Inson manfaatlarini eʼtirof etuvchi xalqchil konstitutsiya

    Fikr 3 Dekabr 2025 347

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida “Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega boʻlish, oʻz shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega. Har kim yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron xabarlari hamda boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi.

    Har kim oʻz shaxsiga doir maʼlumotlarni himoya qilish, shuningdek notoʻgʻri maʼlumotlarning tuzatilishini, oʻzi toʻgʻrisida qonunga xilof yoʻl bilan toʻplangan yoki huquqiy asoslarga ega boʻlmay qolgan maʼlumotlarning yoʻq qilinishini talab qilish huquqiga ega.

    Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qoʻyishni va koʻzdan kechirishni oʻtkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi. Uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi” deb belgilab qoʻyilgan.

    Bu haqda ayrim fikrlarni aytib oʻtish muhimdir, yaʼni, nima uchun tintuv oʻtkazish va telefon soʻzlashuvini eshitishga sanksiya berish vakolati prokurordan sudga oʻtkazilmoqda? Buning ahamiyati nimada?! Sababi bu xuddi qoʻzichoqni boʻriga ishonishdek gap. Bugungi zamonaviy qarashlar oʻtmishdagidek emas. Insonning shaxsiy hayoti muqaddas tushunchaga aylanmoqda. Inson tugʻilganidan boshlab u haqidagi maʼlumotlar uning hayoti davomida biror-bir joyda “iz” qoldiradi. Shifoxonada, FHDYO boʻlimlarida, bogʻchada, maktabda, banklarda va boshqa tashkilotlarda, kundalik foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda yoki maʼlumotlar bazalarida shaxsning foto, video, audio, yozma yoki elektron shaklidagi shaxsga doir maʼlumotlar mavjud.

    Shu sababli ham tergov organiga fuqaroning shaxsiy hayotiga aralashib uning telefon soʻzlashuvini eshitish boʻyicha oʻzi mustaqil qaror qabul qilish vakolatini boshqaga berib boʻlmaydi. Albatta tiyib turuvchi mexanizmlar kerak.

    Endilikda bu tartibga solinib, tintuv va telefon eshitish doirasi ham sud tomonidan belgilanishi, bunga qay darajada zaruriyat borligi xolis va mustaqil sudya tomonidan

    baholanishi belgilanmoqda. Bir soʻz bilan aytganda shaxsiy hayot daxlsizligi Konstitutsiyada mustahkalanmoqda. Har bir fuqaro, har bir oila oʻzining shaxsiy hayoti va oilaviy sirini himoya qilish, oʻz mulkiga ega boʻlishi va uning daxlsizligiga oʻzga shaxslarning tajovuzidan xavotirsiz hayot kechirishi lozim.

    Telekommunikatsiya tarmoqlari va axborot texnologiyalari rivojlanishi bilan axborot va maʼlumotlarni uzatish, tarqatish jarayonlari osonlashdi va xalq ichida ommaviylashdi.

    Endilikda fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari, yozishmalari va biometrik maʼlumotlarini saqlash va tarqatilishida tashqi taʼsirlardan himoya zarurati yuzaga keldi. Mazkur daxlsizlik huquqlari konstitutsiyaga kiritilmoqda va shaxsiy, oilaviy sir va maʼlumotlar noqonuniy toʻplanishi va tarqalib ketishi cheklanmoqda. Bundan tashqari Konstitutsiya loyihasida uy-joyga boʻlgan huquq daxlsiz etib belgilanmoqda.

    Hech kim sudning qarorisiz uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi hamda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanishi mustahkamlanmoqda. Mazkur normani Konstitutsiyaga kiritilishi bir necha yillardan buyon jamiyatimizda oʻtkir muammolardan biriga aylangan “snos” bilan bogʻliq muammoga nisbatan xalqparvar, mulkdorlar manfaatini himoya qiluvchi oqilona yechim ekanligini alohida qayd etish lozim.

    Konstitutsiyasining 44-moddasida “Sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi. Bolalar mehnatining bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, jismoniy, aqliy va maʼnaviy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi” deb belgilab qoʻyildi.

    Eski sovet tuzumidan qolgan yomon odatlardan biri bu ijtimoiy soha vakillari, talabalar va hattoki maktab oʻquvchilarini majburiy mehnatga, xususan, paxta terish yoki boshqa qishloq xoʻjaligi ishlarigajalb qilish edi. Natijada nimaga erishdik? Oʻquvchi va talabalar tayinli taʼlim olmadi, oʻqituvchi va shifokorlar oʻz ustida ishlab, sifatli xizmat koʻrsatishning oʻrniga dalaga chiqib, paxta terishdi. Bu nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy ahvolimizga, balki Oʻzbekistonning xalqaro miqyosdagi imidjiga ham oʻta salbiy taʼsir koʻrsatdi. Oʻzbekiston Respublikasi 2008-yilda Xalqaro mehnat tashkilotining “Bolalar mehnatining ogʻir shakllarini taqiqlash va yoʻq qilishga doir shoshilinch choralar toʻgʻrisida”gi Konvensiyani (1999) ratifikatsiya qilgan.

