Unga ko'ra, mutassaddilar hududlarda bir qancha yo'nalishlarda o'rganishlar olib bormoqda.
Ishchi guruhning navbatdagi o'rganishlari natijasida ham qator kamchiliklar bartaraf etilib, ayrimlarini hal etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Jumladan, Olmaliq shahri Ramazanova ko'chasidagi markaziy ichimlik suv quvurida nosozlik yuzaga kelgani oqibatida 856 ta aholi xonadoni suv ta'minotisiz qolgani kuzatildi.
Ushbu masala tegishli mutasaddilar tomonidan nazoratga olinib, nosozlik bartaraf etilgunga qadar M.Ulug'bek, A.Navoiy, M.Behbudiy, Mustaqillik, Birdamlik, Kamalak, Koinot, Yulduz, Saxovat mahallalari aholisiga maxsus texnikalar yordamida ichimlik suvi yetkazib turildi.
Ishchi guruh o'rganishlari davomida Parkent, Zangiota, Ohangaron, Piskent, Toshkent, O'rta Chirchiq, Chinoz, Yangiyo'l tumani hamda Yangiyo'l shahrida ayrim aholi xonadonlarida ko'mirga ehtiyoj mavjudligi aniqlanib, shu kunning o'zida mazkur hududlar aholisi uchun 144 tonna ko'mir yetkazildi.
Jamoat transportiga yoqilg'i mahsulotlari yetarliligi, ularni uzluksiz yoqilg'i-moylash ashyolari bilan ta'minlash bo'yicha ko'rilgan choralar yuzasidan har bir shahar va tumanlarda jamoat transportlariga xizmat ko'rsatish uchun 46 ta gaz quyish shoxobchasi ajratilib, kelishilgan grafik asosida jamoat transportlari va muhim davlat korxonalariga xizmat ko'rsatilishi nazoratga olingan.
Bekobod, Oqqo'rg'on, Qibray, Toshkent, Zangiota, Bo'ka, Bo'stonliq, O'rta Chirchiq tumani va Angren shahrining ayrim hududlaridagi gaz ta'minotida kuzatilgan muammolarni va bu boradagi aholi murojaatlarini ijobiy hal qilish maqsadida jami 1300 ta suyultirilgan gaz balloni aholiga tarqatilgan.
Shuningdek, Qibray tumani Parvoz mahallasidagi Ahillik ko'chasining ta'mirtalabligi aholining haqli e'tirozlariga sabab bo'lib kelgan. Mazkur muammoli masala ishchi guruh tomonidan nazoratga olindi. Shuningdek, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida suv quvurlarini yotqizish va ta'mirlash ishlari boshlab yuborildi.
O'rganishlar davom etmoqda.