Inson tafakkuri va sun'iy intellekt: ular o'rtasidagi raqobatda qay biri ustun keladi?

    “U ishga tushgach, hech kim uni sun'iy intellekt deb atamay boshlaydi”, deb aytgan edi birinchi bor ilm-fanga “sun'iy intellekt” atamasini kiritgan mashhur amerikalik olim Jon Makkarti.

    Bu iqtibos Makkartining sun'iy intellektdagi yutuqlar hayotimizga kirib kelgach, tezda hamma foydalana oladigan, oddiy va odatiy texnologiyalarga aylanishi, bugun yaratilgan ixtiro vaqt o'tishi bilan eskirib, ularning o'rnini yangilari egallashiga bir ishoradir.

    Ha, Jon Makkarti bejizga bu gaplarni aytmaganini bugungi hayotimiz yaqqol ko'rsatib turibdi. Chindan ham bugun biz shtob bilan kirib kelgan sun'iy intellekt texnologiyalarisiz hayotimizni tasavvur qila olmay qoldik. Go'yo shunday bo'lishi kerakdek, ular allaqachon bizning kundalik yordamchilarimizga aylanib ulgurdi. Bugun smartfonda qulfni ochishda yuzni tanish, ijtimoiy tarmoqlarda matn yozayotganda avtomatik tuzatish va biz yozmoqchi bo'lgan so'zlarni oldindan bashorat qilish, ovozli yordamchilar – Siri, Google Assistant, Alisa kabi biz foydalanishni odat tusiga aylantirgan funktsiyalar aslida sun'iy intellekt mahsulidir.

    Sun'iy intellekt taqdim etayotgan qulayliklar juda ko'p. Xususan, so'nggi yillarda ishlab chiqilgan va mazkur sohada shov-shuvlarga sabab bo'lgan ma'lumotlarni izlab topishga yordam beradigan ChatGPT va DeepSeek chatbotlari bunga misol bo'la oladi. Generativ sun'iy intellekt asosida, suhbat rejimida ishlay oladigan mazkur chatbotlar bugun ko'pchiligimizning yaqin ko'makchimizga aylandi. Boisi, ularda ishlash nihoyatda qulay, bot istalgan yo'nalishdagi savollarga bir zumda javob topib beradi, matn bilan bog'liq topshiriqlarni bajaradi. Buning uchun savol va topshiriq berishning o'zi kifoya. U odamlarning internetda ma'lumot izlash uchun ketadigan vaqtini tejash, saralangan, aniqroq javob topish uchun qulaylik yaratdi. Bu sun'iy intellekt kuchi va imkoniyatlari namoyon bo'lishining bir ko'rinishigina xolos.

    Dunyo mamlakatlari sun'iy intellektni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratayotgani bejiz emas. Chunki sun'iy intellekt XXI asrning asosiy texnologiyalaridan biri bo'lib, iqtisodiyot, xavfsizlik, fan va hayot sifatiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.

    2033-yilga kelib, sun'iy intellekt bozorining umumiy hajmi 4,8 trillion dollarga etishi bashorat qilinmoqda, bu Germaniya yalpi ichki mahsuloti hajmiga teng degani.

    Sun'iy intellekt odamlarga katta miqdordagi ma'lumotlarni tahlil qilish, murakkab muammolarni hal qilishga yordamchiga aylandi. Oylab vaqtni oladigan ishlarni bir zumda hal qilib, odamlarning samaraliroq ishlashiga yordam beryapti. U odatiy vazifalarni, deylik, hujjatlar, hisobotlar, ma'lumot qidirishni avtomatlashtirib, ma'lumotlar tahlili asosida qarorlar qabul qilishga yordam beryapti.

    U ilgari odamlar tomonidan bajarilgan vazifalarni tezroq, aniqroq va arzonroq bajarishga qodir. Shu sababli, ba'zi ish o'rinlari yo'qolib bormoqda yoki ularga talab kamayib boryapti. Misol uchun, o'z-o'ziga xizmat ko'rsatish mashinalari kassirlar o'rnini bildirmayapti, Chatbotlar qo'ng'iroqlar markazi operatorlari rolini o'z zimmasiga olmoqda, algoritmlar ofis xodimlari o'rniga buxgalteriya hujjatlarini qayta ishlayapti va ma'lumotlarni tahlil qilyapti, sun'iy intellekt yordamida yaratilgan muxbirlar ommaviy axborot vositalarida yangiliklarni turli tillarda o'qib beryapti.

    Zamonaviy texnologiyalarning taraqqiy etishi tufayli kelajakda ish o'rinlari 40 foizga qisqarishi mumkinligi bashorat qilinmoqda. Jahon iqtisodiy forumi hisob-kitoblariga ko'ra, sun'iy intellekt 2030-yilga kelib butun dunyo bo'ylab taxminan 85 million ish o'rnining qisqarishiga olib kelishi, biroq, yangi texnologiyalar barcha sohalarda taxminan 97 million yangi ish o'rinlarini yaratilishiga ham ta'sir ko'rsatishi mumkin.

    Bugungi kunda dunyoning ayrim yirik kompaniyalari ish o'rinlarni qisqartirish, ularning o'rniga sun'iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishga e'tibor qaratmoqda. Misol uchun, AQShning Amazon korporatsiyasi sun'iy intellektni tatbiq etish uchun 2025-yilda o'z kompaniyalaridagi 14 000 xodimni ishdan bo'shatishga qaror qildi.

