“Innoweek.uz – 2021” xalqaro haftaligi: yangi innovasion va investision imkoniyatlar maydoni

    “InnoWeek.Uz-2021” innovasion g'oyalar xalqaro haftaligi mavjud innovasion texnologiyalar bilan tanishish, yangi biznes munosabatlarni yo'lga qo'yish, potensial sarmoyadorlarni jalb etish va ishonchli hamkorlar topish uchun ajoyib imkoniyatdir.

    Poytaxtimizda xorijiy ilmiy-innovatsion markazlar, investitsiya jamg'armalari, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes inkubatorlarning faol ishtirokida navbatdagi “InnoWeek.Uz-2021” innovasion g'oyalar xalqaro haftaligi bo'lib o'tmoqda. Bu anjuman mavjud innovasion texnologiyalar bilan tanishish, yangi biznes munosabatlarni yo'lga qo'yish, potensial sarmoyadorlarni jalb etish va ishonchli hamkorlar topish uchun ajoyib imkoniyatdir.

    Haftalik doirasida o'tkazilayotgan qator tarbirlarda innovasiya kirib borgan har bir soha faoliyatiga e'tibor qaratiladi hamda yangi loyihalar turli ko'rgazmalarda taqdim etiladi. Haftalikning ilk tadbiri — “Orolbo'yini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududiga aylantiramiz” mavzusidagi xalqaro konferensiyada asosiy e'tibor Orolbo'yi mintaqasida innovasiyalar hamda ekologik toza energiya va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, cho'llanishning oldini olish va ekologik turizm rivojiga qaratildi. Unda O'zbekiston Respublikasi innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Yaponiya bilan SATREPS dasturi doirasida ilmiy-tajriba ishlari va Germaniya bilan CLIENT III dasturi doirasida yangi qo'shma tanlov o'tkazishga poydevor qo'yilganini e'lon qildi.

    Mahalliy va xorijiy texnologiyalarni namoyish etish, aholi hayot darajasini yaxshilash va texnologiyalar almashinuvi orqali iqtisodiyot uchun foydali yangi investision imkoniyatlarni jalb qilish maqsadida tashkil etilgan yorqin tadbirlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirmoqda. Xalqaro innovasion yarmarka, pandemiyadan keyingi davr uchun innovasiyalar va investisiyalar forumi, oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar bilan xo'jalik boshqaruvi organlari, tarmoq tashkilotlari va hududlar hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish forumining ikkinchi (kuzgi) bosqichi mahalliy va xorijiy hamkorlar, investorlarga yangi istiqbolli innovasion ishlanmalar bilan tanishish imkonini bermoqda.

    — Innovasion ekotizimni barpo etishda bu kabi tadbirlarning ahamiyati beqiyos, — deydi Innovasiyalar milliy ofisi direktori Olimjon To'ychiev. — Negaki, aynan shunday tadbirlarda yangidan-yangi ixtirolar, ishlanmalar keng omma e'tiboriga havola etiladi. Bu orqali esa jamiyatda innovasion qarashlarni rivojlantirishga erishamiz. Tadbir bejiz Innovasion rivojlanish vazirligi binosida — innovasiyalar uyida tashkil etilmayapti. Bu bir tom ostida ham ishlab chiqaruvchilar, ham olimlar, ham talabalarni jamlab, ularning hamkorligini yanada kuchaytirishga zamin yaratmoqda.

    Haftalikda yuzdan ortiq mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchi, innovatorlar, universitetlar o'z ishlanmalari, tadqiqot mahsullari bilan qatnashmoqda. Ular orasida navqiron avlod vakillarining ko'pligi innovasion g'oyalarni amaliyotga keng joriy etish orqali mamlakat ilmiy-texnik taraqqiyotiga munosib hissa qo'sha oladigan salohiyatli yoshlar etishib kelayotganidan dalolatdir.

