Insoniyatning tabiat qonuniyatlariga amal qilmasligi, tabiiy resurslardan beayov foydalanishi, Yer yuzida ishlab chiqarish sur'atlarining keskin ortishi, transport vositalarining ko'payishi va boshqa ko'plab texnogen va antropogen ta'sirlar oqibatida atmosferaga chiqarilayotgan karbonat angidrid, metan va azotning chala oksidi kabi issiqxona gazlari quyosh energiyasining Yer sathida jamlanib qolishiga, bu esa, o'z navbatida, dunyo ob-havosining me'yoridagi darajasidan oshib ketishiga sabab bo'lmoqda.

Sayyoramizdagi o'rtacha yillik harorat ko'tarilishda davom etmoqda. 2024-yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil deb e'lon qilindi. Bu iqlim o'zgarishlarining oqibatidir. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish shu yil Jenevada o'tkazilgan forumda Iqlim bo'yicha Parij kelishuvida global haroratning 1,5 darajagacha ko'tarilishini cheklash maqsadiga erishib bo'lmasligini ma'lum qildi.

“Bir narsa allaqachon aniq: biz kelgusi bir necha yil ichida global isishni 1,5 darajadan past darajada ushlab turolmaymiz”, “Bundan (mazkur ko'rsatkichdan) oshib ketishi endi muqarrar”, dedi Guterrish.

BMT Bosh kotibining so'zlariga ko'ra, me'yordan oshib ketish “yaqin yillarda” sodir bo'ladi, ammo keyin harorat yana tushishi mumkin.

“Men uchrashgan barcha olimlarning fikriga ko'ra, asr oxirigacha 1,5 foizga o'sish kuzatilishi mumkin”, dedi u.

2015-yilgi Iqlim bo'yicha Parij kelishuviga ko'ra, mamlakatlar o'rtacha global haroratni sanoatdan oldingi davrga nisbatan 2 darajadan ko'proq ko'tarilishiga yo'l qo'ymasliklari kerak edi. Shu bilan birga, mamlakatlar bu ko'rsatkichni 1,5 darajadan past saqlash majburiyatini olishgandi.

Iqlim o'zgarishlari sabablari

Global havo haroratining oshishi iqlim o'zgarishlari oqibatidir. Gap shundaki, Yerni qoplaydigan issiqxona gazlari chiqindilari quyosh issiqligini ushlab turadi. Bu global isish va iqlim o'zgarishiga olib keladi. Sayyoramiz hozirda insoniyat tarixidagi har qanday vaqtga qaraganda tezroq isimoqda. Vaqt o'tishi bilan haroratning ko'tarilishi ob-havo sharoitlarini o'zgartiradi va tabiatning normal muvozanatini buzadi. Bu odamlar va Yerdagi mavjudotlarga xavf tug'diradi.

Qazib olinadigan yoqilg'ilar – ko'mir, neft va gaz – global iqlim o'zgarishlariga eng katta “hissa qo'shuvchilar” bo'lib, global issiqxona gazlari chiqindilarining 75 foizidan ortig'ini va barcha karbonat angidrid chiqindilarining qariyb 90 foizini tashkil qiladi.

Global chiqindilarning katta qismi qazib olinadigan yoqilg'ilarni yoqish orqali elektr energiyasi va issiqlik ishlab chiqarishdan kelib chiqadi. elektr energiyasining katta qismi hali ham ko'mir, neft yoki gazni yoqish orqali ishlab chiqariladi, bu esa karbonat angidrid va azot oksidini – Yerni qoplaydigan va quyosh issiqligini ushlab turadigan kuchli issiqxona gazlarini ishlab chiqaradi. Global miqyosda elektr energiyasining chorak qismidan sal ko'prog'i shamol, quyosh va boshqa qayta tiklanadigan manbalar tomonidan ishlab chiqariladi, ular qazib olinadigan yoqilg'idan farqli o'laroq, atmosferaga deyarli issiqxona gazlari yoki ifloslantiruvchi moddalar chiqarmaydi.

Ishlab chiqarish va boshqa sanoat tarmoqlari chiqindilarni, asosan, sement, temir, elektronika, plastmassa, kiyim-kechak va boshqa tovarlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo'lgan energiyani ishlab chiqarish uchun qazilma yoqilg'ilarni yoqish oqibatida hosil qiladi. Konchilik va boshqa sanoat tarmoqlari, shuningdek, qurilish ham gazlarning atmosfera chiqarilishiga olib keladi. Ishlab chiqarishda ishlatiladigan mashinalar ko'pincha ko'mir, neft yoki gazda ishlaydi va ba'zi materiallar, masalan, plastmassa, qazilma yonilg'ilardan olingan kimyoviy moddalardan tayyorlanadi. Ishlab chiqarish sanoati global miqyosda issiqxona gazlari chiqindilarining eng katta manbalaridan biri sanaladi.

