Iqlim oʻzgarishi, aholi soni tez oʻsishi, yer resurslari cheklangani va tabiiy ekotizimlarga tushayotgan bosim suvdan foydalanish masalasini faqat texnik yoʻnalish doirasida koʻrib chiqish yetarli boʻlmagan murakkab jarayonga aylantirdi. Bugun suv xoʻjaligi nafaqat infratuzilma va boshqaruv tizimi, balki ekologik barqarorlik, innovatsion rivojlanish hamda ilmiy yondashuvni talab etadigan strategik soha sifatida namoyon boʻlmoqda.
Xalqaro miqyosdagi tadqiqotlar global miqyosda olinadigan chuchuk suv resurslarining qariyb yetmish foizi qishloq xoʻjaligi uchun sarflanayotganini koʻrsatadi. Ushbu koʻrsatkich irrigatsiya tizimlari samaradorligi past hududlarda yanada yuqori boʻlib, suv yoʻqotishlari, shoʻrlanish, yer degradatsiyasi kabi ekologik muammolarni keskinlashtiryapti. Jahon miqyosida suv resurslarini boshqarish boʻyicha tayyorlangan tahliliy hisobotlarda 2030 yilga borib, aholining sezilarli qismi suv tanqisligi yuqori boʻlgan hududlarda yashashi prognoz qilinmoqda. Bu holat esa, oʻz navbatida, suv xoʻjaligidagi yondashuvlarni tubdan qayta koʻrib chiqish, ilmiy asoslangan va innovatsion yechimlarni keng joriy etishni taqozo etadi.
Suv xoʻjaligi va irrigatsiya sohasidagi muammolar koʻp hollarda texnologik imkoniyatlar yetarli darajada joriy qilinmagani bilan bogʻliq. Anʼanaviy sugʻorish usullari suvdan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini bermaydi, monitoring va hisob tizimlarining sustligi esa yoʻqotishlarni aniqlash hamda tezkor choralar koʻrishni qiyinlashtiradi. Shu nuqtai nazardan, raqamli boshqaruv tizimlari, suv tejovchi texnologiyalar, ilmiy modellashtirish asosida ishlab chiqilgan irrigatsiya yechimlari ekologik barqarorlikni taʼminlashning muhim omillaridan.
Bunday sharoitda ilm-fan va amaliyot oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlik masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Ilmiy tadqiqotlar natijasi ishlab chiqarish va real sektor bilan tutashmagan holatda kutilgan samarani bermaydi. Shu bilan birga, tadbirkorlik tashabbuslari ilmiy asos va puxta tahlilsiz barqaror rivojlanish yoʻliga chiqishi dargumon. Suv xoʻjaligi kabi murakkab va koʻp qatlamli sohada aynan olimlar va tadbirkorlar oʻrtasidagi hamkorlik innovatsion yechimlar shakllanishi, ilmiy ishlanmalar tijoriylashuvi va investitsiya jarayonlari faollashuvi uchun mustahkam zamin hozirlaydi.
Oʻzbekiston sharoitida irrigatsiya tizimlari qishloq xoʻjaligi barqarorligini taʼminlovchi asosiy omillardan. Mintaqaning tabiiy-iqlim sharoiti suv resurslaridan oqilona foydalanish, har tomchi suvning ilmiy asosda rejalashtirilishini talab etadi. Shu jihatdan suv xoʻjaligi sohasida innovatsiyalarni joriy qilish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish va biznes subyektlarini bu jarayonga faol jalb qilish dolzarb ahamiyatga ega.
Ana shu ehtiyojlardan kelib chiqib, olimlar hamda suv xoʻjaligi sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning bu boradagi fikr-mulohazalari, amaliy harakatlari natijalari bilan qiziqib, ularni sizning eʼtiboringizga ham havola etishni maʼqul koʻrdik. Chunki suvni tejash bugun har birimizning chin insoniy va fuqarolik burchimizga aylanib ulgurdi.
Shoʻrlanish holati dala sharoitida tezkor va aniq baholanadi
Gavharoy PALUASHOVA,
Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri:
— Suv xoʻjaligi va irrigatsiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarim jarayonida bir haqiqatga tobora koʻproq amin boʻlyapman: bugungi ekologik vaziyat, yer va suv resurslariga tushayotgan bosim sharoitida ilmiy ishlanmalarning amaliyotdan uzilgan holda rivojlanishi kutilgan natijani bermaydi. Ayniqsa, sugʻoriladigan yerlar ulushi yuqori boʻlgan hududlarda har bir ilmiy yechim real ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etilishi, tadbirkorlik tashabbuslari bilan uygʻunlashishi zarur.
