Bu iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishni jadallashtirish va mamlakat iqtisodiyotida davlatning rolini kamaytirishga qaratilgan tadbirlarning mantiqiy davomi boʻldi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri boshchiligida tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan davlat ishtirokidagi uch mingga yaqin korxonalar faoliyati toʻliq oʻrganib chiqilib, iqtisodiyotda davlat ishtirokidagi korxonalar ulushini keskin kamaytirish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Yangi hujjat davlat korxonalarini isloh qilish, Oʻzbekiston bozorida xususiy sektorning mavqeini mustahkamlash boʻyicha maqsadli dasturni amalga oshirish boʻyicha aniq qadamlarni belgilab beradi va natijada mahalliy hamda xorijiy tadbirkorlar qatoridan manfaatdor investorlarning keng doirasini jalb qilishga qaratilgan.
Manfaatdor shaxslar davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida ishtirok etadigan davlat aktivlarining aniq roʻyxati bilan Oʻzbekiston investitsiya portalida tanishishlari mumkin. Roʻyxatga davlat aksiyalari (ulushlari) ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga toʻliq sotiladigan 479 ta korxona, xususiylashtirishgacha tayyorgarlik koʻrish va investitsiya jozibadorligini oshirish boʻyicha manzilli dasturlar orqali ommaviy kim oshdi savdosiga qoʻyiladigan 62 ta davlat aktivlari hamda xususiy sektorga sotiladigan 15 ta davlat koʻchmas mulki obyektlari kiritilgan.