Fermalar yoki yaylovlar tashkil etish uchun o'rmonlarni kesish yoki boshqa sabablarga ko'ra kesilgan daraxtlar to'plangan uglerodni chiqarib yuborgani uchun chiqindilar hosil bo'ladi. Har yili taxminan 12 million gektar o'rmon yo'q qilinmoqda. O'rmonlar karbonat angidridni yutganligi sababli, ularning yo'q qilinishi tabiatning chiqindilarni ushlab turish qobiliyatini ham cheklaydi. O'rmonlarning kesilishi qishloq xo'jaligi va boshqa yerlardan foydalanishdagi o'zgarishlar bilan birga, global issiqxona gazlari chiqindilarining taxminan to'rtdan bir qismi yuzaga kelishiga sabab bo'ladi.

Ko'pgina avtomobillar, yuk mashinalari, kemalar va samolyotlar qazilma yonilg'ilarda ishlaydi. Bu transportni issiqxona gazlari chiqindilarining, xususan, karbonat angidrid chiqindilarining asosiy manbaiga aylantiradi. Ichki yonuv dvigatellarida benzin kabi neft` mahsulotlarining yonishi oqibatida yuzaga keladigan bu chiqindilarning eng katta ulushi avtomobil` transporti vositalariga to'g'ri keladi. Shu bilan birga, kemalar va samolyotlardan chiqadigan chiqindilar o'sishda davom etmoqda. Transport global energiya bilan bog'liq karbonat angidrid chiqindilarining qariyb to'rtdan bir qismini tashkil qiladi. Hozirgi tendensiyalar kelgusi yillarda transport sohasida energiya iste'molining sezilarli darajada oshishi ehtimolini ko'rsatadi.

Dunyo miqyosida turar-joy va tijorat binolari barcha elektr energiyasining yarmidan ko'pini iste'mol qiladi. Isitish va sovitish uchun ko'mir, neft va tabiiy gazdan doimiy foydalanish tufayli ular katta miqdorda issiqxona gazlarini chiqaradi.

Global tahdid

Iqlim o'zgarishlari global havo haroratining ko'tarilishiga olib keldi. Issiqxona gazlari konsentratsiyasi oshishi bilan global sirt harorati ham oshadi. 2015-yildan 2024-yilgacha bo'lgan davr tarixdagi eng issiq o'n yillik bo'ldi. 1980-yillardan beri har bir o'n yillik avvalgisiga qaraganda iliqroq bo'lgani global isish yildan-yilga kuchayib borayotganini ko'rsatadi. Deyarli barcha qurg'oqchil hududlarda issiq kunlar va issiqlik to'lqinlari sonining ko'payishi kuzatilmoqda. Haroratning ko'tarilishi issiqlik bilan bog'liq kasalliklarni kuchaytiryapti va ochiq havoda ishlashni qiyinlashtirmoqda. Issiq sharoitlarda o'rmon yong'inlari tezroq boshlanishi va tarqalishi ehtimoli ko'proq. Arktikadagi harorat global o'rtacha ko'rsatkichdan kamida ikki baravar tez ko'tarildi.

Ko'pgina mintaqalarda vayronkor bo'ronlarning intensivligi va chastotasi oshdi. Haroratning ko'tarilishi ko'proq namlikning bug'lanishiga olib keladi, kuchli yomg'ir va suv toshqinlarini kuchaytiradi va xavfli bo'ronlarni keltirib chiqaradi. Okean isishi tropik bo'ronlarning chastotasi va kuchiga ham ta'sir qiladi. Okean yuzasiga yaqin iliq suvlarda tsiklonlar, dovullar va tayfunlar paydo bo'ladi. Bunday dovullar ko'pincha uylar va xo'jaliklarni vayron qiladi, bu esa odamlarning o'limiga va ulkan iqtisodiy yo'qotishlarga olib keladi.

Iqlim o'zgarishlari qurg'oqchilikning kuchayishida ham namoyon bo'lmoqda. Suv ta'minotini o'zgartirib, uni tobora ko'proq mintaqalarda tanqis resursga aylantirmoqda. Global isish allaqachon suv tanqisligi bo'lgan mintaqalarda bu muammoni yanada kuchaytirmoqda va qishloq xo'jaligida qurg'oqchilik xavfini oshiryapti, bu esa hosildorlikka ta'sir qiladi va qurg'oqchil ekotizimlarning zaifligini oshiradi. Qurg'oqchilik, shuningdek, qit'alar bo'ylab milliardlab tonna qumni tashishga qodir bo'lgan halokatli qum va chang bo'ronlarini keltirib chiqarishi mumkin. Cho'llar kengayib bormoqda, bu oziq-ovqat ekinlarini etishtirish uchun yaroqli yerlarni kamaytirmoqda. Bugungi kunda ko'plar odamlar suv tanqisligi muammosiga duch kelmoqda.

