Bu galgi anʼanaviy xalqaro anjuman “Ekologik muammolar: oʻzgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish” mavzusiga bagʻishlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Inson huquqlari boʻyicha IV Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi. Tabrikni Prezidentning Matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov iqlim va inson huquqlari muammolari muhokama qilinadigan ushbu xalqaro anjuman Oʻzbekiston Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasidagi (SOP28) nutqida ilgari surilganini taʼkidladi.
Ochilish marosimida BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurk hamda YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi Direktori Matteo Mekachchining videomurojaatlari namoyish etildi. Forum ochilishida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri oʻrinbosari Muzraf Ikramov, BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabina Mahl ishtirokchilarni tabrikladi.
Spikerlar forumda hozirgi vaqtda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilayotganiga eʼtibor qaratdilar. Sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, yaʼni iqlim oʻzgarishi, bioxilma-xillik yoʻqolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayib boryapti. Bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham taʼsir koʻrsatyapti.
Barqaror rivojlanish yoʻlida eng asosiy tahdidga aylangan iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlari Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyoda ayniqsa jiddiy sezilyapti. Shunday murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim oʻzgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanib boryapti.
Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida Oʻzbekiston oʻz imkoniyatlari darajasida harakat qilayotgan boʻlishiga qaramay, bu saʼy-harakatlarni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qoʻllab-quvvatlashi juda muhim. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Prezidenti 2023-yil 20-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida soʻzlagan nutqida BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yoʻlida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Ushbu tashabbus global iqlim oʻzgarishlarining Markaziy Osiyo bilan bogʻliq tahdidlari oldini olish uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi hamda barcha hamkorlarning manfaatlariga birdek mos keladi.
2018-2022-yillar davomida Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar oʻrmonzorlar yaratildi. Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, Orolboʻyida bioxilma-xillikni saqlash uchun 3,5 million gektardan ortiq maydonda tabiat parklari, qoʻriqxonalar va davlat himoya hududlari barpo etildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisini markazlashgan tarzda ichimlik suv bilan taʼminlash holati ancha yaxshilandi.
Ф.Тюрк, jumladan, “ehtimol, hech bir joyda Orol dengizidagidek ekologik buzilish kuzatilmagan. Oʻtgan yili Oʻzbekistonda boʻlganimda bunga oʻzim guvoh boʻlganman”, — deb taʼkidladi. BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari taʼbiri bilan aytganda, “Bu misol shuni koʻrsatadiki, uch karra sayyora inqirozi faqatgina atrof-muhit va inson huquqlari uchun falokat emas. Bu bizning iqtisodiyotimiz uchun ham halokatdir. Markaziy Osiyoda faqat oʻtgan yilning oʻzida iqlim bilan bogʻliq ofatlar 3 milliard dollar zarar keltirdi”.
Shuningdek, М.Икрамов qayd etganidek, “global muammoga aylanib borayotgan avtomobillar harakatlanishi va tirbandliklarning avj olib borayotgani ham havoning ifloslanishi sabablarini keltirib chiqaryapti. Avtotransport vositalari atmosfera havosini azot oksidi bilan 45,7 foiz, uglevodorodlar bilan 42 foiz zararlantiradi. Yer yuzidagi jami bir yilda havoga chiqarib tashlanadigan 100 million tonnaga yaqin is gazining 75,5 million tonnasi yoki 78 foizi avtotransport vositalariga toʻgʻri keladi. Shu boisdan, bu global xavflar jarayonida inson huquqlarini himoya qilishning barqaror kelajagini belgilab olish, fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash – Yangi Oʻzbekistonning ustuvor strategik vazifalaridan biridir”.
М.Мекаччи fikricha, “Ekstremal ob-havo hodisalari allaqachon yashash, ishlash va oʻqish uchun xavfsiz joylarni izlayotgan, koʻpincha oʻz uylaridan uzoqda boʻlgan millionlab odamlarning migratsiya qilishi va koʻchishiga sabab boʻlyapti. Shuning uchun bunday muammolarga javob berish barcha odamlarning huquqlari va ehtiyojlarini hurmat qilish yoʻlida juda muhimdir”.
Yaqin kelajakda, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi Direktori ishonch bildirganidek, “Markaziy Osiyo va butun YEXHT hududi inson huquqlari himoyachilarining mehnati hurmat qilinadigan va ragʻbatlantiriladigan, atrof-muhitga oid xavotirlar eshitiladigan namunaviy mintaqaga aylanishi mumkin”.
Forumning milliy tashkilotchilari – Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazidir.
Xalqaro hamkorlar – BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi, Fridrix Ebert va Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmalarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hisoblanadi.
Forumda 200 nafar mutaxassis qatnashyapti. Ishtirokchilar asosan milliy va xorijiy ekspertlar, iqlim boʻyicha mutaxassislar, davlat tashkilotlarining iqlim oʻzgarishi muammolari bilan shugʻullanadigan masʼullari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy tadqiqot markazlari, kompaniyalar, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.