Shu bois, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga asosan ishlab chiqilgan yettita ustuvor yoʻnalishning toʻrtinchisi sifatida “adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish” masalasi alohida oʻrin olgan.
Mazkur yoʻnalish boʻyicha mamlakatimizda 2022–2026-yillarda kasbga oʻqitish koʻlamini 2 barobar oshirib, 1 million nafar ishsiz fuqaroni kasb-hunarga oʻqitish, umumtaʼlim maktablarining kasb oʻrganish istagidagi bitiruvchilarini davlat tomonidan kamida bir kasbni egallashiga koʻmaklashuvchi tizimni joriy etish koʻzda tutilgan. Shuningdek, 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 2024/2025 oʻquv yili yakuniga qadar 100 foizga yetkazish, maktabgacha taʼlim tizimiga xususiy sektor mablagʻlarini jalb qilish orqali 7 mingdan ziyod yangi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish kabi vazifalar belgilangan.
Bundan tashqari, 160 mingdan ziyod pedagog kadrlarning malakasini oshirish, yangi maktablar qurish, taʼlim sifatini oshirishni nazarda tutuvchi milliy dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish, 2026-yilga qadar 10 ta salohiyatli oliy taʼlim muassasasini QS va TNE xalqaro reytinglariga kirishga maqsadli tayyorlash, Global innovatsion indeksda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash va 2030-yilga qadar yetakchi 50 mamlakat qatoriga kirish kabi masalalarga eʼtibor qaratilgani yurtimizda inson kapitalini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani va bu maqsadlar uchun salmoqli investitsiya jalb etilayotganidan dalolat beradi.
Gap inson kapitali haqida ketar ekan, har bir davlatning ijtimoiy-iqtisodiy sohada erishgan muvaffaqiyatlari zamirida shu jamiyatda yashayotgan va faol mehnat qilayotgan insonlarning bilimi, malakasi, tajribasi va salohiyati yotishini taʼkidlash oʻrinli. Zero, inson kapitali mamlakatning ertangi kunini belgilab beruvchi eng muhim mezonlardan biridir.
Mamlakatimizda, umuman, jahonda inson kapitalidan samarali foydalanishga iqtisodiy taraqqiyotning asosiy omili sifatida qaralayotgani bejiz emas. Iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarda inson kapitalining milliy boylikdagi ulushi 80 foizgachani tashkil etadi. Shu bois, dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlarida inson kapitalini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Hukumatning aholini oʻqitishi, salomatligini asrashi, ijtimoiy himoyani kafolatlashi borasidagi chora-tadbirlar bugun insonning nafaqat shaxs sifatida kamolga yetishi, balki mamlakatning yanada raqobatbardosh boʻlib ravnaq topishida muhim ahamiyat kasb etadi. Albatta, inson kapitalining shakllanishi va rivojlanishiga ichki hamda tashqi omillar sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Ichki omillar insonning oʻzi bilan bevosita bogʻliq boʻlsa, tashqi omillar boshqa subyektlarning inson kapitalini shakllantirish va rivojlantirishga taʼsiri bilan aloqador.
Inson kapitaliga kiritilgan har qanday investitsiya yetarli darajada yuqori rentabellik va qoplanish muddatiga ega boʻlsagina oʻzini oqlaydi. Shuning uchun inson kapitaliga investitsiya kiritish bilan bogʻliq investitsiya siyosatini amalga oshirishda bu boradagi tavakkalchiliklarni tahlil qilish va investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini baholash dolzarb masaladir.
Fan-texnika va sunʼiy intellekt rivojlanayotgan sharoitda inson kapitali mamlakat kelajagini belgilaydigan zarur omilga aylanmoqda. Inson kapitaliga investitsiya odamning qobiliyatini, malakasini oshirish va rivojlantirishga kiritilgan sarmoya boʻlib, bundan koʻzlangan asosiy maqsad samaradorlikni oshirishdir. Shuningdek, u insonning taʼlim olishi, bilimini mustahkamlashi, sogʻligʻini tiklash hamda yaxshilashga yordam berish uchun sarflangan vaqt, kuch va moliyaviy resurslarni oʻz ichiga olgan strategiyani ifodalaydi. Ushbu konsepsiya shaxsning oʻziga xos qiymatini tan oladi hamda insonning ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishi va farovonligiga investitsiya kiritish natijasida yuzaga keladigan uzoq muddatli foydani oila xoʻjaligi va jamiyat darajasida eʼtirof etadi.
