Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan Paxtachi tumanida “Baliq yetishtirish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar hamda joriy yilga moʻljallangan istiqbolli loyihalar” mavzuida press-tur oʻtkazildi. Unda ishtirokchilar dastlab tumandagi “Baliq Al Said” nomli fermer xoʻjaligi faoliyati bilan tanishdi.

—  Fermer xoʻjaligi koʻp tarmoqli boʻlib, jami yer maydoni 73 gektardan iborat, shundan 55 gektari baliq yetishtirishga moʻljallangan suv havzasi hisoblanadi. Suv havzalariga 78 ming dona tovar baliq, 420 ming dona segalatka tashlangan. Baliq yetishtirishga moʻljallangan suv havzasining 13 gektari yarim intensiv, 4 gektari intensiv, — deydi “Baliq Al Said” nomli fermer xoʻjaligi rahbari Dilshod Karimov. — Bugungi kunda “Baliq Al Said” fermer xoʻjaligi tomonidan aholi isteʼmoli uchun “Karp”, “Tilapiya”, “Oq amur”, “Oq doʻngpeshona”, “Chipor doʻngpeshona”, “Karp koi” baliqlari yetishtirilmoqda. 2022-yilda fermer xoʻjaligi tomonidan Qirgʻiziston Respublikasiga 20 ming AQSH dollori miqdorida “Karp” baligʻi urugʻlik chavogʻi, Qozogʻiston Respublikasiga 100 ming AQSH dollar miqdorida “Tilapiya” baligʻi chavoqlarini eksport qilish uchun shartnoma imzolangan.

Shundan soʻng press-tur ishtirokchilari tumandagi “Axmadjon Orzu koʻllari” fermer xoʻjaligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.

— Paxtachi tumanida 30 ta baliqchilik xoʻjaliklari mavjud boʻlib, ularning umumiy sunʼiy suv havzasi 277 gektarni tashkil qiladi, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Paxtachi tuman boʻlimi boshligʻi Gʻulom Qurbonov. — 2021-yilda baliqchilik fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan 1 ming 66 tonna baliq ovlandi. “Axmadjon Orzu koʻllari” fermer xoʻjaligiga qarashli 78 gektar yer maydonining 60 gektarini suv havzasi tashkil etadi. Birgina oʻtgan 2021-yilda ushbu fermer xoʻjaligi tomonidan 200 tonna sifatli va arzon baliq mahsulotlari yetishtirildi. Mazkur fermer xoʻjaligi rahbari tomonidan aholi isteʼmoli uchun sotilgan baliq mahsulotining 140 tonnasi uchun subsidiya ajratishni soʻrab ariza bilan murojaat qilgan edi. Inspeksiya organlari vakolati doirasida fermer xoʻjaligi rahbarining arizasi oʻz vaqtida qanoatlantirildi va 140 million soʻm subsidiya ajratildi.

— Samarqand viloyatida 517 ta baliqchilik yoʻnalishidagi xoʻjaliklar mavjud boʻlib, shundan 3 tasi naslchilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatmoqda. Ushbu xoʻjaliklarning 5 tasi tabiiy suv havzalarida baliqchilik bilan shugʻullanib, ularning umumiy tabiiy suv havza maydoni 7 ming 913 gektarni tashkil qiladi, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori Ulugʻbek Yaxshimurodov. — Qolgan 512 ta xoʻjaliklar 2 ming 59 gektar sunʼiy suv havzalarida oʻz faoliyatlarini olib borishmoqda. Oʻtgan 2021-yilda baliqchilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan 21 ming 788 tonna baliq ovlandi. Naslchilik yoʻnalishidagi baliqchilik xoʻjaliklari tomonidan 2021-yilda 346 million dona baliq uvildiriqlari va 72,9 tonna baliq chavoqlari yetishtirildi.

Joriy yilda viloyatda baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish maqsadida, yillik quvvati 1 ming 685 tonna boʻlgan 54 ta yangi loyihalarni ishga tushirish orqali 257 ta yangi ish oʻrinlarini yaratish rejalashtirilgan.

Abduvali Xudoyorov,

 “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat

boshqarmasi matbuot kotibi