Respublikamiz sharoitida bu masala naqadar dolzarb ekanini holatning oʻzi yaqqol koʻrsatib turibdi. Hozir sugʻoriladigan maydonlarning 44,2 foizi turli darajada shoʻrlangan boʻlib, bu holat qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligiga bevosita taʼsir etyapti. Shoʻrlanish jarayonining oʻz vaqtida aniqlanmasligi suv resurslaridan foydalanish samaradorligini pasaytiradi, yerlarning meliorativ holatini ogʻirlashtiradi, ishlab chiqarish xarajatini oshiradi. Shu sababli shoʻrlanishni dala sharoitida tezkor va aniq baholash imkonini beradigan ilmiy yechimlarga ehtiyoj kuchaygan.
Mazkur ehtiyojlardan kelib chiqib, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutida tuproq va suv shoʻrlanishini aniqlashga moʻljallangan elektr konduktometr uskunalari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Ulardan bugun respublikaning barcha suv xoʻjaligi hududidagi meliorativ ekspeditsiyalarda foydalanilmoqda. Elektr konduktometrlar tuproq shoʻrlanishini tezkor usulda aniqlash imkonini beradi. Bu esa dala sharoitida tezkor qaror qabul qilish, agrotexnik tadbirlarni aniq rejalashtirishga xizmat qiladi.
Ilmiy ishlanma ikki modifikatsiyada ishlab chiqilgan. Shtirli Ekspress-1T elektr konduktometri bevosita dalaning oʻzida oʻlchash uchun moʻljallangan boʻlib, 1 metrgacha chuqurlikda tuproq shoʻrlanishi va haroratini aniqlaydi. Ushbu imkoniyat ekinlarning oʻsib rivojlanishi davrida ildiz tizimi joylashgan qatlamdagi shoʻrlanish darajasini baholash uchun qulay sharoit yaratadi. Amaliy tajribalar nam tuproqda ushbu usul yuqori aniqlik bilan natija berishini koʻrsatdi. Kun davomida bir necha gektar maydonning shoʻrlanish holatini baholash imkoni mavjud.
Ikkinchi modifikatsiya sifatida ishlab chiqilgan portativ elektr konduktometr dala sharoitida olingan tuproq hamda suv namunalarini oʻlchashga xizmat qiladi. Ariq va drenaj-zovurlardagi suvlarning minerallashganini joyida aniqlash imkoniyati suv xoʻjaligi mutaxassislari uchun muhim axborot manbaidir. Shu bilan birga, ushbu uskunadan dehqon va fermer xoʻjaliklari vakillari bevosita oʻz yer maydonida foydalanishi mumkin. Bu esa ilmiy natijalarning kengroq qatlamga yetib borishini taʼminlaydi.
Mazkur ilmiy ishlanmalarning yana bir muhim jihati shuki, kuniga 150-200 ta tuproq yoki suv namunasini tahlil qilish imkoniyati laboratoriya sharoitida klassik usullarga nisbatan mehnat unumdorligini 7-8 barobargacha oshiradi. Kimyoviy reagentlardan foydalanilmasligi ekologik xavfsizlikni taʼminlash bilan birga xarajatni qisqartirishga yordam beradi. Shu sababli bunday texnologiyalarni keng joriy qilish masalasida tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
Irrigatsiya tizimida inson omiliga bogʻliq xatolar kamayadi
Boybek XOLBOʻTAYEV,
Jizzax politexnika instituti dotsenti:
— Iqlim oʻzgarishi, suv sathining mavsumiy tebranishi, vegetatsiya davrida suvga talabning keskin oshishi nasos stansiyalarining uzluksiz va ishonchli ishlashini strategik masalaga aylantirdi. Tajribadan ayonki, koʻplab nasos stansiyalarida suv sathi pasayishi bilan bogʻliq uzilishlar yuzaga keladi. Suv sathi keskin tushib ketgan paytlarda nasos agregatlari samaradorligi kamayadi, ayrim hollarda esa ularning ishi vaqtincha toʻxtab qoladi. Bu holat qishloq xoʻjaligi ekinlarining suv bilan taʼminlanishida uzilishlar keltirib chiqaradi, suv taqsimotida beqarorlik yuzaga keladi, ishlab chiqarish jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu sababli nasos stansiyalarini suv tanqis sharoitga moslashgan holda modernizatsiya qilish masalasi dolzarb ilmiy-amaliy vazifalar sirasiga kiradi.
Ilmiy jamoamiz tomonidan ishlab chiqilgan nasos stansiyalarida suv tanqis davrlarda isteʼmolchilarni va sugʻoriladigan yerlarni uzluksiz suv bilan taʼminlashga moʻljallangan maxsus qurilma hamda masofaviy boshqaruv dasturi ayni masalaga amaliy yechim boʻlishi koʻzda tutilgan. Loyihaning asosiy gʻoyasi irrigatsiya tizimi uchun eng muhim boʻlgan vegetatsiya davrida suv yetkazib berish jarayonini barqaror holatda ushlab turishga qaratilgan.
Mazkur loyiha doirasida nasos stansiyasining aniq modeli ishlab chiqildi va unga mos kompyuter dasturi yaratildi. Dastur orqali nasos stansiyasining ish rejimini masofadan boshqarish, suv sathidagi oʻzgarishlarni real vaqt rejimida kuzatish va tezkor choralar koʻrish imkoniyati yaratildi. Suv sathi pasaygan holatlarda maxsus qurilma yordamida nasos agregatlarining uzluksiz ishlashi taʼminlanadi. Bu esa suv taʼminotida barqarorlikni saqlab qolishga xizmat qiladi.
Loyihaning muhim jihatlaridan biri shundaki, u faqat sugʻorish tizimlari bilan cheklanib qolmaydi. Ishlab chiqilgan masofaviy boshqaruv dasturidan ichimlik suv taʼminoti tizimlarida ham foydalanish mumkin. Amaliy natijalar ham uning hayotiyligini tasdiqladi. Ishlab chiqilgan dastur va qurilmaga Suv xoʻjaligi vazirligining ijobiy xulosasi olindi, Intellektual mulk agentligi tomonidan foydali model sifatida patent bilan himoyalandi, kompyuter dasturi uchun belgilangan tartibda guvohnoma rasmiylashtirildi.
Respublikamizdagi barcha nasos stansiyalariga ushbu dastur va qurilmani tatbiq etish imkoniyati mavjud boʻlib, bu suv xoʻjaligi tizimining umumiy barqarorligini oshirishga xizmat qiladi. Ayni jarayonda tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Ilmiy muassasalar tomonidan yaratilgan texnologiyalarni ishlab chiqarish miqyosida joriy qilish, servisni yoʻlga qoʻyish, texnik qurilmalarni hududlar kesimida moslashtirish tadbirkorlik subyektlarining faol ishtirokini talab qiladi. Oʻz navbatida, ishbilarmonlik muhiti innovatsion yechimlarning tezroq hayotga tatbiq etilishi, investitsiya jalb qilish jarayonlarining faollashuvi uchun muhim.
Yomgʻir hisobiga shoʻrxok hududlarni tuzsizlantirish mumkin
Farhod SAʼDIYEV,
Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi:
— Bugungi suv tanqisligi sharoitida shoʻr yuvish jarayoniga yondashuv tubdan qayta koʻrib chiqilishi davr talabidir. Anʼanaviy shoʻr yuvish texnologiyalari katta hajmdagi suv resurslarini talab qilgani tufayli vegetatsiya davrida yoki suv yetib bormaydigan hududlarda ularni toʻliq qoʻllash imkoniyati keskin cheklangan. Natijada tuproq shoʻrlanishini boshqarish masalasi suv resurslarini tejash bilan chambarchas bogʻlangan murakkab vazifaga aylanmoqda.
Ayni sharoitda meliorativ tadbirlarni kam suv sarfi asosida tashkil etish, tuproqdagi tuzlarning harakatini tezlashtirish va oʻsimliklarni shoʻr stressidan himoyalashga qaratilgan ilmiy yechimlarga ehtiyoj ortdi. Shu maʼnoda, tuproq shoʻrini kamaytirishga qaratilgan biosolvent melioranti asosidagi tadqiqot natijalari bilan oʻrtoqlashishni zarur deb bildim. Ushbu preparat Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti tomonidan ishlab chiqilgan. Uni qoʻllash texnologiyasini Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari takomillashtirgan.
Biosolvent melioranti shoʻr yuvish jarayonida suv sarfini keskin kamaytirishga yordam beradi. Tadqiqotlar jarayonida preparatni qoʻllash orqali suv sarfini 50 foizgacha tejashga erishildi. Shu bilan birga, tuproqdagi toksik tuzlarning yuvilish jarayoni 42 foizgacha tezlashgani kuzatildi. Bu natija suv tanqisligi sharoitida meliorativ tadbirlarni amalga oshirish uchun muhim ilmiy-amaliy asos boʻlishi mumkin.
Preparatning taʼsir mexanizmi tuproqning fizik holatini yaxshilash bilan bevosita bogʻliq. Biosolvent tuproqning gʻovakligini oshiradi, tuzlarning pastki qatlamlarga siljishini tezlashtiradi va shoʻrlanishning yuqori qatlamlarda toʻplanib qolishining oldini oladi. Mazkur jarayon shoʻr yuvish samaradorligini oshiradi, tuproq muhitini oʻsimliklar uchun qulay holatga keltiradi. Ayniqsa, vegetatsiya davrida shoʻr stressini kamaytirish orqali ekinlarning oʻsish va rivojlanishida barqarorlik taʼminlanadi.
Sirdaryo viloyatida oʻtkazilgan tadqiqotlarda vegetatsiya davrida biosolvent meliorantidan foydalanilgan maydonlarda paxtadan qoʻshimcha 7,5 sentner hosil olishga erishildi. Shoʻr yuvish davrida qoʻllangan variantlarda esa qoʻshimcha 5-6 sentner, Xorazm viloyatida oʻtkazilgan tajribalarda qishki shoʻr yuvishdan keyin vegetatsiya davrida preparat qoʻllangan dalalarda 10 sentnerdan ortiq qoʻshimcha paxta hosili olindi.
Muhimi, suv tanqisligi sababli shoʻr yuvish uchun yetarli suv ajratib boʻlmaydigan hududlarda ham ushbu preparatdan foydalanish mumkin. Tadqiqotlarda yer shudgor qilinib, preparat tuproqning yuza qatlamiga sepilgan holatda atmosfera yogʻini hisobiga tuzsizlantirish natijalari qayd etildi — 30-70 santimetr qatlamda tuzlar miqdori 30 foizgacha kamaygani kuzatildi.
Mazkur loyiha ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi hamkorlikning samarali namunasi hisoblanadi. Bioorganik kimyo instituti tomonidan ishlab chiqilgan preparat, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan qoʻllash texnologiyasi va xususiy sektor ishtirokidagi yetkazib berish tizimi oʻzaro uygʻunlashgan holda ishlamoqda.
Maqsadimiz — avariya holatlarining oldini olish
Otabek IKROMOV,
Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti:
— Suv omborlari xavfsizligi masalasi nafaqat muhandislik yondashuvlarini, balki chuqur ilmiy monitoring va raqamli tahlilni talab etadigan strategik yoʻnalish. Oʻzbekiston sharoitida qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish, energetika barqarorligi va hududiy suv taʼminoti tizimi bevosita suv omborlari faoliyati bilan aloqador. Shu bois, ushbu inshootlarning texnik holatini doimiy va tizimli kuzatib borish davlat miqyosidagi muhim vazifalar qatorida turadi.
Ilmiy manbalarda keltirilgan maʼlumotlar gidrotexnik inshootlarda yuz berayotgan avariyalarning salmoqli qismi — 75 foizi gruntli toʻgʻonlar hissasiga toʻgʻri kelishini tasdiqlaydi. Buning asosiy sababi gruntli toʻgʻonlarda filtrlash va deformatsiya jarayonlarining koʻzga koʻrinmas tarzda sekin va bosqichma-bosqich rivojlanishidir. Ushbu jarayonlar oʻz vaqtida aniqlanmasa, toʻgʻon barqarorligiga jiddiy xavf tugʻdiradi. Shu tufayli ham gruntli toʻgʻonlar holatini monitoring qilish xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan muhim ilmiy-amaliy vazifadir.
Tadqiqotimiz doirasida gruntli toʻgʻonlarda filtrlash va deformatsiya jarayonlarini monitoring qilish masalasini Tallimarjon suv ombori misolida oʻrgandik. Oʻrganish obyekti sifatida aynan ushbu suv omborining tanlanishi tasodif emas. Mazkur suv ombori Amudaryodan suv olishi, yettita nasos stansiyasi orqali toʻldirilishi va umumiy suv hajmi bir milliard kub metrdan oshishi bilan respublikamizdagi yirik va strategik ahamiyatga ega inshootlar qatoriga kiradi. Bunday obyektlarda xavfsizlik masalasiga ilmiy yondashuv asosida baho berish alohida ahamiyatga molik.
Izlanishlarimizning asosiy maqsadi suv ombori gruntli toʻgʻonida yuz beradigan filtrlash va deformatsiya jarayonlarini monitoring qilish tizimini raqamli modellashtirish asosida takomillashtirishdan iborat boʻldi. Ushbu maqsadga erishish uchun dala va laboratoriya kuzatuvlari, zamonaviy oʻlchov uskunalari hamda raqamli modellashtirish usullari kompleks tarzda qoʻllandi. Bu yondashuv real holatni aniqlash va kelajakdagi xavf zonalarini oldindan baholash imkonini berdi.
Masofadan zondlash asosida olingan natijalar dala oʻlchovlari va raqamli modellashtirish natijalari bilan oʻzaro taqqoslandi. Mazkur yondashuv monitoring natijalarining ishonchliligini oshirdi va gruntli toʻgʻonlardagi filtrlash hamda deformatsiya jarayonlarini kompleks baholash imkonini yaratdi. Shu tariqa anʼanaviy oʻlchov usullari va zamonaviy raqamli texnologiyalar uygʻunligi asosida toʻgʻon xavfsizligini baholashning samarali modeli shakllantirildi. Bu esa, oʻylaymizki, suv xoʻjaligi tizimida xavfsizlikni taʼminlashdagi muhim ilmiy-amaliy bosqichdir.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Asliddin ABDURAZZOQOV tayyorladi.