi taqdiri borasida aniq maʼlumotni uchratish mushkul.

    Umid qilamizki, mutasaddilar mazkur muammolarga eʼtibor qaratib, ularni bartaraf etish, xiyobonlarni haqiqiy yashil hududlarga va aholimizning sevimli maskanlariga aylantirish boʻyicha amaliy qadamlarni qoʻyadi.

    Shu kunlarda boʻlib oʻtayotgan OTMlarga kirish imtihonlari kabi ommaviy tadbirlar ham pandemiya sharoitida mazkur xiyobonlarda oʻtkazilishi ayni muddao boʻlardi.

    Kamol Jumaniyozov, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari.