Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:

  • uy-joy qurilishini ragʻbatlantirish va uy-joyga boʻlgan huquqni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishga doir konstitutsiyaviy norma talablarini bajarish;
  • koʻp kvartirali uylar bozorida talabga muvofiq takliflarni mutanosib ravishda oshirib borish;
  • koʻp kvartirali uylar qurilishida yer ajratish va ruxsat berish tartib-taomillari jarayonlarini oʻz ichiga oluvchi investitsiya-qurilish davrining davomiyligini 1,5 baravargacha qisqartirish.

Farmonga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari uchun yangi hududlarni tanlab olishning qonunchilikda belgilangan mezonlariga mos keladigan loyihalarga “Yangi Oʻzbekiston” massivi maqomini berish orqali ularga amaldagi tartib-taomillar va moliyalashtirish manbalari tatbiq etiladi.

“Yangi Oʻzbekiston” massivlarining yoʻl-transport infratuzilmalari loyihalarini ishlab chiqishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya tejovchi uskunalar, muqobil issiqlik tizimlaridan keng foydalaniladi va “yashil” transport muhiti yaratiladi.

Farmonga koʻra, “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ va “Samarqand Invest kompaniyasi” AJ tajribasi asosida aksiyadorlik jamiyati shaklida investitsiya kompaniyalari (Investitsiya kompaniyalari) tashkil etiladi.

Investitsiya kompaniyalari tadbirkorlar va davlat organlari oʻrtasida koʻprik vazifasini bajaradi.

Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturi (Ipoteka dasturi) doirasida:

  • koʻp kvartirali uylardagi xonadonlarni sotib olish uchun subsidiya ajratiladigan fuqarolarning ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini baholash jarayoni “subsidiya.idm.uz” dasturiy taʼminot tizimi orqali avtomatlashtirilgan holda inson omilisiz amalga oshiriladi;
  • 2026-yil 1-apreldan byudjet resurslari hisobidan ipoteka kreditlari rasmiy daromad oladigan fuqarolar, shuningdek, joriy yilda oxirgi 1-yillik, 2027-yilda oxirgi 2-yillik va 2028-yildan boshlab oxirgi 3-yillik davr ichida ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliqni toʻliq toʻlagan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga ajratiladi.