Ipak va paxta 4 ming yillik tarixga ega

    Bilasizmi? 7 Iyul 2020 5251

    Qadimgi Xitoy adabiyotida ikki so'z — tut daraxti va xo'jalik doimo birga ishlatilgan.

    O'zbekiston Fanlar akademiyasining Arxeologiya instituti va Xitoy fanlar akademiyasi Umurtqalar paleontologiyasi va paleoantropologiya instituti o'rtasida tuzilgan ilmiy hamkorlik shartnomasiga ko'ra, 2017 yilning kuzida Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida joylashgan bronza davriga oid (miloddan avvalgi II ming yillikning boshlari) noyob arxeologik yodgorlik — Sopollitepada xitoylik hamkorlarimiz bilan qo'shimcha dala izlanishlari olib borildi.

    Izlanishlar kutilganidan ham a'lo natijalarni berdi, ya'ni Amudaryoning o'rta havzasi viloyatlarida (O'zbekistonning janubiy va Afg'onistonning shimoliy viloyatlarini qamrab olgan Baqtriya hamda hozirgi Turkmanistonning Murg'ob vodiysini o'z ichiga olgan Marg'iyonada) bronza davrida tutzor dalalar bo'lganligi va ular tufayli ipakchilik xo'jaligi rivojlangani kuzatildi.

    Odatda tut daraxti barglari azotli o'simlik moddasiga boy birikmalardan iborat bo'lib, barg bilan oziqlanadigan ipak qurtidan ipak tola hosil bo'lishiga sabab bo'ladi. Tut daraxti ipak qurtiga ozuqa manbasi bo'lishdan tashqari, muhim vitaminlar va qandga boy mevasi bilan ham foydalidir. Uning mevasidan to'yimli ovqat sifatida foydalanish, shinni tayyorlash yoki sirka olish mumkin. SHuningdek, tut daraxtining serbarg novdalari ipak qurtining pilla o'rashi uchun ham qulay.

    Serdaromad ipak qurtini boqish texnologiyasi va ipakchilik dastlab Xitoyda kashf etilgan. Fanda esa ipak qurtining urug'i va uni boqish texnologiyasi keyinchalik O'rta Osiyoga olib kelindi, Osiyo va Evropaga Sin`tszyan orqali bundan 2200 yil avval Xan dinastiyasi davrida kirib kelgan, degan tasavvur hukmron edi. SHunga qaramay, Xitoydan tashqarida, Xan dinastiyasiga qadar ham ipakchilikning Hindistonda, arxeologik ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda ham bo'lganligi qayd qilinadi. Masalan, O'zbekistonning janubiy viloyati Surxondaryoda Sopollitepa, Jarqo'ton kabi yodgorliklar o'rganilib, ular janubiy O'zbekiston bronza davridan boshlab qadimgi dehqonchilik madaniyati yuksak darajada rivojlangan Oks tsivilizatsiyasining tarkibiy qismi ekanligini ko'rsatdi.

    Aynan shu Sopollitepada bundan 50 yil avval akademik A.Asqarov tomonidan tabiiy ipakdan yasalgan mato qoldiqlari topilgan edi. Bu haqda muallif bundan 30 yil avval Pekindagi xalqaro anjumanda ma'ruza qilgan. Ammo ipak mato mahalliymi yoki qaerdandir olib kelinganmi, degan ilmiy bahslardan anjuman qatnashchilari bir fikrga kela olmagan edi. Muallifning ta'kidlashicha, Sopollitepaning 1-, 14-, 35- va boshqa qabrlaridan ipak kiyim parchalari topilgani, ular uzoq asrlar davomida tim qora rangga aylanib ketgani haqida hikoya qilinadi. 1-qabrdagi ipak mato bir xil quruq havosiz haroratda bo'lgani bois, kiyim parchasi hatto o'zining yashil-qizg'ish rangini yo'qotmagan. Lekin qabrga havo kirgach, asta-sekin mato o'z rangini yo'qotib, qorayib ketgani ta'kidlanadi. 1-qabrdan topilgan kiyim parchalari akademik M.A.Xodjinova rahbarligidagi Toshkent to'qimachilik va engil sanoat institutining “Materialshunoslik laboratoriyasi”da tahlil qilinib, qabrdan topilgan kiyim parchalari juda yupqa, elastik, taxlashga moyil tabiiy ipak matosi ekani haqidagi xulosaga kelinadi.

    O'zbekiston Amudaryo bilan Sirdaryo oralig'ida, qadimgi Buyuk ipak yo'lining markazida joylashgan. Uning bunday joylashuvi asosida quyidagi uchta muhim ilmiy masalalarga e'tibor qaratish dolzarbdir:

    birinchi, O'zbekistonda qadimdan bug'doy, arpa, tariq, sholi, paxta kabi qishloq xo'jalik madaniy ekinlari ekilganligi va ularni SHarqiy va G'arbiy Osiyo mamlakatlari qishloq xo'jaligiga uzatishda O'zbekiston manbaviy o'choq bo'lganligini aniqlashga qaratilgan tadqiqotlar kerak.

    Ikkinchi, keyingi 5 ming yil ichida O'rta Osiyoning asosiy qishloq xo'jaligi madaniy ekinlarining nisbiy hosildorligini aniqlash va suv resurslari tarkibidagi o'zgarishlar mintaqaning urbanistik jarayonlariga qanday ta'sir etganligini aniqlash zarur.

    Uchinchi, keyingi 5 ming yillikda yuz bergan global iqlim o'zgarishlari, bu o'zgarishlarning O'zbekiston qishloq xo'jaligiga ta'siri va insoniyatning unga qanday moslashib borishi masalalarini o'rganish dolzarbdir.

    Tadqiqot oldiga qo'yilgan bu dolzarb masalalarning ilmiy echimini topish uchun laboratoriya tadqiqotlari o'tkazish va ularni quyidagi metodlar orqali amalga oshirish ko'zda tutilishi kerak:

    — arxeologik ob'ektlarning davriy sanasini radiokarbon metodi (AMS C14) bilan aniqlash. Buning uchun arxeologik va paleobotanik materiallarning qo'shimcha radiokarbon yoshini olishga erishish. Qadimgi boshoqli o'simliklar urug'idan AMS 14C metodi orqali ular yoshini aniqlab, bundan 5 ming yil avvalgi qishloq xo'jaligi ekinlarining hosildorligini belgilash ham dolzarbdir;

    — hozirgi zamon qishloq xo'jaligi mahsulotlarining yangi metodlar asosidagi tahlili va ularni qadimgi urug'lar bilan qiyosiy solishtirish hosildorlikdagi o'zgarishlarning nisbiy natijalarini va sug'orish darajasini aniqlashga yordam beradi;

    — iqlim tahlilini tiklash metodlari: ko'l qatlamlaridan olingan nusxalardan foydalanish hamda O'zbekistonning qadimgi iqlimini tiklashda geomagnit tahlili, geoximik va boshqa metodlar qo'llanilishi kerak.

    Mana shu metodlarni qo'llash tufayli quyidagi maqsad va vazifalarning echimini topishga to'g'ri keldi:

    — O'zbekistonning asosiy qishloq xo'jaligi viloyatlarining tarkib topishi va evolyutsion rivojlanish tendentsiyalarini aniqlash, shuningdek, Osiyoning SHarq va G'arb mamlakatlari bilan xo'jalik almashuv jarayonlarini kuzatish bo'yicha tadqiqotlar olib borish;

    — keyingi 5 ming yil davomida O'zbekistonda hosildorlikning nisbiy almashuvini kuzatish va uning jamiyatdagi urbanistik jarayonlarga ta'sirini aniqlash. Iqlimiy va ekologik o'zgarishlar echimini topish va o'zbek qishloq xo'jaligi tugunini tahlil etish;

    — tarkibiy xususiyatlar, ishlab chiqarish jarayonlari va ularning iqlimiy va ekologik o'zgarishlar bilan bog'liq jihatlarini kuzatish.

    Mana shu maqsadlar kesimida ushbu satrlar muallifi rahbarligida yodgorlikning qazishma o'tkazilmagan hududlarida 2017 yilda arxeologik izlanishlar olib borilib, yangi paleobotanik va paleoantropologik ma'lumotlar olishga harakat qilindi. Xususan, Sopollitepa qal'asining shimoli-g'arbiy burchagida 3x6 metr va markaziy qismida 15x30 metrli maydonda qazishmalar olib borildi.

    Muallifning Sopollitepada olib borgan keng ko'lamli qazishmalari davomida 82x82 metr maydonda qal'a ochilgan. Uning atrofi 3 qator qalin mudofaa devorlari bilan o'rab olingan edi. Devorlar murakkab me'moriy reja asosida qurilgan. Qadimgi muhandislarning bosh g'oyasiga ko'ra, dastlab mudofaa tizimi tuzoq usulida ishlangan bo'lib, aniq o'lchamdagi koridorsimon bloklardan iborat bo'lgan. Tashqi bloklar dahliz tipidagi xonalar orqali qal'a ichidagi uy-joy komplekslari bilan birlashtirilgan. Ichki bloklar mudofaa tizimida qalqon rolini o'ynagan. Tashqaridan qaraganda, ular go'yo qal'a ichiga olib kiruvchi darvozalarni eslatadi. Ular kvadrat shakldagi qal'aning har tomonida bittadan joylashgan. Aslida qal'aga kirish darvozasi bitta bo'lib, uning janubiy tomonida joylashgan. To'rt tomondan o'rab olgan ikkitadan koridorsimon bloklar esa 8 ta. Sopollitepada bunday koridorsimon bloklar qal'a qurilishining birinchi bosqichida mudofaa rolini o'ynagan. Biroq ikkinchi bosqichda ular mudofaa xarakterini yo'qotgan. CHunki tashqi xavf kuzatilmaydi, tinchlik. SHu bois, qal'a tashqi dahlizining (koridorining) shimoli-g'arbiy burchagi 25-, 149- xonalarga bo'linib, ularning maydonida otashkada qad ko'taradi. Qal'aning mana shu burchagida olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida uchta qurilish bosqichi kuzatildi.

    Sopollitepaning birinchi qurilish bosqichida tashqi aylanma dahliz quriladi.

    Ikkinchi bosqichida 149-xonada qalinligi 60 sm.li madaniy qatlam tashkil topadi. Bu qatlam ichida olovda kuygan qishloq xo'jaligi mahsulotlari urug'lari uchraydi. Hatto olovda chala kuygan pilla topildi. Pilla ichidan ipak qurti chiqib ulgurmay, qisilib qolgan. Kuygan, kul aralash madaniy qatlamda pilla qurti tuxumlari, qorayib ketgan boshoqli o'simlik donlari va kuygan paxta chigiti po'stlog'i ko'plab uchradi. O'sha davrda Sopollitepada hayot gullab-yashnaydi.

    Qazishma maydonining uchinchi qurilish bosqichida 149-xonada qalinligi 20 sm.dan kam bo'lmagan sizot suvli qatlam hosil bo'lgan. ehtimol, bir muddat 149-xona egasiz qolib, uning ichini suv bosgan.

    Sopollitepa shimoliy dahlizining 149-xonasidan sharqda 25-xona joylashgan. Uning o'lchami 2x3m. Xona ichidagi qalin madaniy qatlam 6 ta mayda gorizontchalarga bo'lingan. Ularning o'ziga xos xususiyati shundaki, har bir gorizont poli ustida turli xil diametrdagi (30 sm.dan 60 sm.gacha) o'choq izlari uchraydi. O'choqlar atrofida arxeologik materiallar kam, lekin pol yuzasidagi qatlam 5-10 sm. qalinlikda paleobotanik materiallarga boy. 6 ta gorizontning har birida shunday qatlam bor. Kuygan gorizontlarning eng yuqorisi ustida 15-20 sm.li sizot suv bosgan qatlam hosil bo'lib, uning ustini uchirma qum bosgan. Paleobotanik materiallarga boy qatlamdan ko'plab mag'izi kuyib ketgan 4 xil paxta navining chigit po'stloqlari topildi.

    Xonadagi o'choq izlari 149-xonadan 25-xonaga o'tish eshigi yaqinida joylashgan bo'lib, xonaning uchdan bir qismini egallagan. Uchdan ikki qismida esa paxta chigitining po'stlog'i har bir gorizontda uchradi. Qissadan hissa shuki, xona paxta hosilining omborxonasi bo'lib, qish mavsumida patriarxal urug' a'zolarining ayollari chigitdan paxta tolasini ajratib olish bilan shug'ullangan.

    Bunday manzarali holat Sopollitepa kvartallarining (ular 8 ta) har birida bo'lganiga shubha qilmasa ham bo'ladi. CHunki xuddi shunga o'xshash manzara Sopollitepaning uchinchi kvartalidagi 26-xonada ham kuzatildi. Bu erda ham pol ustida tarkibi o'xshash va xarakteri tiniq sarg'ish rangdagi gorizont paleobotanik materiallarga boy qatlam chiqdi. Uning qalinligi 30 sm., ichidan ko'plab paxta chigiti va yovvoyi o'simliklar hamda madaniylashtirilgan mevalar urug'i topildi. Bu xona ikki polli, pollar yuzasidagi qatlam haqiqatan paleobotanik materiallarga to'la.

    Sopollitepa qal'asining markaziy qismida balandligi 80-90 sm.li keng platforma-supa joylashgan bo'lib, qal'aga janubdan kirgan magistral yo'l mana shu supaga kelib to'xtaydi. Supaning shimoli-sharqiy burchagi yaxshi saqlangan, shimoliy va shimoli-g'arbiy tomonlari esa buzilgan. SHimoli-sharqiy qismida stratigrafik kuzatuv qilish maqsadida 3,5x2,5 metrli maydonda qazishma ishlari olib borildi. Ma'lum bo'ldiki, platforma-supa atrofi to'g'ri to'rtburchakli dev xomg'ishtlar bilan o'rab chiqilgan. Ular bir necha qatordan iborat bo'lib, qalinligi 1 metrdan kam emas. Devor ichki tomoni bo'ylab, uzunasi 3,5 metrgacha, chuqurligi 1 metr xandaq qazildi. Qazilma maydonidagi materik ustida 50 sm.lik organik qoldiqlarga boy ko'mir aralash kul qatlami kuzatildi. Platforma-supaning uzunligi sharqdan-g'arbga 13,50 metr shimoldan janubga 8,5 metr.

    SHunday qilib, Sopollitepa reja tarxida ilk bor majlis o'tkazadigan markaziy maydon ochildi. Bu me'moriy an'ananing rivojlanishi Jarqo'ton otashparastlik ibodatxonasida kuzatiladi.

    Avvalgi tadqiqotlarda Sopollitepada otashparastlikka xos topinish altarchalari patriarxal oilaviy bo'lib, umumqishloq aholisi birga to'planib o'tkazadigan markaziy diniy ilohiy maydon bo'lmagan, degan xulosaga kelingan edi. Ammo Sopollitepa markaziy maydonida olib borilgan qazishma natijalari shuni ko'rsatdiki, Sopollitepaning markaziy platforma-supa maydoni umumqishloq miqyosida erkin dehqon jamoalarining ibodat yig'inlarini birgalikda o'tkazadigan markaziy maydoni, arxeologik ibora bilan ta'riflaganda, umumjamoa ibodatxonasi bo'lib chiqdi.