Issiqlik va dengiz sathining ko'tarilishi iqlim o'zgarishlari oqibatidir. Okean global isish oqibatida hosil bo'ladigan issiqlikning katta qismini o'zlashtiradi. So'nggi ikki o'n yillikda okeanning isish tezligi barcha hududlarda keskin oshdi. Okean isishi bilan uning hajmi oshadi, chunki suv isishi bilan kengayadi. Muz qatlamlarining erishi dengiz sathining ko'tarilishiga olib keladi, bu esa qirg'oqbo'yi va orol jamoalariga tahdid soladi. Bundan tashqari, okean atmosferadan karbonat angidridni yutadi. Karbonat angidridning ko'payishi okean kislotaliligini oshiradi, bu esa dengiz hayoti va marjon riflariga tahdid soladi.

Iqlim o'zgarishi quruqlikda va okeanda turlarning omon qolishiga xavf tug'dirmoqda. Bu xavflar harorat ko'tarilishi bilan ortyapti. Iqlim o'zgarishi tufayli dunyo miqyosida insoniyat tarixida qayd etilgan har qanday davrga qaraganda turlarni ming baravar tezroq yo'qotmoqda. Keyingi bir necha o'n yilliklar ichida bir million tur yo'q bo'lib ketish xavfi ostida. Iqlim o'zgarishi bilan bog'liq ko'plab tahdidlar orasida o'rmon yong'inlari, ekstremal ob-havo va invaziv zararkunandalar va kasalliklar bor. Ba'zi turlar yashash joylarini o'zgartirib, omon qolishi mumkin, boshqalari esa omon qololmaydi.

Oziq-ovqat tanqisligi yana bir dolzarb muammo. Iqlim o'zgarishi va ekstremal ob-havo hodisalarining ko'payishi global miqyosda ochlik va to'yib ovqatlanmaslikning ko'payishining sabablaridan biridir. Baliqchilik, ekinlar va chorva mollari yo'q bo'lib ketishi yoki unumdorligi pasayishi mumkin. Okeanning kislotalanishi tufayli milliardlab odamlarni oziq-ovqat bilan ta'minlaydigan dengiz resurslari xavf ostida. Arktika mintaqalarida qor va muz qoplamining o'zgarishi chorvachilik, ovchilik va baliq ovlashga asoslangan oziq-ovqat ta'minotini izdan chiqardi. Issiqlikning oshishi suv va yaylovlarni kamaytirishi, hosildorlikning pasayishiga olib kelib, chorva mollari soniga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. So'nggi 33 yil ichida tabiiy ofatlar global qishloq xo'jaligiga 3,26 trillion dollar zarar yetkazdi (yiliga 99 milliard dollarga teng), bu global qishloq xo'jaligi yalpi ichki mahsulotining taxminan to'rt foizini tashkil qiladi. Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) ning yangi hisobotida qayd etilgan.

1991-yildan 2023-yilgacha tabiiy ofatlarda 4,6 milliard tonna don, 2,8 milliard tonna meva va sabzavotlar va 900 million tonna go'sht va sut mahsulotlari yo'qotildi.

Iqlim o'zgarishi inson salomatligi uchun eng katta tahdiddir. Uning ta'siri allaqachon havo ifloslanishi, kasalliklarning tarqalishi, ekstremal ob-havo hodisalari, majburiy ko'chirish, psixologik stress va odamlar oziq-ovqat etishtira olmaydigan yoki yetarli oziq-ovqat ta'minotini ta'minlay olmaydigan joylarda ochlik va to'yib ovqatlanmaslikning kuchayishi orqali sog'liqqa zarar yetkazmoqda. O'zgaruvchan ob-havo sharoitlari kasalliklarning tarqalishiga olib keladi va ekstremal ob-havo hodisalari o'limni ko'paytiradi. Ekologik omillar har yili taxminan 13 million kishining hayotiga zomin bo'lyapti.

Vaziyatni o'nglash mumkin(mi?)

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit bo'yicha dasturi (UNEP) tahliliga ko'ra, mamlakatlarning Parij kelishuvi bo'yicha yangi iqlim majburiyatlari shu asrda global haroratning ko'tarilishini biroz yaxshilagan. Shunga qarmay, iqlim tahdidlari ortib bormoqda.

