Ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash yuzasidan yangi farmon qabul qilindi

    Mamlakatimizda 13 Aprel 2023 6851

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi FARMON (2023-yil 13-aprel) imzolandi.

    Unga koʻra, jismoniy shaxslarga ipoteka krediti berishning zamonaviy va barqaror tizimini shakllantirish, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan oilalarni davlat tomonidan manzilli qoʻllab-quvvatlash, mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni jalb qilish va keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yoʻnaltirish maqsadi nazarda tutilgan.

    Ipoteka kreditlari va subsidiyalarni ajratish tartibiga quyidagi oʻzgartirishlar kiritildi:

    -banklarga ipoteka kreditlarini rasmiy daromadga ega boʻlmagan jismoniy shaxslarga ham ajratishga ruxsat etildi. Bunda, ushbu fuqarolarning toʻlov qobiliyati ularning bank kartasidagi aylanmasi, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarini hisobga olish orqali aniqlanadi;

    - banklarga dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa koʻrsatkichlardan kelib chiqib, kreditlar boʻyicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini oʻrnatish huquqi berildi. Bunda, dastlabki badalni koʻproq toʻlagan fuqaro arzonroq kredit olish imkoniga ega;

    - subsidiyaga ajratilgan mablagʻlarni tezroq ishlatish uchun, subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushirildi. Bunda, fuqaro 4 oyda sertifikatdan foydalana olmasa, u subsidiyaga qayta ariza topshirishi mumkin;

    - Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Xalqparvar komissiyalarining xulosasiga asosan xato ajratilgan subsidiya sertifikatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri bekor qilish va toʻlovlarni toʻxtatish huquqi berildi;

    Qurilish tashkilotlari uchun imtiyozlar:

    - qurilish tashkilotlariga koʻp kvartirali uy-joylarni qurish uchun 18 oygacha muddatga 14 foiz stavkada kreditlar ajratiladi.

    - pudrat tashkilotlariga qurilayotgan uy-joylarni qavatma-qavat garovga qoʻyish va har bitta qavat uchun kredit olish huquqi berildi.
    (Hozirgi kunga qadar uy tomi yopilganidan keyin uni garovga qoʻyish va kredit olish mumkin edi;)

    - banklar oʻz hisobidan beradigan kreditlarini davlat tomonidan qayta moliyalashtirish amaliyotini davom ettiriladi. Bunda, qurib bitkazilmagan uyni sotib olish uchun fuqaro bankdan 24-26 foizdan kredit oladi va uy bitguniga qadar (1-2 yil davomida) toʻlovlarni ushbu foizdan amalga oshiradi. Uy bitganidan keyin ushbu kredit davlat tomonidan qayta moliyalashtirilib, 18 foizlik kreditga aylanadi.

    - Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan quruvchilarga kafillik va kompensatsiya toʻlash tartibi uzaytirildi. Bunda, kompensatsiya – har bir uy-joy uchun kreditning 5 mlrd soʻmidan, kafillik – 2,5 mlrd soʻmidan oshmagan miqdoriga beriladi.

    - 2025-yil 1-yanvarga qadar yuqori markali sement, arralanadigan yogʻoch, fanera, taxtadan yasalgan opalubka va oynani import qilishda bojxona bojining “0” stavkasi qoʻllaniladi.

    “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa davlat dasturlari doirasida qurilgan massivlarning boʻsh yerlarida koʻp qavatli uy-joylar qurishni davom ettirish va 2023-yilda qurish hajmlarini 90 mingtaga yetkazish taklif etilmoqda. Bunda:

    - 38 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 31 mingta, boshqa davlat dasturlaridagi massivlarda 8 mingta, xususiy pudrat tashkilotlari hisobidan 51 mingta kvartiralar qurilishi belgilanmoqda;

    - “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini kengaytirish hamda 9 ta yangi massivlarni tashkil qilish uchun 140 ga qishloq xoʻjaligi yerlarining toifasi oʻzgartirilmoqda va hokimlar zimmasiga ajratiladigan yerlarning 5 baravari miqdorida yangi yerlarni oʻzlashtirish vazifasi yuklanmoqda;

    - massivlarning ichki yoʻllarini qurish Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi zimmasiga yuklanmoqda;

    - temir-beton korxonalarida zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilishi va buning uchun “Sanoat qurilish bank” ATB tomonidan 10 mln doll kredit liniyasi ajratilishi belgilanmoqda;

    - Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, qurilish, adliya, iqtisodiyot va moliya idoralari vakillaridan iborat Ishchi guruh tomonidan “Renovatsiya toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqilishi belgilanmoqda;

    - hududlarda suv, oqova, elektr, gaz, yoʻl infratuzilmasini yaxshilashga investor-developerlarni jalb qilish, shuningdek, seysmik xavfsizlik va qurilishda nazoratni kuchaytirish boʻyicha alohida qaror loyihalari ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda.