Mazkur Deklaratsiya inson huquqlari sohasidagi eng muhim xalqaro hujjatdir. Demokratik davlat, inson huquqlariga asoslangan jamiyat barpo etish yoʻlidan borayotgan barcha mamlakatlar oʻz konstitutsiyalarini, milliy qonunlarini ushbu hujjatga moslashga intiladi. Shu maʼnoda, Deklaratsiyada belgilangan qoidalarning mamlakatimiz Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligimizda ham uygʻunlashgani davlatimizning insonparvarlik siyosatining muhim koʻzgusidir.

Bugungi kunda mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish davlat va jamiyat faoliyatining ustuvor mezoni etib belgilandi. Fuqarolarga davlat idoralariga murojaat qilishda qulayliklar yaratildi. Prezidentning Xalq qabulxonalari ishga tushdi, har bir tashkilot fuqarolarni qabul qilish va ularga quloq solishni oʻrgandi. Muammolar tahlil qilingach, amaliy choralarga oʻtilayapti. Qonunlar, qaror va farmonlar, yoʻl xaritalari tasdiqlanib, ijrosi nazorat qilinmoqda.

BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari, inson huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachilar instituti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Mamlakatimizga BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari, Inson huquqlari boʻyicha kengashining din va eʼtiqod erkinligi hamda Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachilari tashrif buyurdi.

BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida Oʻzbekistonning tashabbusi bilan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” toʻgʻrisidagi rezolyutsiya qabul qilindi. Samarqand shahrida Inson huquqlari boʻyicha forum boʻlib oʻtdi va Inson huquqlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi, bu borada parlamentda alohida “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Afv etish va jamoat birlashmalarining kafilligi ostida shaxslarni jazodan ozod qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy etilishi, Jasliq qoʻrgʻonida joylashgan jazoni ijro etish koloniyasining yopilishi, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan mahkumlar sonining 2,5 baravarga kamayishi inson huquqlarini himoyalash sohasida muhim qadam boʻldi.

Mamlakatimizda bolalar mehnati toʻliq bartaraf etilib, Bola huquqlari boʻyicha vakil faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil lavozimi joriy etildi. Shuningdek, gender tenglikni taʼminlash borasida ham muhim qadamlar qoʻyildi.Ellik mingga yaqin yurtdoshlarimizning fuqaroligi hal etilib, propiska tizimidan xabar berish xususiyatidagi roʻyxatdan oʻtkazish tizimi joriy etildi.

Eng muhimi, mamlakatimizda inson huquqlarining eng asosiy koʻrsatkichi boʻlgan soʻz erkinligi qaror topdi. Biz iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi islohotlarga toʻxtalmadik, ularni sanab adogʻiga yetolmaysiz. Vaholanki, bu sohalardagi oʻzgarishlar ham inson manfaatlari hamda huquqlari bilan uzviy bogʻliq.

Yana bir muhim yangilik, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” tasdiqlanishi mamlakat hayotidagi muhim voqea boʻldi. Mazkur hujjat bilan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uning “Yoʻl xaritasi”, qolaversa, BMTning inson huquqlari boʻyicha ustav organlari hamda shartnomaviy qoʻmitalari xabarnomalari va qarorlarini koʻrib chiqish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Farmonga koʻra, inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalar normalari talablarini bajarish yuzasidan masʼul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari belgilab berilmoqda.

Milliy strategiyada 2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishida parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, milliy qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini ­inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarga ­muvofiqlashtirish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.

Xususan, Strategiyani amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da bir qator kodekslar va qonun loyihalarining ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Farmonga asosan, Oliy Majlis huzurida Inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi boʻyicha parlament komissiyasi tuzildi va oʻz faoliyatini boshladi.

Joriy yilning oktyabr oyida esa mamlakatimiz milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy organlaridan biri boʻlgan Inson huquqlari kengashiga aʼzo etib saylandi. Bu ham Oʻzbekistonda inson huquqlari va erkinliklari taʼminlanayotganligining xalqaro eʼtirofidir.

Eng muhimi, ushbu ijobiy oʻzgarishlar nafaqat xalqimiz, balki jahon hamjamiyati tomonidan ham yuqori baholanayotir. Kuni kecha AQSH Davlat departamenti rasmiy bayonot berib, Oʻzbekiston diniy erkinlik boʻyicha “Maxsus kuzatuvdagi davlatlar roʻyxati”dan (Special Watch List) chiqarilganini eʼlon qildi. Xususan, AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo mamlakatimiz eʼtiqod erkinligini taʼminlash sohasida ulkan oʻsishga erishganini eʼtirof etdi. Oʻzbekiston endilikda din erkinligi toʻliq taʼminlanadigan mamlakat sifatida baholanadi. Albatta, xalqaro koʻlamdagi bunday yutuqlar soʻnggi yillarda yurtimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan muhim ishlarning samarasidir.

