Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy vazifasi – inson huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan adolatli fuqarolik jamiyatini qurish orqali fuqarolarning farovon hayoti uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan asosiy qoʻshimchalar qatorida inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi yangiliklar muhim ahamiyatga ega.
Mamlakat mustaqillikka erishgan paytda jinoyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari oʻlim jazosini nazarda tutuvchi 30 dan ortiq moddalardan iborat edi. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yilgi Jinoyat kodeksida bunday moddalar soni 13 ta, 1998-yilda 8 ta, 2001-yilda esa 4 tagacha kamaytirildi. 2003-yilda jinoyat qonunchiligini liberallashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgandan soʻng, faqat ikki turdagi jinoyat javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun oʻlim jazosi nazarda tutilgan edi.
Mamlakatda jamiyat va davlat hayotini demokratik jihatdan yanada yangilash, mamlakatni modernizatsiya qilish borasidagi islohotlarning mohiyati va mazmuni, sud-huquq tizimini liberallashtirish boʻyicha olib borilgan ishlarning natijalari jazo turi sifatida oʻlim jazosi bekor qilinishini hamda uni umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi bilan almashtirilishi zarurligini taqozo etdi. Xususan, Oʻzbekistonda favqulodda jazo chorasi sifatida oʻlim jazosi Oʻzbekiston Respublikasida 2008-yilning 1-yanvaridan bekor qilingan boʻlsa-da, ammo bu norma davlatimizning asosiy Qonunida oʻz aksini topmagan edi. Yangi konstitutsiyamizning 25-moddasida yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi ekanligi va u qonun bilan muhofaza qilinishi, inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyat boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasida oʻlim jazosi taqiqlanishi mustahkamlandi.
Afsuski, jahon amaliyotida hamon shaxsni qiynoqqa solish, uning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish holatlari uchrab turibdi. Asosiy qomusimizning 26-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq hech qanday bahonalar zoʻravonlikni, boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsitilishini oqlashga sabab boʻla olmaydi. Tergov yoki sud ish yurituvi jarayonida shaxs gumon qilinayotgan yoki ogʻir jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan hollarda ham bunday usullardan foydalanish butunlay taqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 26-moddasi uchinchi qismida esa, “hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar oʻtkazilishi mumkin emas”ligi belgilangan. Konstitutsiyada belgilangan mazkur norma jinoyat qonunida:
birinchidan, shaxs tirikligida uning roziligini olmasdan turib yoki oʻlganidan keyin yaqin qarindoshlarining roziligisiz ilmiy ishlar yoxud taʼlim ishlari uchun transplantatsiya qilish yoki buzilmaydigan holda saqlash (konservatsiya) maqsadida murdaning aʼzolari yoki toʻqimalarini ajratib olish uchun jinoiy javobgarlik belgilash (inson aʼzolari yoki toʻqimalarini ajratib olish JKning 133 -moddasi);
ikkinchidan, kishi aʼzolarini kesib olib, boshqa kishiga koʻchirish (transplantant) yoki murdaning qismlaridan foydalanish maqsadida qasddan odam oʻldirishni, kishi aʼzolarini kesib olib, boshqa kishiga koʻchirish (transplantant) maqsadida qasddan badanga ogʻir shikast yetkazishni jazoni ogʻirlashtiruvchi holatlarda sodir etilgan jinoyatlar deb baholash uchun asos boʻladi.
Shuni ham taʼkidlash kerakki, koʻpchilik vatandoshlarimizda huquqiy ong va savodxonlik yetarli darajada emasligi sababli ular oʻz huquqlarini, xususan, tergov jarayonida oʻzlarini qanday tutishni bilishmaydi. Bunday hollarda odamlardan oʻzlarining aybsizligini yoki jinoyatga aloqador emasligini isbotlash talab qilinmaydi. Tergov organlari yoki surishtiruv organlari buni isbotlashlari lozim.
Germaniyada ayblanuvchining sukut saqlash huquqi 1879-yilda Jinoyat-protsessual kodeksida mustahkamlangan. Fransiyada Miranda qoidasi 1993-yildan boshlab tatbiq etilganligini, Rossiyada Miranda qoidasi faqat Jinoyat-protsessual kodeksida belgilanganligini koʻrishimiz mumkin.
Shuningdek, JPKning 226-moddasida ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan paytdan eʼtiboran koʻpi bilan qirq sakkiz soatni tashkil etishi, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda, ushlab turish sudning qarori bilan qoʻshimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkinligi mustahkamlangan.
Aksar hollarda, shaxs oʻzining protsessual huquqlarini faqat jinoyat sodir etishda gumon qilinib, qamoqqa olinishiga duch kelganida bilib oladi. Har bir shaxs bunday konstitutsiyaviy huquqqa ega ekanligini ayblov qoʻyilishidan keyin emas, balki undan oldin bilishi lozim. Miranda qoidasi jinoyat ishini obyektiv tergov qilish va oʻzboshimchalikning, shuningdek tergov organlari tomonidan noqonuniy usullarning oldini olishga xizmat qiladi.
Qator mamlakatlar, jumladan Turkiya, Shveysariya, Ispaniya, Polsha, Gruziya konstitutsiyalarida Miranda qoidasi qonunan tartibga solingan. Bu ham bejizga emas, chunki asosiy qonunda inson huquq va erkinliklari kafolatini kuchaytirishga oid normalar belgilanishi lozim. Inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari jamiyatimizning eng oliy qadriyati boʻlib, ishonch bilan aytish mumkinki, yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti va aholi farovonligini oshirish yoʻlida dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.
Dilnoza Karaketova,
Toshkent davlat yuridik universiteti oʻqituvchisi