Taʼlimga sarmoya kiritish inson kapitalini rivojlantirishning muhim jihatidir. U maktab, kollej va universitetda olinadigan rasmiy taʼlimni, shuningdek, kasbiy oʻqitish dasturlarini oʻz ichiga oladi. Har bir yangi bosqichda egallangan kasbiy kompetensiyalar kelajakda inson kapitalining iqtisodiy samarasini oshirishda ijobiy natija beradi. Taʼlim odamlarni doimiy oʻzgaruvchan dunyoda zarur boʻlgan muhim bilim, tanqidiy fikrlash va moslashish qobiliyati bilan taʼminlaydi. Shuningdek, yuqori ish haqi, yaxshi martaba, moddiy farovonlik va moliyaviy barqarorlikni kafolatlaydi. Oʻqish va ishlab chiqarishga tayyorgarlik insonning bilim darajasini oshiradi. Bu, oʻz navbatida, inson kapitalining hajmi va sifatiga ijobiy taʼsir etadi. Olib borilgan tadqiqotlarga koʻra, taʼlim darajasining 10 foiz oʻsishi unumdorlikni 8,6 foiz oshiradi.
Salomatlik va farovonlikka sarmoya kiritish ham inson kapitalini rivojlantirishning ajralmas qismidir. Sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish, profilaktika choralari va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish mehnat unumdorligini oshirishga yordam beradi. Kasallik tufayli yoʻqotilishi mumkin boʻlgan ish kunlari sonini kamaytiradi. Sogʻliqning qoniqarsiz holati mahsuldorlikni pasaytiradi. Chunki jismoniy jihatdan zaif va bemor ishchilar qobiliyatini toʻliq roʻyobga chiqara olmaydi. Shu sababli korxona va tashkilotlar oʻz xodimlari sogʻligʻiga investitsiya kiritadi.
Tadqiqot va innovatsiya sohalari ham inson kapitaliga sarmoya kiritishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ilmiy-tadqiqot va ishlanmalarga investitsiya kiritish innovatsiyalar va texnologik yutuqlarni ragʻbatlantiradi, iqtisodiy oʻsishni taʼminlaydi. Ilm-fan rivojlanishi jarayonida nafaqat intellektual yangiliklar hayotga tatbiq etiladi, balki bu jarayonda ishtirok etayotgan insonlarning yangi imkoniyati va qirralari ochiladi.
Bundan tashqari, ijtimoiy va iqtisodiy inklyuzivlikni ragʻbatlantirish inson kapitaliga sarmoya kiritishning yana bir muhim jihati. Jinsi, etnik va ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, insonlarga teng imkoniyat va resurslardan erkin foydalanish taʼminlanishi zarur. Inklyuziv siyosat va dasturlar barcha shaxslarning oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish va jamiyat rivojiga hissa qoʻshishini qoʻllab-quvvatlaydi.
Inson kapitaliga sarmoya kiritish hukumat, korxona va tashkilotlar hamda jismoniy shaxslarning birgalikdagi saʼy-harakatiga koʻp jihatdan bogʻliq. Bu borada hukumat maxsus dastur ishlab chiqadi, taʼlim va sogʻliqni saqlash uchun mablagʻ ajratadi va malaka oshirish uchun qulay muhit yaratadi. Korxonalar xodimlarini oʻqitish va rivojlantirishga sarmoya kiritadi. Shuningdek, inson oʻzini oʻzi boshqarish, uzluksiz taʼlim va faol shaxsiy hamda kasbiy rivojlanishi uchun oʻziga sarmoya kiritishi mumkin. Korxona va mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi koʻp jihatdan inson kapitalini rivojlantirish uchun ajratilgan mablagʻ miqdoriga hamda sarmoyaning oʻz vaqtida ajratilishiga bogʻliq.
Egamqul NOSIROV,
Toshkent moliya instituti kafedra mudiri,
iqtisodiyot fanlari nomzodi.
Shoira ASAMXOʻJAYEVA,
Toshkent moliya instituti dotsenti
vazifasini bajaruvchi