Maʼlumki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishdagi yondashuvlarni konseptual jihatdan qayta koʻrib chiqdi. Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlarga adashib kirib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod qilish tartibi tasdiqlandi. Toʻgʻri yoʻldan adashgan va qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlgan fuqarolarga oʻz oilalariga qaytish imkoniyati berildi.

Diniy ekstremistik oqimlarga aloqador shaxslarni reabilitatsiya qilishning muhim qadamlaridan biri, bu ularga nisbatan afv etish aktlarining qoʻllangani boʻldi. Kuni kecha davlatimiz rahbarining “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Unga muvofiq, 104 nafar shaxs ozodlikka chiqarildi. Ularning 21 nafari taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar edi.

Yana bir muhim tashabbus — Oʻzbekiston “Mehr” nomli insonparvarlik tadbirining uchinchi bosqichini amalga oshirdi. Kuni kecha Suriyaning jangovar harakatlar davom etayotgan qismidan jami 98 yurtdoshimiz — 25 ayol va 73 bola (ularning 14 nafari chin yetim) Vatanimizga qaytarildi. 2019-yilda ham ushbu operatsiya doirasida Suriya va Iroq davlatlaridan jami 220 yurtdoshimiz — ayollar va bolalar olib kelingan edi. Musofirlikdan qaytganlarning barchasi, sogʻlom, tinch hayotga qaytarilib, toʻlaqonli moslashuvi uchun zarur shart-sharoit yaratilmoqda.

Yakunlanib borayotgan 2020-yilni sarhisob qilar ekanmiz, pandemiya sabab koʻplab oilalar iqtisodiy inqirozni boshdan kechirganini aytib oʻtish joiz. Toʻgʻri, bunday sinovli paytlarda hech kimga oson boʻlmadi, lekin shunga qaramay xalqimiz birlasha oldi, oʻzidan orttirib muhtoj insonlarga ham yordam qoʻlini choʻzdi. Albatta, hukumat tomonidan koʻrilgan COVID-19 pandemiyasi taʼsiriga qarshi tezkor chora-tadbirlar xalqimizning ogʻirini yengil qildi.

Joriy yilning 11 oyi davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsman) 13 mingdan ortiq murojaat boʻldi. Fuqarolar oʻz huquqlarini himoya qilishda yildan-yilga faollashib boryapti. Murojaatlarni oʻrganish jarayonida bino-inshooti buzilib, yer uchastkasi olib qoʻyilgan, voyaga yetmagan farzandlarining taʼminoti uchun aliment undira olmayotgan koʻplab fuqarolarga huquqiy va amaliy yordam koʻrsatildi.

Ombudsman huzurida tashkil etilgan Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat olib boruvchi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha ekspert guruhi tomonidan jazoni ijro etish muassasalariga 70 dan ortiq monitoring tashriflari amalga oshirildi. Monitoringlar davomida 4 mingga yaqin mahkum bilan jamoaviy va 534 mahkum bilan yakka tartibda suhbat oʻtkazildi. Albatta, bu chora-tadbirlar, avvalo, inson huquqi va erkinliklarini himoyalash, har bir insonning qonunlarimiz bilan kafolatlangan haq-huquqini taʼminlash, inson qadr-qimmatini eʼzozlashga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda inson haq-huquqlarini taʼminlashga yoʻnaltirilgan bunday xayrli ishlarni amalga oshirish har jabhada davom etmoqda. Tabiiyki, ezgulikka yoʻgʻrilgan bu saʼy-harakatlar oldimizga qoʻygan ulkan maqsadlarga erishishda, mamlakatimiz taraqqiyotini yuksaltirish, xalqimizning roziligini olishda kutilgan natijalarni beradi.

Zero, Prezidentimiz Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yilligiga bagʻishlangan bayram tabrigida taʼkidlaganidek, “Bir haqiqat hammamizga ayon boʻlishi kerak: barcha sohalarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz qatori jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik, oʻzini oʻzi tanqid va demokratik yangilanish jarayonlari endi hech qachon ortga qaytmaydi va biz bu yoʻlni qatʼiy davom ettiramiz”.

Ulugʻbek MUHAMMADIYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining

Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)