    “Microsoft” kompaniyasining yaqinda e'lon qilgan tadqiqoti ko'pchilikning e'tiborini tortdi: sun'iy intellekt tufayli kelajakda yo'qolib ketishi mumkin bo'lgan 40 ta kasb ro'yxatini e'lon qildi. Unga ko'ra, tarjimon, konserj, tarixchi, geograf, video muharrir, veb-dasturchi va hatto model ham yo'qolib ketish xavfi ostidagi kasblar qatoridan joy oldi. Ro'yxat sun'iy intellekt texnologiyasi ayniqsa, ma'lumotlar bilan ishlash, xizmat ko'rsatish va kommunikatsiya sohalarida ishlaydigan mutaxassislar ishiga katta ta'sir ko'rsatishi, insonning ijodiy qobiliyati yoki jismoniy mehnat talab qilinadigan kasblar nisbatan daxlsiz bo'lib qolayotganini ko'rsatmoqda. Kompaniya “eng xavfdan xoli” deb topilgan 40 ta kasbni ham taqdim etdi. Ularning orasida hamshira, shina o'rnatuvchi, quruvchi va jarroh kabi inson omili muhim bo'lgan kasblar bor. Bu kelajakda sun'iy intellekt texnologiyasi rivojlansa-da, inson mehnati talab etiladigan sohalar o'z ahamiyatini yo'qotmasligini anglatadi.

    Mazkur kompaniyaning asoschilaridan biri Bill Geyts 2034-yilga kelib, sun'iy intellekt odamlarga haftasiga atigi ikki kun ishlashga imkon beradi, deb hisoblaydi. U neyrotarmoqlar ko'pgina kasblarning o'rnini bosishini aytdi.

    Bill Geytsning fikricha, sun'iy intellekt ko'plab global muammolarni, jumladan, tibbiyot xodimlari va ruhiy salomatlik bo'yicha mutaxassislarning etishmasligini hal qila oladi. Bu muqarrar ravishda mehnat bozorini va oxir-oqibat, bizning intellekt haqidagi tushunchamizni o'zgartiradi.

    Dunyo bo'ylab har to'rtta ish o'rnidan bittasiga generativ sun'iy intellekt ta'sir etadi. Buni Xalqaro mehnat tashkiloti va Pol`sha milliy tadqiqot instituti tomonidan olib borilgan yangi qo'shma tadqiqot natijalari tasdiqladi.

    Tadqiqotga ko'ra, dunyo bo'ylab ish o'rinlarining taxminan 25 foizi sun'iy intellekt ta'siriga zaif bo'lib, rivojlangan mamlakatlarda bu ko'rsatkich 34 foizga etadi. Biroq, ayollarning o'z ish o'rinlarini sun'iy intellekt tufayli o'zgartirishi ehtimoli ancha yuqori. Rivojlangan mamlakatlarda avtomatlashtirish xavfi yuqori bo'lgan ish o'rinlari ayollar bandligining 9,6 foizini, erkaklar bandligining esa 3,5 foizini tashkil qiladi.

    Ofis bilan bog'liq ishlarni bajarishda sun'iy intellekt texnologiyalari imkoniyat doirasining kengligi tufayli odamlarga nisbatan ustunlikka ega bo'lib bormoqda. Sun'iy intellektning kengayib borayotgan imkoniyatlari ommaviy axborot vositalari, dasturiy ta'minot va moliya bilan bog'liq bir qator kognitiv kasblarga ham ta'sir qilmoqda.

    Biroq, to'liq avtomatlashtirilishi mumkin bo'lgan kasblar doirasi cheklanganligicha qolmoqda, chunki ko'plab vazifalar sun'iy intellekt tomonidan samaraliroq bajarilsa-da, hali ham inson aralashuvini talab qiladi.

    Ba'zi ish o'rinlari yo'qolib borayotgan bir paytda, sun'iy intellektni rivojlantirish, o'qitish va nazorat qilish bilan bog'liq yangi kasblar yuzaga kelayotganini ham aytib o'tish joiz. Bularga sun'iy intellekt muhandisi, ma'lumotlar tahlilchisi, sun'iy intellekt etikasi bo'yicha mutaxassis, neyrotarmoq operatori va murabbiyi kabi kasblar misol bo'la oladi. Bu shuni anglatadiki, sun'iy intellekt shunchaki ishni “olib qo'ymaydi”, balki o'zi rivojlanib borgani sari yangi bilim va ko'nikmalarni talab qiladigan kasblar yuzaga kelishiga ham yo'l ochadi.

    Sun'iy intellektning hayotimizga shiddat bilan kirib kelayotgani raqamli ko'nikmalarga ega bo'lmagan odamlar orasida ishsizlikning oshishiga, jamiyatning texnologiya bilan ishlay oladigan va bu borada malakaga ega bo'lmagan odamlar toifasining shakllanishiga olib kelyapti, bu millionlab ishchilarni qayta tayyorlash zaruratini ham keltirib chiqaradi. Shuning uchun dunyo mamlakatlari hukumatlari va kompaniyalar allaqachon odamlar sun'iy intellekt va texnologiya sohasida yangi kasblarni egallashlari uchun qayta tayyorlash dasturlarini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda.

    Tahlillar sun'iy intellektning mehnat bozoriga ta'siri noaniqligini ko'rsatmoqda. Bu ba'zi kasb egalarining ishdan bo'shashiga olib keladi. Lekin shu bilan birga, u o'rganish va o'sishni istaganlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Sun'iy intellekt odamlarni yangi kasblarni egallashga undamoqda. Demak, mehnat bozorining kelajagi texnologiyalarning o'zigagina emas, balki jamiyat ularga qanday moslashishiga ham bog'liq bo'lib qolmoqda.

    Shahzod G'afforov,

    “Yuz.uz” sharhlovchisi