Oʻzbekiston Respublikasi Prizidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi BMT Taraqqiyot dasturi va Oʻzgidrometning “Oʻzbekistonning qurgʻoqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xoʻjaliklarining iqlimiy barqarorligini taʼminlash» qoʻshma loyihasini amalga oshirish doirasida “Iqlim qutichasi” nomidagi oʻquv qoʻllanmasi taqdimotiga bagʻishlangan seminar oʻtkazdi.

Tadbirda qayd etilganidek, Oʻzbekiston BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyaga qoʻshilgan tomon sifatida BMT IOʻDK oldida qator majburiyatlarni zimmasiga olgan. Jumladan, iqlim oʻzgarishi va uning oqibatlari muammolari boʻyicha maʼrifat va jamoatchilikni xabardor qilishni taʼminlash ustuvor vazifalardan biri. Bu yoʻnalishda Respublika taʼlim markazi tomonidan umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari, xalq taʼlim boʻlimlari uslubiyatchilari, maktabdan tashqari taʼlim muassasalari mutaxassislari, sinf rahbarlariga Oʻzbekistonning iqlim sharoitlari haqidagi materiallar bilan taʼlim jarayonida va maktabdan tashqarida tahsil berishda foydalanishlari uchun oʻquv-uslubiy qoʻllanma ishlab chiqildi. Oʻquv qoʻllanmasini namunaviy joriy qilish Toshkent shahrining uchta maktabida muvaffaqiyatli yakunlandi.

Taʼlim materiallarini topshirish marosimida Rossiya Federatsiyasi elchixonasi, BMTTD, Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzgidromet vakillari ishtirok etdi.

-Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning asosiy vazifalaridan biri bu atmosfera havosining tabiiy tarkibini tabiiy muhitning ijtimoiy ahamiyatga ega tarkibiy qismi sifatida saqlab qolishdir, - deydi Oʻzgidrometning atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi xizmati boshligʻi M. Plotsen.- Bu uning sifatini himoya qilish va nazorat qilish huquqini taʼminlash uchun zarurdir. fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi uchun qulay boʻlgan atmosfera havosiga boʻlgan huquqni taʼminlash uchun sifatli muhofaza qilinishi kerak.

Oʻzgidrometda atmosfera havosining ifloslanishini kuzatishlarni modernizatsiya qilish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda. Oʻzgidromet Zamin XJF (xalqaro jamoat fondi) va Toshkent shahar hokimligining moliyaviy va tashkiliy-huquqiy yordami bilan Toshkent shahrida havo ifloslanishini kuzatuvchi ikkita avtomatik stansiyani sotib oldi va oʻrnatdi. Ular doimiy ravishda sirt qatlamidagi sogʻliq uchun eng xavfli ifloslantiruvchi moddalarning tarkibi toʻgʻrisida maʼlumot beradi.

Gidrometning suv kadastri va meteorologik oʻlchovlar boshqarmasi boshligʻi Q. Zohidovning aytishicha, dunyoda roʻy beradigan tabiiy ofatlarning 90%i ob-havo, iqlim yoki suv bilan bogʻliq. Xavfli tabiiy hodisalarni toʻxtatib boʻlmaydi. Biroq ulardan oʻz vaqtida oldindan ogohlantirish falokat koʻlamini kamaytirishi mumkin. Xavfli hodisalarni monitoring qilish tizimi oldindan ogohlantirishlar tayyorlash va favqulodda vaziyatlarda javob qaytarish uchun maʼlumotlar taqdim etish yoʻli bilan ofatlar xavfini kamaytirishga yordam beradi. Gidrometeorologiya xizmati markazi prognoz va ogohlantirishlar tayyorlaydi.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan moliyalashtirilgan “Oʻzbekiston qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” Yevropa Ittifoqi (YEI) dasturi doirasida Davlat suv kadastrini (DSK) yuritish uchun raqamli maʼlumotlar bazasi (RMB) ishlab chiqildi. Bu tiziming asosiy maqsadi rejalashtiriladigan va xoʻjalik organlarga yer usti va yer osti suv resurslarining asosiy daryo havzalari va ularning alohida boʻlgan hudud, viloyatlar va umumiy respublika boʻyicha miqdoriy va sifat holati va oʻtgan yilda ulardan foydalanish darajasi haqida tezkor maʼlumot tayyorlash hisoblanadi.

Axborot tizimini joriy etishning asosiy maqsad va vazifalari ishning axborot ochiqligi va qulaylikni oshirish, yagona markazlashtirilgan maʼlumotlar bazasini yaratish, axborotni kiritish va qayta ishlash muddatlari, murakkabligini kamaytirish, manfaatdor tashkilotlarga tartibli va tahliliy maʼlumotlarni tezkor olish va taqdim etish hamda koʻrsatiladigan axborot xizmatlari sifatini oshirishdir.

-Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi logotipining eng yaxshi dizayn-maketi uchun Oʻzgidromet rasmiy veb-saytlarida eʼlon berilib, 5 oy davomida tanlov oʻtkazildi, - deydi Oʻzgidromet axborot xizmati matbuot kotibi M. Asilxoʻjayeva.-Tanlov jarayoni qizgʻin va bahs munozaralarga sababchi boʻldi. Tanlov yuzasidan tashkil etilgan hayʼat aʼzolari ishtirokida Oʻzgidromet ramzi sifatida foydalanish uchun moʻljallangan eng yaxshi logotip tanlab olindi. Logotip Oʻzgidrometning rasmiy emblemasi sifatida qabul qilinadi hamda ish hujjatlari, veb-sayt va Oʻzgidrometning boshqa axborot mahsulotlarini rasmiylashtirishda foydalaniladi.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri