Toshkentda birinchi oʻzbek-xorvatiya biznes-forumi boʻlib oʻtdi

    Forum davomida erishilgan kelishuvlar esa Oʻzbekiston va Xorvatiya oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga asos boʻlib xizmat qiladi.

    Joriy yilning 11-dekabr kuni Toshkentdagi Xalqaro biznes markazida tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan birinchi oʻzbek-xorvatiya biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

    Ushbu tadbir ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻlida muhim qadam boʻldi.

    Forumda delegatsiyalarga Oʻzbekiston tomonidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Xorvatiya tomonidan esa Yevropa ishlari va tashqi ishlar vaziri Gordan Radman rahbarlik qildi. Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, oʻzbek ishbilarmon doiralari va “Apiherbal Ltd”, “Legio Nordica”, “Infobip”, “Podravka”, “Đuro Đaković Montaža-Izolak” kabi 50 dan ortiq taniqli xorvat kompaniyalari ishtirok etdi.

    Oʻz nutqida Laziz Kudratov Oʻzbekiston va Xorvatiya oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirishning ahamiyatini alohida taʼkidlab, Yevropa bozorlariga “ GSP+” tizimi orqali preferensial kirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, global raqamli transformatsiya davrida mavjud resurslar va imkoniyatlardan toʻliq foydalanish muhim ekanligini taʼkidladi.

    Forum doirasida xorijiy mehmonlarga Oʻzbekistonda tadbirkorlik uchun yaratilgan qulay sharoitlar, investitsiyaviy salohiyat, shuningdek, raqamli texnologiyalar, taʼlim, farmatsevtika mahsulotlari, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat ishlab chiqarish sohalaridagi keng imkoniyatlar taqdim etildi.

    Tadbir dasturiga muvofiq, B2B va B2G formatdagi uchrashuvlar boʻlib, ular orqali ishtirokchilar yangi aloqalar oʻrnatish, istiqbolli qoʻshma loyihalar va savdo kelishuvlarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻldilar.

    Ekspertlar fikriga koʻra, ushbu biznes-forum gʻoyalar va tashabbuslar almashish, shuningdek, hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilash uchun muhim platformaga aylandi. Forum davomida erishilgan kelishuvlar esa Oʻzbekiston va Xorvatiya oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga asos boʻlib xizmat qiladi.