Bu mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish va demokratik jamiyat qurish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar natijalarining xalqaro e'tirofidir.
Aytish kerakki, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri sanaladi. Bugungi kunda yurtimizda bu borada zamonaviy mezonlarga javob beradigan barqaror siyosiy tizim shakllandi. Inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni muhofaza qilish amaliyotida tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirishning milliy modeli yaratildi. Bu yo'nalishda ikki va ko'p tomonlama munosabatlarda, jumladan, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro forumlar doirasida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini qat'iy himoya qilish borasida muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda.
2021-2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zosi sifatida zimmamizga yuklanadigan mas'uliyatlardan ham to'la xabardormiz. endilikda so'nggi yillarda bu jabhada erishilgan natijalarni yanada mustahkamlash, mavjud muammolarni bartaraf etish, inson huquqlarini qat'iyat bilan targ'ib qilish va himoyalashga konstruktiv hissa qo'shish asosiy vazifamizdir. Bu yo'nalishda xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada qator vazifalarni amalga oshirish lozim.
Xususan, xalqaro darajada BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati, parlamentlar, xususiy sektor va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligini kuchaytirishga e'tibor qaratiladi. BMTning inson huquqlari bo'yicha oliy komissari bilan hamkorlikni mustahkamlash, mazkur xalqaro tashkilotning ekspertlarini yurtimizga taklif etish va aloqalarni kengaytirish choralari ko'riladi.
Barqaror rivojlanish uchun kun tartibini joriy etish bo'yicha global tashabbuslar va muhokamalarda faol ishtirok etish rejalashtirilyapti. Gender tenglikni ta'minlash, jamiyatda ayollarning rolini oshirish, shuningdek, ayollar salomatligini muhofazalash, reproduktiv salomatlikni asrash, ayollarga nisbatan har qanday tazyiq va zo'ravonlikning oldini olish, siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bilan bog'liq chora-tadbirlar kuchaytiriladi.
Bundan tashqari, ayollar, bolalar, nogironlar huquqlari va migratsiya masalalarida inson huquqlari, sog'liqni saqlash, ta'lim sohalarida eng yaxshi amaliyot, tajriba va yutuqlar keng targ'ib etiladi. Inson huquqlari sohasidagi ilm-fan yutuqlarini davlat organlari va jamoat tashkilotlari tizimida shaffoflik, ochiqlik va axborot olish faoliyatini qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish diqqat-
e'tiborda bo'ladi. e'tiborli jihati, tegishli moliyaviy resurslar bilan ta'minlash orqali inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro tashabbuslarga hissa qo'shish olamshumul harakatdir.
Bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida mintaqaviy darajada ham bir qator muhim rejalar tuzilmoqda. Birinchidan, Islom hamkorlik tashkiloti, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Evropa Ittifoqi, Evropa Kengashi, SHanxay hamkorlik tashkiloti va mintaqada inson huquqlarini targ'ib qilishda MDH kabi hamkorlar bilan doimiy ravishda ish olib boriladi. Osiyo mintaqasida inson huquqlari bo'yicha mintaqaviy mexanizmni tashkil etishga ko'maklashiladi va uning a'zo davlatlardagi o'rni va maqsadlari targ'ib etiladi.
Milliy darajada esa inson huquqlarini targ'ib qilish va himoyalash bo'yicha eng yuqori standartlarga rioya etish, inson huquqlari bo'yicha milliy va xalqaro darajadagi faoliyatning turli sohalarga to'liq integratsiyalashuvi ta'minlanadi. Bunda BMTning tegishli organlari bilan hamkorlik qilish va inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq milliy davriy hisobotlarni o'z vaqtida taqdim etish ustuvor vazifa hisoblanadi. Xususan, inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalarda belgilangan majburiyatlarni o'z vaqtida bajarish maqsadida bu yo'nalishdagi harakat rejalari samarali amalga oshirib boriladi.
O'zbekistonda inklyuziv ta'lim tizimi keyingi yillarda izchil rivojlanmoqda. Bu sohadagi milliy va xalqaro tajribalarni keng ommalashtirish, ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, alohida ehtiyojli bolalarning ta'limga oid va ijtimoiy inklyuziyasiga munosib hissa qo'shish muhim vazifa sanaladi. Bu sohada nogironlarning huquqlarini to'liq amalga oshirish chora-tadbirlarini ko'rgan holda, BMTning nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilish belgilangan.
Inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishda fuqarolik jamiyati va huquq himoyachilarining chinakam ishtiroki va bu tadbirlarga samarali jalb etilishi hamda ularning davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishiga ko'maklashiladi. Inson huquqlarini targ'ib qilish va himoya qilishda Inson huquqlari bo'yicha Samarqand deklaratsiyasini amalga tatbiq etish e'tiborda bo'ladi.
Ishonchimiz komilki, O'zbekistonning inson huquq va manfaatlarini himoyalash borasidagi ushbu dadil qadamlari nafaqat milliy, balki butun insoniyatning bugungi va kelajak taraqqiyotiga daxldor global muammolarning oqilona echimini topish va barqaror taraqqiyotga erishishida muhim samara beradi.
Gavhar YO'LDOSHEVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori