Otasi tomondan Oʻzbekistonga olib kelinib, onasi bilan muloqot qildirilmagan 3 yoshli qiz Rossiyaga qaytarildi

    Xalqaro hamkorlik 26 Iyun 2025 502

    Ota qizini 2024-yil oktyabrgacha ruxsat asosida olib kelib, oʻzi oʻtgan yilning oʻzida ishlash uchun Rossiyaga qaytgan. Qizcha esa buvisi bilan Samarqandda istiqomat qilib kelayotgan edi.

    Qayd etilishicha, Bolalar ombudsmani nomiga Rossiya Federatsiyasi Bola huquqlari boʻyicha vakili murojaat qilib, RF fuqarosi boʻlgan ayol K.S ning qizi A.S (2021-yilda RFda tugʻilgan) Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan otasi A.S (1991-yilda tugʻilgan erkak) tomonidan 2024-yilning oktyabr oyigacha boʻlgan ruxsat asosida olib ketilgan boʻlsada, onaning qarshiligiga qaramay farzandi ota tomonidan bugungi kunga qadar Oʻzbekistonda ushlab qolinayotganligi, A.S. aloqaga chiqmay, bolaning ahvoli haqida xabar bermayotganligi, otaning yashash manzili nomaʼlum ekanligini bildirib, bolaning turgan manzilini aniqlab, ona va bola aloqasini tiklashda amaliy yordam soʻragan.

    Bolalar ombudsmani soʻrovi asosida Ichki ishlar organlari tomonidan olib borilgan oʻrganish natijasida, ota A.S. 2024-yilning oʻzida ishlash maqsadida Sankt-Peterburg shahriga ketganligi, voyaga yetmagan qizi S.A esa buvisi A.G (1964-yilda tugʻilgan ayol) qaramogʻiga topshirilganligi aniqlanib, shu kunga qadar Samarqand shahrida istiqomat qilib kelayotganligi maʼlum boʻldi.

    Mutasaddilarning koʻrgan choralari natijasida bolaning buvisi A.G. oʻz xohishiga koʻra nevarasi S.A ni onasiga topshirdi va qizaloq onasi K.S hamrohligida Rossiya Federatsiyasiga qaytdi.