“Hozirgi majburiyatlarga qaramay, biz hali ham iqlim falokatiga duch kelmoqdamiz”, dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Hisobot mualliflari bir necha o'n yilliklar davomida o'rtacha global harorat vaqtincha 1,5 darajadan oshib ketishi haqida ogohlantirmoqda. Bu o'sishni qaytarish qiyin bo'ladi. ekotizimlar, iqtisodiyot va inson salomatligiga etkaziladigan zararni minimallashtirish uchun katta miqdordagi tashlanmalarni tez sur'atlarda kamaytirish kerak bo'ladi.

“Mamlakatlar Parij kelishuvining va'dalarini bajarish uchun uch marta harakat qilishdi va har safar ular bu maqsadga erisha olishmadi”, dedi UNEP ijrochi direktori Inger Andersen.

“Milliy iqlim rejalari ma'lum bir yutuqlarga olib keldi, ammo bu juda sekin kechmoqda. Bizga hali ham qisqa vaqt ichida va tobora murakkablashib borayotgan geosiyosiy sharoitlarda tashlanmalarni misli ko'rilmagan tarzda kamaytirishga zarurat bor”, deya qo'shimcha qildi u.

UNEP ma'lumotlariga ko'ra, 2025-yil 30-sentabrga kelib, Parij kelishuvining atigi 60 ta ishtirokchisi (global chiqindilarning 63 foizi mazkur mamlakatlar hissasiga to'g'ri keladi) davlatlar 2035-yil uchun yangi chiqindilarni kamaytirish maqsadlarini taqdim etishgan. Bundan tashqari, aksariyat mamlakatlar hatto 2030-yilgi maqsadlariga ham erisha olishmayapti.

Global isish traektoriyasini Parij kelishuvi maqsadlari bilan moslashtirish uchun keskin va misli ko'rilmagan miqdorda chiqindilarni kamaytirish kerak, bu esa tobora erishib bo'lmaydigan vazifa bo'lib bormoqda. 2024-yilda chiqindilar miqdori 2,3 foizga oshgani ham shundan dalolat beradi.

Barcha davlatlarning zararli tashlanmalarni kamaytirish borasidagi sa'y-harakatlari 2035-yilda global chiqindilarni 2019-yilgi darajaga nisbatan taxminan 15 foizga kamaytirishi mumkin, ammo bu yetarli emas: haroratni Selsiy bo'yicha 2 darajagacha ushlab turish uchun tashlanmalarni 35 foizga, 1,5 darajada ushlab turish uchun esa 55 foizga kamaytirish kerak bo'ladi.

Shunga qaramay, UNEP mutaxassislari haroratni Selsiy bo'yicha 1,5 darajagacha saqlab qolish maqsadi juda muhimligini ta'kidlashmoqda.

“Yashashga yaroqli kelajakni ta'minlash kun sayin qiyinlashib bormoqda. Ammo bu taslim bo'lish uchun sabab emas. Bu sa'y-harakatlarni kuchaytirish va harakatlarni tezlashtirish uchun sababdir”, dedi Antoniu Guterrish.

Hisobotda shuningdek, Parij kelishuvi qabul qilinganidan beri global haroratning ko'tarilishi prognozlari Selsiy bo'yicha 3-3,5 darajadan hozirgi 2,3-2,5 darajagacha pasaygani, ammo haqiqiy o'zgarishlar siyosiy iroda va xalqaro moliyaviy arxitekturani isloh qilishni talab qilishi ta'kidlangan.

“Yechimlar allaqachon mavjud. Qayta tiklanadigan energiyani tez sur'atda oshirishdan tortib metan chiqindilarini kamaytirishgacha, biz nima qilish kerakligini bilamiz”, dedi Inger Andersen.

Biroq ko'p narsa global chiqindilarning 77 foizini yuzaga keltirayotgan G20 mamlakatlariga ham bog'liq bo'lib qolmoqda. Aksiga olib ularning umumiy ko'rsatkichlari hatto 2030-yilgi maqsadlardan ham past: 2024-yilda mazkur mamlakatlarda tashlanmalar miqdori 0,7 foizga oshgan.

Iqlim o'zgarishlari bilan bog'liq murakkab vaziyat dunyo mamlakatlaridan qayta tiklanuvchi, xususan, quyosh, shamol energiyasini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratishni taqozo etmoqda. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida energiya ishlab chiqarishda muqobil energiya manbalarining ulushi ancha oshgan bo'lsa-da, rivojlanmagan mamlakatlar bu borada ancha orqada, ular hali-hamon qazib olinadigan energiya manbalariga tayanib qolgan. Bu global miqyosda muqobil energetikani rivojlantirish zaruratini yuzaga keltiradi. Zero, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish aholining energiyaga bo'lgan ehtiyojini ta'minlash bilan birga, atrof-muhitga zarar yetkazilishining oldini olib, ekologik barqarorlikni ta'minlaydi.

Shahzod G'afforov,

“Yuz.uz” sharhlovchisi