    2017 yilda Sopollitepaning qaysi bir hududida qazishmalar olib bormaylik, 30-50 sm. qalinlikdagi organik moddalar aralash madaniy qatlamni uchratdik. Bu madaniy qatlamlarda madaniylashtirilgan boshoqli o'simliklarning kuygan donlari, ya'ni bug'doy, arpa, tariq, no'xat, paxta chigiti uchradi. Bu esa bronza davrida qishloq xo'jaligi ekinlarini ekish, parvarish qilish yuqori darajada bo'lganligidan dalolat beradi.

    eng muhimi, hatto eski qazilma tuproq uyumlarini o'ta mayda ko'zli ilmiy-texnika apparatida toza suvga solib yuvilganda, ular ichidan tut mevasi urug'i, pilla qurti lichinkalari, jiyda va bodam danaklari, uzum va anjir urug'lariga boy paleobotanik materiallar topildi. Ular laboratoriya tahlillaridan o'tkazish uchun Xitoy Fanlar akademiyasi Umurtqalar paleontologiyasi va paleoantropologiya institutiga (professor Jou Sing) yuborildi. Xitoydan kelgan laboratoriya tahlillari asosida ushbu maqola ilmiy-ommabop shaklda yozildi.

    O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi I.Abdurahmonov rahbarligidagi Genomika va bioinformatsiya markaziga topilgan paxta chigitidan bir necha namunalarni parallel o'rganish uchun berildi. Ularni o'rganish bilan markaz laboratoriyasining etakchi xodimi, biologiya fanlari doktori, professor Z. Bo'riev shug'ullandi. U bergan ilmiy xulosada quyidagicha yozilgan: “O'rganish uchun berilgan paxta chigiti nusxalari tashqi ko'rinishda haqiqatan “g'o'za” deb nomlangan paxta chigitiga o'xshaydi. Ammo chigitning mag'izi (DNK) kuyib ketgan. SHuning uchun paxta navini aniqlash mumkin bo'lmadi”.

    SHunday qilib, Sopollitepa madaniy qatlamlaridan paxta chigitining keng ko'lamda topilishi O'rta Osiyo, xususan, O'zbekiston hududlari Hindiston va Misr kabi qadimgi SHarqda paxtachilik madaniyatining markazlaridan biri bo'lganini bildiradi.

    Sopollitepa qabrlarida tabiiy ipak matodan tikilgan kiyim parchalarining uchrashi va tut daraxtining mavjudligi, uning bargi bilan ipak qurtini boqish tajribasi bronza davrida janubiy O'zbekistonda ipakchilik xo'jaligining rivoj topganidan dalolat. Jiyda, bodom va ko'plab uzum danaklari, anjir urug'larining uchratilishi yuksak darajada rivojlangan qadimgi bog'dorchilikdan guvohlik beradi. Son-sanoqsiz boshoqli o'simliklar donlari (bug'doy, arpa, no'xat, tariq va boshqalar)ning topilishi esa qadimgi O'zbekiston madaniylashtirilgan boshoqli o'simliklar vatani ekanligini ko'rsatadi.

    Bularning barchasi, hech bir mubolag'asiz, O'zbekiston hududida bronza davrida sug'orma dehqonchilik madaniyati yuksak darajada rivoj topganidan nishonadir. Demak, miloddan avvalgi II ming yillik boshlaridan O'zbekistonda paxta ekilgan, ipak qurti boqilgan, bog'dorchilik va sug'orma dehqonchilik madaniyati yuksak darajada rivojlangan.

    Ahmadali ASQAROV,

    Nizomiy nomidagi TDPU professori,

    akademik (O'zbekiston),

    Jou SING,

    professor (Xitoy),

    Mutallib HASANOV,

    O'zbekiston FA qoshidagi Milliy arxeologiya markazi

    katta ilmiy xodimi (O'zbekiston)