    — Innovasion g'oyalar haftaligini yoshlarsiz tasavvur qilib bo'lmaydi, — dedi Innovasiyalar milliy ofisi direktori o'rinbosari Akbarxon Sobirxonov. — Haftalikda yoshlar uchun juda ko'p tadbirlar rejalashtirilgan. Joriy yil boshidan buyon butun respublika bo'ylab o'tkazib kelinayotgan texnologik rivojlanish marafoni ana shunday tadbirlardan biridir. Marafonning asosiy maqsadi aynan startapgacha etib kela olmagan yoshlarni bir joyga yig'ish, ularga g'oyani qanday yaratish, g'oyadan prototipgacha bo'lgan jarayon va o'z tadbirkorligini boshlash borasida bilim va ko'nikma berishdir.

    Forumda 44 ta yangi loyiha bilan birga tijoratlashtirilayotgan innovasion ishlanmalar hamda innovasion hududlarda ishlab chiqarilayotgan 200 dan ortiq mahsulot, 2022 yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan innovasion ishlanmalar taqdim etilmoqda. Mazkur loyihalar asosan qishloq xo'jaligi, tibbiyot va farmasevtika hamda energetika sohalariga tegishli. Haftalik ularga yangi hamkorlik aloqalarini o'rnatish, loyihalarini ishlab chiqarishga yanada keng tatbiq etishda maydon vazifasini o'tamoqda.

    — Buxoro viloyatining Romitan tumanidan keldik, — deydi “TURON KOMPLEKT” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jamshid Sobirov. — O'zbekistonda ilk bor quvvati 250 litrdan 35 tonnagacha bo'lgan suv fil`trlari loyihasiga Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan 850 million so'm mablag' ajratilgandi. O'z mablag'imizni qo'shgan holda tijoratlashtirib, amaliyotga tatbiq qildik. Bu suv fil`trlari aholini toza ichimlik suv bilan ta'minlashdan tashqari bog'dorchilik, issiqxonalar, yirik zavod va fabrikalar, qolaversa, toza suvga talab bor barcha qatlamni qamrab olishga mo'ljallangan. Haftalikning ilk kunida 400 million so'mlik shartnoma imzolaganimiz loyihaning istiqbolli ekanidan dalolat beradi.

    Haftalik dasturidan o'rin olgan “Sun'iy intellekt — texnologik rivojlanish asosi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada bugungi kunda raqamlashtirishga katta ehtiyoj sezayotgan tibbiyot sohasidagi bir nechta sun'iy intellektga e'tibor qaratildi.

    Haftalik doirasida 24-26 noyabr` kunlari an'anaviy “International Robotics Challenge — 2021” robototexnika musobaqasi bo'lib o'tadi. 16 yoshdan 22 yoshgacha bo'lganlarni qamrab olgan ushbu musobaqada robototexnikaga qiziquvchi yoshlar o'zaro bellashadi hamda eng yaxshi ishtirokchilar qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanadi. Bu yilgi musobaqada 20 ta mamlakatdan ishtirokchilar qatnashmoqda.

    Haftalikning yana bir yorqin tadbiri “Vodorod texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejamkorlik sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish” mavzusidagi konferentsiyada energiyasamaradorlik va energiyatejamkorlikka erishish yo'llari xususida ma'ruzalar tinglandi. Konferensiyada sohaning xalqaro miqyosdagi tajribali mutaxassislari qatnashdi. Jumladan, energiya manbalarining taqchilligi bilan bog'liq global muammolarning innovasion echimlari hamda ularni hayotga tatbiq etish yo'llari muhokama qilindi.

    Haftalik doirasida qayta tiklanuvchi energetika va “yashil” vodorod texnologiyalari hamda energiyasamaradorlik va energiyatejamkorlik sohalarining rivojiga taalluqli yangi texnologiyalar, mahsulotlar, g'oyalar, loyihalar ko'rgazmalari tashkil etildi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasida vodorod energetikasining rivojlanish holati bo'yicha yillik hisobot taqdimoti o'tkaziladi.

    Haftalik oflayn va onlayn tarzda bo'lib o'tmoqda. Unda dunyoning 50 ga yaqin mamlakatidan ixtirochilar, investorlar va ilm-fan namoyondalari ishtirok etmoqda.

    Risolat MADIEVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri