Buyuk Britaniya Hamdoʻstlik va xalqaro rivojlanish masalalari boʻyicha Tashqi ishlar vazirligining moliyaviy koʻmagi bilan tashkil etilgan konferensiyada Qozogʻiston, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va yurtimizdan ekspertlar qatnashmoqda. Ishtirokchilar turli sohalarda davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda zamonaviy maʼlumot tizimlaridan foydalanish boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tajribani oʻrganishadi.

Konferensiya doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarida “Iqtisodiy taraqqiyot uchun samarali boshqaruv” nomli yangi dasturga rasman start beriladi. Dastur Jahon banki va ACTED xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan Buyuk Britaniya hukumatining moliyaviy koʻmagi asosida amalga oshirilmoqda. Undan koʻzlangan maqsad –Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston va Oʻzbekiston mamlakatlari iqtisodiy siyosatining shaffofligi va samaradorligini oshirish hisoblanadi.

Dastur doirasida yuqorida qayd etilgan davlatlar hukumatlariga sifatli maʼlumotlarni olish, ulardan davlat siyosatini ishlab chiqish va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda foydalanish, idoralararo koordinatsiya hamda fuqarolarni tinglash mexanizmlarini takomillashtirish masalalarida koʻmak beriladi.

– Buyuk Britaniya davlat siyosatini dalillar asosida ishlab chiqishni qoʻllab-quvvatlash uchun hamkor mamlakatlar – Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston hukumatlari bilan birgalikda EGED dasturiga start berdi. Biz ushbu jarayonning samarali boʻlishi uchun statistik maʼlumotlar va ilmiy dalillardan foydalanish kerakligiga ishonamiz, – dedi Buyuk Britaniyaning Hamdoʻstlik va xalqaro rivojlanish masalalari boʻyicha Tashqi ishlar vazirligi Markaziy Osiyoda rivojlanish boʻyicha direktori Mirza Jahoniy. – Ushbu konferensiya doirasida mintaqadagi mamlakatlar hukumatlari va fuqarolik jamiyati vakillaridan iborat hamkorlarni yigʻa olganligimizdan mamnunmiz. Ishtirokchilar tajribalar bilan almashishlari va kelgusi chora-tadbirlar, shu jumladan, Buyuk Britaniyaning yangi Xalqaro taraqqiyot strategiyasi qabul qilingani natijasida EGED dasturi doirasidagi faoliyatni kengaytirish masalalarini muhokama qilib olishlari mumkin boʻladi. Ushbu hujjat davlat organlarida institutsional yetakchilik masalalariga alohida eʼtibor qaratadi.

Oʻzbekistonda EGED dasturi mehnat bozorini isloh qilish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha samarali siyosatni ishlab chiqish, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish uchun tabiiy resurslardan samarali foydalanish boʻyicha siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish hamda davlat korxonalarini restrukturizatsiya qilishda yordam beradi. Shuningdek, dastur shaharlarni rivojlantirish va davlat xaridlari sohalarini isloh qilish, mamlakatda norasmiy iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda maʼlumotlardan foydalanishga ham koʻmak beradi.

– 2016-yildan boshlab Oʻzbekistonda maʼlumotlar sifatining oshib borayotganligi va davlat siyosatini ishlab chiqishda ulardan keng miqyosda foydalanilayotganining guvohi boʻlmoqdamiz. Mamlakat hukumati tanlagan ochiqlik va shaffoflik siyosati natijasida yurtimizning statistika sohasidagi salohiyati yildan-yilga sezilarli darajada yaxshilanib bormoqda. Konferensiya davomida ushbu sohadagi tajribamiz bilan boʻlishmoqchimiz va Markaziy Osiyodagi hamkasblarimizning tajribalarini oʻrganmoqchimiz, – dedi Bosh vazir oʻrinbosari –iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri Jamshid Qoʻchqorov.

Konferensiya ishtirokchilari tegishli tadqiqotlar, maʼlumotlar va eksperimentlarning davlat boshqaruvini takomillashtira oladigan hamda uni Markaziy Osiyoda adolatli va inklyuziv oʻsishga erishishga yoʻnaltira oladigan islohotlar siyosatining qudratli omili sifatidagi rolini tahlil qilishadi. Shuningdek, maʼlumotlarni tayyorlash boʻyicha salohiyatni rivojlantirish, shu jumladan, milliy statistika organlari va mehnat bozorlari holatini tahlil qiluvchi tizimlarni jalb etgan holda, masalalar koʻrib chiqiladi.

Konferensiya yakuniga koʻra qoʻshma deklaratsiya qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Hujjat loyihasi ishtirokchilarni quyidagi majburiyatlarni oʻz zimmalariga olishga undaydi:

- inklyuziv oʻsishni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, ozchilik guruhlar farovonligini ustuvor oʻringa qoʻyish va barcha jamiyat aʼzolarining hayotini yaxshilash maqsadida imkoniyatlardan teng foydalanishni taʼminlash uchun kerakli maʼlumotlardan foydalanish;

- qarorlarni qabul qilish jarayoni shaffof va samaraliroq boʻlishi uchun maʼlumotlardan keng foydalanish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida hamkorlikni ragʻbatlantirish;

- maʼlumotlar sifatini takomillashtirish va ularni turli sohalardagi davlat siyosatlarini ishlab chiqish jarayoniga integratsiya qilishni qoʻllab-quvvatlash;

- davlat maʼlumotlarining avvalboshdan ochiq va jamoatchilik foydalanishi uchun erkin boʻlishini taʼminlash;

- jamoatchilikning davlat maʼlumotlaridan foydalanishini ragʻbatlantirish, jamoatchilikni qaror qabul qilish jarayoniga jalb qilish va Markaziy Osiyo mamlakatlarida ushbu sohada jamoatchilik xabardorligini oshirib borish.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni

qisqartirish vazirligi axborot xizmati