Mamlakatlar barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish uchun xom ashyoga tayangan modeldan yuqori qoʻshimcha qiymat yaratadigan texnologik modelga oʻtishga majbur. Bu jarayonda intellektual mulk (IM) instituti hal qiluvchi strategik omilga aylanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabr kuni taqdim etilgan Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida ikkinchi ustuvor yoʻnalish sifatida “iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish” belgilanadi. Bu tezis “model” degan soʻz bilan aytilgani uchun ham muhim: gap alohida loyiha emas, iqtisodiy boshqaruv mantigʻini oʻzgartirish haqida ketmoqda. 

Murojaatnomada “har bir dollar investitsiya” avvalo ilgʻor texnologiyalar transferi, yuqori qoʻshilgan qiymat, resurs samaradorligi va mahalliy ishchilarni yangi texnologiyalarga oʻqitishga xizmat qilishi lozimligi aytiladi. Demak, investitsiya siyosatida “pul kirsa boʻldi” emas, “texnologiya kirsin, bilim kirsin” degan mezon qoʻyilmoqda. Bu yondashuv esa intellektual mulk institutisiz toʻliq ishlamaydi: texnologiya transferi koʻp holda litsenziya, nou-xau, patent portfeli, dasturiy taʼminot huquqlari orqali amalga oshadi. 

Shu hujjatning oʻzida innovatsiyani ragʻbatlantirishga oid iqtisodiy stimul ham bor: “ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalaridan olgan daromad soliqdan ozod qilinishi” aytiladi. Bu — endogen oʻsish nazariyasidagi R&D ragʻbatlariga mos siyosiy signal. Lekin bu ragʻbatning samarasi intellektual mulkning keyingi bosqichlariga bogʻliq: agar tadqiqot natijasi patentlanmasa yoki nou-xau sifatida himoyalanmasa, soliq imtiyozi innovatsiyani bozorga olib chiqishga yetmasligi mumkin. 

Murojaatnomada raqamli infratuzilma va AI boʻyicha ham aniq rejalar tilga olinadi: bir qator hududlarda data-markazlar, superkompyuterlar, OTMlarda sunʼiy intellekt laboratoriyalari tashkil etilishi, turli sohalarda 100 dan ortiq AI loyihalarini amalga oshirish vazifalari keltirilgan. Bu esa dasturiy taʼminot, maʼlumotlar (data), algoritmlar va modellarga oid IP siyosatini dolzarb qiladi: AI mahsulotining tijorat qiymati koʻpincha kod, maʼlumotlar bazasi, model arxitekturasi, servis brendi va maxfiy nou-xauda joylashadi. 

Iqtisodiyotni innovatsion yoʻlga oʻtkazish – bu faqat yangi texnologiyalar yaratish emas, balki ularni huquqiy muhofaza qilish, tijoratlashtirish va global bozorga olib chiqish mexanizmlarini shakllantirishdir. Shu nuqtayi nazardan intellektual mulk innovatsion iqtisodiyotning huquqiy infratuzilmasi hisoblanadi.

Hozirgi xalqaro huquqiy makonda intellektual mulkning innovatsiya va texnologiya transferi bilan bogʻliqligi toʻgʻridan-toʻgʻri normalarda ham ifodalangan. TRIPS kelishuvining maqsadlar qismi (Article 7)da intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish va ijro etish texnologik innovatsiya, texnologiyani oʻtkazish va tarqatishga hissa qoʻshishi kerakligi belgilangan. Bu — “himoya” fanatizmi emas, iqtisodiy maqsadga yoʻnaltirilgan balans tamoyili ekanini anglatadi. 

Global raqobatning qaysi yoʻnalishda ketayotganini  World Intellectual Property Organizationning yillik WIPI hisoboti juda aniq koʻrsatadi: 2023-yilda patent arizalari 3,55 mlnga chiqib rekord oʻrnatgan, dizayn arizalari 2,8% oʻsgan, shu bilan birga “Osiyo IP idoralari” patent, tovar belgisi va dizayn arizalarining taxminan 70%ini qamrab olgani qayd etilgan. Boshqacha aytganda, innovatsiya markazlari geografiyasi kengaymoqda va mintaqaviy raqobat kuchaymoqda. 

Empirik tadqiqotlarda intellektual mulkni mustahkamlash texnologiya transferining iqtisodiy koʻrsatkichlariga taʼsir qilgan holatlar ham bor. Masalan, National Bureau of Economic Research ishchi hujjatida (Branstetter va hammualliflar) intellektual mulk islohotlari amalga oshirilgan paytlarda transmilliy kompaniyalar filiallariga texnologiya transferi uchun toʻlanadigan royalti toʻlovlari oʻsgani, filiallarning R&D xarajatlari ham oshgani haqida firma darajasidagi maʼlumotlar asosida xulosa beriladi. 

Boshqa tomondan, ayrim UNCTAD tahlillari intellektual mulk, FDI va texnologiya transferi oʻrtasidagi bogʻliqlik doim ham avtomatik emasligini, baʼzi sharoitlarda natijalar “aralash” chiqishini koʻrsatadi: intellektual mulk — zarur shart, ammo yetarli shart emas; mahalliy inson kapitali, raqobat muhiti, sud tizimi va korxonalarning oʻzlashtirish qobiliyati ham hal qiluvchi omillardir. Shu bois oqilona siyosat “himoya + tijoratlashtirish + raqobat + kadr” toʻrtligini birlashtirishi kerak. 

Texnologiya transferi mexanizmida litsenziya alohida oʻrin tutadi. UNCTADning IP boʻyicha oʻquv qoʻllanmasi patent tizimida “eksklyuziv huquq evaziga oshkor etish” logikasi borligini, texnologiya transfer shartnomalari (litsenziyalar) esa uchinchi tarafga patentdan foydalanish huquqi bilan birga uni ishlatish uchun zarur nou-xauni ham berishini taʼkidlaydi. 

Intellektual mulkning “bozorga chiqish” qismida nomoddiy aktivlarni baholash va moliyalashtirish ham muhim. Masalan, Korean Intellectual Property Office maʼlumotiga koʻra, Koreyada IP-garovli moliyalashtirish muhiti tez oʻsgan (KIPO xabarlarida 2019–2020-yillarda IP-kafolat/garov asosidagi moliyalash koʻlami keskin kengaygani koʻrsatiladi). Bu modelning iqtisodiy tushunchasi oddiy: “patent — faqat qogʻoz emas, aktiv; uning qiymati baholansa, kreditga xizmat qilishi mumkin”. 

Shu sohada Singapur tajribasi ham koʻp tilga olinadi: WIPO maqolasida IPni garov sifatida qabul qilishda banklarda baholash kompetensiyasi yetishmasligi — asosiy toʻsiq ekani, shu bois standartlashgan baholash yoʻriqnomalari va muvofiqlashgan maʼlumot ochib berish (intangibles disclosure) tizimlari muhimligi qayd etiladi. 

Nizolarni hal qilishda maxsus sud/protseduralar ham ishonchni oshiradi. Masalan, Intellectual Property Enterprise Court (IPEC) Buyuk Britaniyada aynan kichik va oʻrta biznes uchun arzonroq, tezroq va nisbatan sodda tartiblarni qoʻllaydigan IP nizolari maydoni sifatida belgilangan. Bu kabi institutlar “huquqni himoya qilish narxi”ni tushirib, innovatsiyani iqtisodiy jihatdan maʼqul qiladi. 

Murojaatnomada belgilangan texnologik-innovatsion oʻsish modeli amalda ishlashi uchun intellektual mulk “qoʻshimcha” emas, balki asosiy infratuzilma sifatida qaralishi kerak: investitsiya texnologiyaga aylanishi uchun litsenziya va nou-xau bozori, startap qiymatga aylanishi uchun patent/soft/brend himoyasi, universitet natijasi sanoatga chiqishi uchun TTO (Technology Transfer Office) va IP-menejment, bank kreditga ishonishi uchun baholash va sud ijrosi mexanizmi lozim. 

 

Iroda Yakubova,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Intellektual mulk huquqi sho‘basi

professori v.b., yuridik fanlari doktori (DSc)