    Ushbu konvensiyaga muvofiq “bolalar mehnatining eng yomon shakllari” deganda qullik, jinsiy ekspluatatsiya, bolalarni qurolli toʻqnashuvlarda, noqonuniy faoliyatda yoki ularning sogʻligʻiga, axloqiy va psixologik holatiga zarar yetkazadigan xavfli ishlarda ishlatish tushuniladi. Oʻzbekiston Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi va Jinoyat kodekslarida bunday qilmishlar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda majburiy mehnatni bartaraf etish ishlari oʻzining ijobiy natijasini berib ushbu saʼy-harakatlar xalqaro miqyosda eʼtirof etildi.Xalqaro reytinglardagi oʻrnimiz ancha yaxshilandi, bu esa yurtimizga koʻplab investitsiyalar jalb qilinishiga, iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning rivojlanishiga xizmat qilyapti.

    Bolalar oʻqishda, shifokor va oʻqituvchilar ishda boʻlishlari toʻgʻri siyosiy qaror edi. Majburiy va bolalar mehnatining man etilishi Konstitutsiyada belgilab qoʻyilishi ushbu siyosiy qaror abadiy ekanligini koʻrsatadi.

    Uzoq yillar respublikaning xalqaro imidjiga salbiy taʼsir qilib kelgan majburiy mehnatga toʻliq barham berildi. Xususan, amaldagi Mehnat kodeksiga muvofiq mehnatga tayyorlash uchun umumtaʼlim maktablari, oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlarining oʻquvchilarini ularning sogʻligʻi, xavfsizligi, toʻliq jismoniy, aqliy va maʼnaviy rivojlanishiga tahdid solmaydigan, taʼlim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni oʻqishdan boʻsh vaqtida bajarishi uchun – ular oʻn besh yoshga toʻlganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yoʻl qoʻyiladi.

    Bu borada, ayniqsa,bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy taʼsir qiladigan har qanday bolalar mehnati taqiqlanishi Asosiy qonunimizda toʻgʻridan-toʻgʻri yozib qoʻyilmoqda.

    Majburiy mehnatga chek qoʻyilishi har bir oʻzbekistonlikning kundalik hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, iqtisodiyot va ijtimoiy soha rivojlanishi natijasida hayot sifati oshadi. Bu qoidaning Konstitutsiyada alohida belgilanishi esa, siyosiy qatʼiyatdan ortga qaytilmasligini anglatadi, ushbu sohada erishilgan yutuqlarni qatʼiy mustahkamlaydi hamda bolalarning mehnatning ogʻir shakllaridan himoya qilish, ularni sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishishlari uchun muhim huquqiy kafolat boʻlib xizmat qiladi.

    Ayni paytda, ushbu konstitutsiyaviy norma bolalarning sogʻligʻi, xavfsizligi, toʻliq jismoniy, aqliy va maʼnaviy rivojlanishiga tahdid solmaydigan, taʼlim olish jarayonini buzmaydigan tarzda mehnat qilishlariga toʻsqinlik qilmaydi.

    Konstitutsiyasining 52-modda esa “Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi.

    Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi” deb nomlangan moddaning kiritilishi esa oʻqituvchi va pedagoglar mehnatiga berilgan yuqori bahodir.

    Konstitutsiyaga oʻqituvchilar bilan bogʻliq modda kiritilayotgani — jamiyatda ushbu kasb egalariga nisbatan yillar davomida shakllangan munosabatni ijobiy tomonga oʻzgartirish yoʻlida tashlangan qadam, deya baholash mumkin. Chunki taʼlim sifatining orqaga ketishi — oʻqituvchining mehnati qadrsiz boʻlgani bilan bevosita bogʻliq. Mustaqillikning dastlabki mashaqqatli yillaridan boshlab ijtimoiy soha vakillari, xususan oʻqituvchilarning obroʻsi va mavqei sezilarli darajada tushib ketdi. Oylik maoshlari, ish sharoitlari haminqadar boʻlganining ustiga ularni turli qoʻshimcha yumushlar bilan ham band qilinar edi. Bunday sharoitda ishlaydigan oʻqituvchi sifatli taʼlim berishi mumkinmi?

    Ishonch bilan aytishimiz mumkin-ki, bu borada soʻnggi yillarda salmoqli oʻzgarishlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda oʻqituvchilar majburiy mehnatdan– paxta terimi, obodonlashtirish ishlariga jalb qilishdanxalos qilindi.

    Taʼlim dargohlaridagi ortiqcha qogʻozbozlikka ham chek qoʻyildi. Qonunchilikda belgilangan 6 ta ish hujjatidan boshqa hisobot va taqvimlar yuritilishi qatʼiyan man qilindi.

    Xulosa qilib aytganda, Muxtaram yurtboshimiz Sh.Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek: “Biz taʼlim, ilm-fan va inson kapitalini rivojlantirishga ustuvor eʼtibor berib kelmoqdamiz. Chunki, bugungi shiddatli raqobat zamonida faqat bilimli, maʼrifatli millat va davlat munosib taraqqiyotga erisha oladi”.

    Anvar Ahrorqulov,

    Fargʻona davlat universiteti

    Huquq taʼlimi kafedrasi dotsenti