O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi va bir qator davlat organlari va NNTlar hamkorligida “Inson huquqlari va manfaatlarini ta'minlashda nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat organlarining hamkorligi” mavzuida nodavlat notijorat tashkilotlarining milliy forumi tashkil etildi.Unda milliy va xorijiy ekspertlar, sohaga aloqador vazirlik va idoralar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Qayd etish joizki, 2022 yilda ilk marotaba inson huquqlari sohasida qabul qilingan hujjatlar va ularning ijrosi, eng asosiysi, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari uchun soha doirasida fikr almashadigan konstruktiv muloqot maydonini yaratish maqsadida ayni mavzuda nodavlat notijorat tashkilotlarining Milliy forumi o'tkazildi. Unda ko'tarilgan mavzular  dolzarbligi, mamlakat rivoji yo'lida muhim ahamiyat kasb etishini inobatga olib, ushbu forumni har yili an'anaviy tarzda o'tkazish uchun o'ziga xos zamin yaratildi.

Shuni inobatga olib joriy yilda ham forum doirasida yaratilgan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasidagi umumiy muloqot platformasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi hamda 2021 — 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi ijrosini ta'minlash hamda NNTlarning inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha faoliyatini qo'llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalarini muhokama qilish, ular bo'yicha mamlakatimiz fuqarolariga xizmat qiladigan taklif va qarorlar qabul qilish uchun soha vakillari yana jam bo'ldi.

Forum ishtirokchilarining e'tirof etishicha, O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilindi. Uni amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi”ning jami 78 bandidan 62 band bo'yicha ishlar bajarilgan, 16 bandni amalga oshirish bo'yicha ishlar davom etmoqda. Birgina 2022 yilning o'zida Milliy strategiya doirasida yangi Mehnat kodeksi qabul qilinib, mehnatga oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish asoslari insonning mehnat huquqlariga oid xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirildi.

Shuningdek, 2022—2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo'yicha milliy dastur tasdiqlandi. Uning mantiqiy davomi sifatida davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan istiqbolli xotin-qizlarning yagona elektron bazasi yaratilib, unda 25 mingdan ortiq rahbarlikka nomzod xotin-qizlarning zaxira ro'yxati shakllantirildi.

Qolaversa, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan shaxslarning bandligiga ko'maklashish milliy dasturi tasdiqlandi. Unga ko'ra, 2022 yilda 12146 nafar imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan shaxslar bandligiga ko'maklashish belgilanib, nogironligi bo'lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya berilishi mustahkamlandi.

Eng asosiy e'tirof etish zarur bo'lgan yutuq - mamlakatda bolalar mehnatiga batamom barham berildi. Majburiy mehnatga jalb qilish holatlari keskin qisqardi, odam savdosi qurbonlari uchun boshpana tashkil qilishga mablag' ajratish masalasiga alohida e'tibor qaratildi.

Bularning natijasida 2021-2022 yillarda qonun ustuvorligi, norma ijodkorligi sifati, hukumat faoliyati samaradorligi, so'z va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurash, biznesni olib borish shart-sharoitlari kabi reyting va indekslarda O'zbekistonning o'rnini yaxshilash bo'yicha muayyan yutuqlarga erishildi. Jami 24 ta reytingning 15 tasida O'zbekistonning o'rni yaxshilandi, 3 ta reytingda davlatimiz ilk marotaba e'tirof etildi.

Mazkur islohotlar davomiyligini ta'minlash maqsadida forum yalpi msajlisida so'z olganlar inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlashda davlat organlari hamda NNTlarning o'zaro hamkorligida erishilgan natijalar va rivojlanish istiqbollari hamda NNTlarning sohaga oid tashabbuslari va ularni moliyaviy qo'llab-quvvatlash masalalarida ma'ruzalar qilib, fikr-mulohaza almashdilar.  

Forum davomida qilingan xulosa va takliflar jamlanib, milliy forumning yakuniy natijasi bo'yicha hujjat qabul qilindi. Unda qonunchilik tashabbusi sub'ektlari tomonidan tayyorlangan inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlariga daxldor bo'lgan qonun loyihalarining O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan printsiplari va normalariga, aholining ijtimoiy ehtiyojlari va talablariga muvofiqligini tanqidiy tahlil qilishni amalga oshirishda NNTlarning faol ishtirokini rag'batlantirish hamda BMTning Inson huquqlari to'g'risiadgi konvertsiyalarining mazmun-mohiyati va inson huquqlarining turli jihatlariga oid yangi qabul qilingan qonunlar va boshqa huquqiy hujjatlarni amalga oshirish tartibini, buzilgan huquqlarni tiklash usullarini fuqarolar, ayniqsa, chekka hudud aholisiga tushuntirishda NNTlarning bevosita ishtirokini kengaytirish kabi o'ndan ortiq masalalar yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.

 Shuningdek, forum yakunida inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun 80 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari taqdirlandi.

O'zNNTMA Axborot xizmati