O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi davlatimiz mustaqilligining huquqiy poydevori, xalq xohish-irodasining oliy ifodasi ekanligini hayotda namoyon etmoqda. Zero, Bosh Qomusimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan, rivojlangan davlatlarning konstitutsiyaviy tajribasiga, milliy davlatchilik tariximizning boy qadriyatlariga asoslangani bilan ham qadrlidir. Jumladan, Asosiy qonunimizning 2-moddasida “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas'uldirlar” deb belgilab qo'yilgan. Bu fuqarolarning huquq va manfaatlari ustunligini va ular konstitutsiyaviy darajada kafolatlanganini anglatadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yangi institut sifatida “Xalq qabulxonalari”, “Ishonch telefonlari”, “Sayyor sudlar”, hokim va to'rt sektor rahbarlari hamkorligida xalq dardu-tashvishi, muammolari tinglanib hal qilinayotgani Bosh Qomusimizda belgilangan tamoyillarning hayotda to'la ro'yobga chiqayotganini yaqqol ifoda etadi.
So'nggi yillarda mamlakatimizda oilalarga, aholi orasiga kirib, odamlarni qiynayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish, ijtimoiy himoyaga muhtojlarni qo'llab-quvvatlashga e'tibor kuchaydi. Mahallalarda temir daftarlar joriy etilib, ehtiyojmand qatlam xonadonma-xonadon yurib aniqlanmoqda. Hatto sinovli yil bo'lib kelgan joriy yilda bu boradagi ishlar aslo susaygani yo'q, akksincha ijtimoiy himoyaga e'tibor har qachongidan ham kuchaydi. Koronavirus infektsiya tarqalishi natijasida aholining malakali tibbiy yordamga ehtiyoji yanada oshgani e'tiborga olinib, respublikamizning barcha hududlarida maxsus shifoxonalar barpo etildi.
Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini muhofazalash borasida belgilangan muhim tamoyillar ham hayotimizda to'la o'z ifodasini topmoqda. Buni fuqarolik masalalarini hal etish, mehnat muhojirlarini qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlar misolida ko'rish mumkin. Darhaqiqat, 1991 yildan 2016 yil dekabrgacha 482 kishi O'zbekiston fuqaroligini olgan bo'lsa, 2016 yil dekabrdan 2020 yilgacha bo'lgan muddatda bunday shaxslar 15 000 ming nafarni tashkil etdi. Bundan tashqari, joriy yilning mart oyida yangi tahrirda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi to'g'risida”gi qonunga binoan 1995 yil 1 yanvarga qadar O'zbekistonda yashab kelgan 50 000 fuqaroligi bo'lmagan shaxslar O'zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olindi.
Inson huquqlari himoyasining yangi bosqichi sifatida sud-tergov amaliyotida dalillarni to'plash va baholashda qonuniylik va xolislikni ta'minlashga to'sqinlik qiladigan holatlarni bartaraf etish maqsadida Prezidentimizning “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga binoan, O'zbekistonda qiynoqqa solish, ruhiy, jismoniy bosim o'tkazish va boshqa zo'ravonlik holatlariga mutlaqo yo'l qo'yilmasligi, jinoyat ishlari doirasida noqonuniy usullar bilan olingan har qanday ma'lumotlardan, jumladan, audio va video materiallardan, ashyoviy dalillardan foydalanishning qat'iyan taqiqlanishi belgilandi. SHuningdek, farmon bilan advokatlar jinoyat ishi bo'yicha dalillarni to'plash va taqdim etish huquqiga ega bo'lishi, bu dalillar tergov va sud idoralari tomonidan majburiy tekshirilishi va baholanishi shartligi belgilab qo'yildi. Qiynoqqa solish kabi noqonuniy usullarni qo'llashni qat'iyan cheklash maqsadida tergov va vaqtincha saqlash hibsxonalarida videokuzatuv vositalari joriy etilgani ham e'tiborga loyiqdir.
Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining “Majburiy mehnat to'g'risida”gi, “Sanoat va savdoda mehnat inspektsiyasi to'g'risida”gi konventsiyalari ratifikatsiya qilingani, xotin-qizlarning gender tengligi va oilaviy zo'ravonlik hamda tazyiqqa uchrashining oldini oilsh borasida qabul qilingan qonunlar inson huquqlarini himoyalash borasidagi ishlarda muhim huquqiy asos bo'lmoqda. Buning natijasida xotin-qizlarimizning jamiyatdagi faolligi oshib, opa-singillarimizning jamiyat hayoti faolligi kuchaymoqda.
So'nggi yillarda sud-huquq sohalarida ham muhim islohotlar amalga oshirildi. Sudlarda ishlarni ko'rib chiqishning qat'iy muddatlari belgilandi, kassatsiya va nazorat instantsiyalari isloh qilindi, ishlarni qayta ko'rib chiqishning apellyatsiya tartibi joriy etildi. Mazkur tartib birinchi instantsiya sudlari tomonidan yo'l qo'yilgan hatolarni o'z vaqtida tuzatish, sud faoliyatida sansalorlikka yo'l qo'ymaslikning muhim kafolatiga aylandi.
Shuningdek, jinoyat va fuqarolik ishlarini malakali asosda ko'rib chiqish, inson huquq va erkinliklarini to'la va har tomonlama himoya qilish bo'yicha faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida umumiy yurisdiktsiya sudlarining ixtisoslashuvi amalga oshirildi. Fuqarolik va jinoyat ishlari bo'yicha sudlar tuzildi. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma'muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi etib belgilandi. Sud tizimini malakali, etuk kadrlar bilan ta'minlashda sud`yalik lavozimiga kadrlarni tanlash va tavsiya etish bo'yicha zamonaviy demokratik tamoyillarga asoslangan huquqiy mexanizmi yaratildi. YA'ni, mustaqil Sud`yalar oliy kengashi tashkil etilib, ushbu sohadagi vakolatlarni amalga oshirish unga yuklatildi. SHu bois ham, ilk bor sud`yalikka nomzodlarni tayyorlash, sud`yalar va sud apparati xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun mas'ul — Sud`yalar oliy maktabi tashkil etildi.
O'zbekistonda inson huquqlar borasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan alohida e'tirof etilayotgani quvonarlidir. Xususan, joriy Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida O'zbekiston ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylangani tarixiy voqeadir. Darhaqiqat, bugun O'zbekiston BMT va uning ixtisoslashgan mussasalari, Islom konferentsiyasi tashkiloti, EXHT, MDH, Turkiy tilli davlatlar kengashi doirasida hamkorlikni amalga oshirmoqda. Xalqaro hamkorlikning bunday keng qamrovli yo'nalishlari esa aynan Konstitutsiyamizga mustahkamlab qo'yilgan.
Mamlakatimizda ana shunday xalqchil Konstitutsiya tufayli fuqarolar va millatlararo totuvlik muhiti barqaror saqlanmoqda. Xalqimizning turmush farovonligi yildan-yilga oshib bormoqda, ijtimoiy-madaniy rivojlanish, ta'lim, ilm-fan sohalarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Jamiyatimizda bugun ro'y berayotgan muhim yangilanishlar ana shunday ezgu ishlarning bardavomligiga va farovon kelajagimizga zamin bo'ladi.
Feruza MUHIDDINOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori