Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Janubiy Koreyaning “Ecofarm Global Co.” kompaniyasi rahbari Lim Sang Hva bilan kompaniya tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ikki yirik loyihani muhokama qildi.
hokimlik axborot xizmatining xabar berishicha, birinchi loyiha Namangan — Toshkent yoʻnalishida zamonaviy Karvonsaroy, savdo markazi, restoran, dam olish maskani va avtoturargoh barpo etishni oʻz ichiga oladi.
Loyiha Chust tumanidagi “Fargʻona halqa avtomobil yoʻli A-373” hududida 7 gektar maydonda amalga oshiriladi. Loyiha qiymati 5 million dollar boʻlib, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga moliyalashtiriladi. Markaz yiliga 100 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi va natijada 50 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Loyiha 2025-yilning toʻrtinchi choragida ishga tushishi kutilmoqda.
Ikkinchi loyiha esa zamonaviy logistika markazi va temir yoʻl terminali qurishdan iborat. Bu loyiha Namangan viloyati Chust tumanidagi «Namangan erkin iqtisodiy zonasi«da 10 gektar maydonda joylashadi.
Loyiha qiymati 50 million dollar boʻlib, past haroratli omborxonalar va yoʻlovchilar uchun temir yoʻl terminali barpo etiladi. Bu markaz yiliga 100,0 ming tonna mahsulotni saqlash quvvatiga ega va 100 ta ish oʻrni yaratiladi. Loyihaning birinchi bosqichi 2025-yilning toʻrtinchi choragida, ikkinchi bosqichi esa 2026-yilning toʻrtinchi choragida ishga tushadi.
«Ikki loyiha ham Namangan viloyatining transport va savdo infratuzilmasini rivojlantirishga katta hissa qoʻshadi«, deyiladi axborot xizmati xabarida.