Innovatsion ilmiy-texnologik markazni yaratish boʻyicha Memorandum imzolandi

    Joriy yilning 23 – 31-avgust kunlari “Navoiyuran” DK bosh direktori Djamal Fayzullayev boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida boʻlishdi.

    Tashrif davomida Xitoy Xalq Respublikasi Atom energetikasi agentligi hamda Xitoy Energetika boshqarmasi rahbariyati bilan ushrashuvlar oʻtkazildi. Muloqotlar davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari, jumladan 2024-yilning yanvar oyida davlatimiz rahbarining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan tashriflari davomida Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasining uran yoʻnalishi boʻyicha yirik korporatsiyalari oʻrtasida imzolangan kelishuvlar muhokama qilindi.

    Tashrif davomida “Navoiyuran” DKning mutaxassislari China National Uranium Corporation (CNNC) korporatsiyasi tarkibidagi “BRICEM CNUC” (geologiya) va “BRIUG CNUC” (texnologiya) ilmiy markazlariga tashrif buyurishib, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda tatbiq etilgan texnologiyalar bilan tanishishdi.

    Xorijiy safar davomida CNNC korporatsiyasi tarkibidagi uran mahsulotini konversiya qilish va boyitish, atom elektr stansiyalari uchun yoqilgʻi ishlab chiqarish majmualari faoliyati hamda korporatsiyada qoʻllanilayotgan yangi innovatsion texnologiyalar bilan ham tanishildi. Shuningdek, korporatsiya rahbariyati bilan ushbu texnologiyalarni respublikamizda joriy qilish orqali qoʻshimcha qiymatli mahsulot yaratish borasida muzokaralar olib borildi.

    Xizmat safari yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, “Navoiyuran” DK hamda CNNC korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi CNUC kompaniyasi bilan respublikamizda istiqbolli hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish boʻyicha uch tomonlama kelishuv hamda uran va boshqa foydali elementlarni qidirish hamda ajratib olish boʻyicha Innovatsion ilmiy-texnologik markazni yaratish boʻyicha Memorandum imzolandi.

    Imzolangan hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning sentyabr oyida CNNC korporatsiyasi vakillarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurishi hamda ishlarni boshlashga kelishib olindi.

    “Navoiyuran” DK axborot xizmati