BMT vakillari Oʻzbekistonni BMTning 6 ta asosiy organlaridan biri hisoblangan iqtisodiy va ilmiy kengashiga (ECOSOS) aʼzo boʻlganini alohida taʼkidlab oʻtdi. Ushbu tashkilotga aʼzolik Oʻzbekistonning ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi muammolarni yechishda eng ilgʻor xalqaro ilm-fan va texnologiyalar boʻyicha tajriba almashish va hamkorlik qilish imkonini beradi.

Jumladan, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, yashil texnologiyalarni keng joriy qilish, xavfsiz suv va sanitariyani taʼminlashda ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy qilish va soha mutaxassislari malakasini oshirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida Savdo va taraqqiyot konferensiyasi koʻmagida qishloq xoʻjaligida sunʼiy yoʻldosh texnologiyalarini joriy qilish, logistika tizimini takomillashtirish va texnoparklarni boshqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va kadrlar malakasini oshirish dasturini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.