Infratuzilma tarmoqlariga investitsiya kiritishning iqtisodiy oʻsishga taʼsiri qanday?

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari infratuzilma tarmoqlariga kiritilgan investitsiyalarning iqtisodiy taraqqiyotga taʼsirini baholadi.

    Institut ekspertlari xorijiy tajribani oʻrganish asosida sogʻliqni saqlash, taʼlim, elektr energiyasi va suv taʼminoti, yoʻl-transport, maʼlumotlarni qayta ishlash va uzatish tizimlarini rivojlantirishga kiritilgan investitsiyalarning Oʻzbekistondagi iqtisodiy oʻsishga taʼsirini baholovchi elastiklik koeffitsiyentini hisoblab chiqdi.

    Hisob-kitoblar Oʻzbekistonning 14 ta hududi kesimida 2010-2021-yillarda ushbu tarmoqlarga kiritilgan investitsiyalar va yalpi hududiy mahsulot (YAHM) boʻyicha panel maʼlumotlar asosida juft regressiya modellarini tuzish orqali amalga oshirildi.

    Tadqiqot davomida infratuzilma tarmoqlariga investitsiyalarning kiritilishi iqtisodiy taraqqiyotga quyidagicha taʼsir koʻrsatishi ilmiy jihatdan asoslab berildi:

    – infratuzilmaning barcha tarmoqlariga kiritilgan investitsiyalar iqtisodiy oʻsishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi;

    – inson kapitalini oshirish bilan bogʻliq infratuzilmaga kiritilgan investitsiyalar eng yuqori taʼsir (elastiklik koeffitsiyent)ga ega, yaʼni taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimlariga kiritiladigan investitsiyalar 1 foizga oshganda, YAHM mos ravishda 0,52 va 0,43 foizga oʻsadi;

    – transport va raqamlashtirish sohalarini rivojlantirish uchun kiritilgan investitsiyalar ham iqtisodiyotning rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega, yaʼni ushbu tarmoqlarga yoʻnaltirilgan investitsiyalar 1 foizga oshganda, YAHM mos ravishda 0,32 va 0,30 foizga oʻsadi.

    Elektr energiyasi va suv taʼminoti tarmoqlariga kiritiladigan investitsiyalarning taʼsiri (elastiklik koeffitsiyenti) boshqa infratuzilma tarmoqlaridagiga nisbatan pastroq, yaʼni ushbu sohalarga yoʻnaltirilgan investitsiyalarning 1 foizga oshishi YAHMning mos ravishda 0,16 va 0,08 foiz oʻsishiga olib keladi. Nazariyaga koʻra, bunday natija ushbu sohalarga kiritilgan investitsiyalar nisbatan uzoqroq vaqtdan soʻng iqtisodiy foyda keltirishi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, ushbu tarmoqlar boshqa sohalarning rivojlanishi uchun asos ekanligini yoddan chiqarmaslik lozim. Ularni rivojlantirmasdan, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga investitsiya kiritish kutilgan natijani berishi qiyin.