Pandemiya oqibatlari yetmagandek, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ketma-ket roʻy bergan tabiiy va texnogen ofatlar davlatimiz oldiga tezkor hal qilinishi zarur boʻlgan muhim vazifalarni qoʻydi. Bu masalalarning toʻla yechim topilishida davlat va xalq birdamligi yana bir bor oʻzini koʻrsatdi. Prezidentimiz tashabbusi va amaliy koʻmagi tufayli bugun mazkur hududlar haqiqiy maʼnodagi oʻzgarishlar maskaniga aylanib ulgurdi.
Davlatimiz rahbarining yaqinda Buxoro viloyatiga tashrifi davomida ham ayni mavzuda soʻz bordi. Hududda oʻtgan yilning aprel oyida kuzatilgan talafot oqibatini bartaraf etish borasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarida xalqimiz koʻrsatgan ahillik, sabr va matonat alohida eʼtirof etildi. Shuningdek, mahalla xodimlari va faollarining hamjihatlikdagi koʻmagi, koʻpni koʻrgan nuroniylar maslahati hamda tavsiyalari katta oʻrin tutgani taʼkidlandi.
Hozirga qadar viloyatning Olot, Qorakoʻl, Jondor, Romitan, Peshku va Shofirkon tumanlarida 45 ming uy, 204 ta koʻp qavatli turar joy binosi taʼmirlangani, mingdan ortiq ijtimoiy soha va tadbirkorlik obyekti, yoʻllar, elektr, gaz va aloqa tarmoqlari tiklangani natijasida bugun bu hududlarda hayot yana maromida davom etmoqda. Odamlarning oʻz oilasi va yaqinlari, kasbi va kelgusi hayotiga doir turli rejalarini amalga oshirish borasidagi kundalik ishlariga mazmun va xotirjamlik qaytdi.
Prezidentimiz Olot tumani markazida Olot, Qorakoʻl, Jondor va Shofirkon tumanlari faollari, mahalla raislari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda ayni jihatlarga toʻxtalib oʻtar ekan, yurtdoshlarimiz turmush farovonligini oshirish uchun joylardagi rahbarlar oʻz ishiga sidqidildan yondashishi, xalq bilan koʻproq muloqot qilib, mavjud muammolarni hal etishi lozimligini taʼkidladi. Jumladan, “Bugun bu yerga kelishimdan maqsad — xalqimizni koʻproq eshitish, ertangi marralarni belgilashda toʻgʻri yoʻl tutish. Tuman hokimlari va mahalla raislari oʻzlarini qiynayotgan muammolarni ochiq-oydin aytib, ularning yechimi boʻyicha takliflarini bildirsa, niyatimiz amalga oshadi”, deya barchani hamjihatlikka chorladi.
Joylardagi mavjud muammolarni hal etish, aholi murojaatlariga quloq tutishda mahalla xodimlarining oʻrni va xizmati katta ekani, shu maʼnoda, mahalla raislari xalq va davlat oʻrtasidagi mustahkam koʻprikka, oʻz hududining chinakam egasiga aylanishi zarurligi yana bir bor taʼkidlandi. Hududlarni rivojlantirish hamda kambagʻallikni qisqartirish borasidagi ishlarni mahallabay tashkil etish ayni vaqtdagi eng samarali yoʻl ekani qayd etildi.
Albatta, bugun mahallalarimiz chin maʼnoda islohotlar markazida turgan jamiyatning eng muhim boʻgʻini hamda aholi muammolariga manzilli yechim topishda katta ijtimoiy institut sifatida oʻz rivojlanish bosqichining muhim pallasini bosib oʻtmoqda. Odamlar oʻz turmushida duch kelayotgan ijtimoiy, iqtisodiy muammolarga mahalla orqali yechim topish, koʻpchilik boʻlib hal etish zarur boʻlgan masalalarga jamoatchilik eʼtiborini jalb etishda mahallaning xizmati muhim oʻrin tutishini anglab bormoqda.
Shu maʼnoda, uchrashuv davomida davlatimiz rahbari joylardagi mahalla raislariga oʻz hududidagi har bir fuqaroni rozi qilish uchun sektor aʼzolari bilan birgalikda xonadonma-xonadon yurish, ish oʻrinlari yaratish, mahallalardagi xonadonlar obodligi va farovonligini taʼminlash boʻyicha tegishli vazifalarni belgilab berdi.
Mahalla raislari zimmasiga yuklatilgan bu topshiriqlar va aytilgan fikrlar zamirida, albatta, xalqimizning turmush farovonligini oshirish, oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashini taʼminlash kabi eng muhim hayotiy maqsadlar mujassam ekanini sohadagi barcha rahbar va masʼul xodimlar yurakdan his etmoqda. Shunga monand mehnat qilishga intilayotir.
Prezidentimiz joylarda oʻtkazilgan uchrashuvlarda mahalla raislarining jamiyatda tutgan oʻrni xusuida alohida toʻxtalib oʻtar ekan, “Mahalla raisi qachon obroʻli boʻladi? Xalq dardini rahbarlarga loʻnda qilib qoʻysa. Hamma masala, avvalo, mahallada hal boʻlsagina odamlar rozi boʻladi”, deya masalaga sodda va xalqchil xulosa berdi.
Bu yuksak eʼtibor va mulohazalardan mahallani xalqimizga, odamlarni mahallaga nima bogʻlab turgani, oʻzaro hamkorlik natijasida joylardagi har qanday murakkab masalalarga toʻla yechim topish mumkinligini anglash qiyin emas.
Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi davomida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi uchun ham hal etilishi zarur boʻlgan qator muhim vazifalarni belgilab berdi. Mamlakatimizning chekka hududlarida joylashgan 968 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi mavjud shart-sharoitlarni chuqur tahlil qilgan holda, ularga zarur koʻmak koʻrsatish, ish unumdorligini oshirish maqsadida mahalla xodimlarining mehnat sharoitini yaxshilash shular jumlasidandir. Bu borada Buxoro viloyatining olis va chegara hududida joylashgan, ogʻir holatdagi 55 ta mahalla tanlanib, ularni Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda obodonlashtirish va islohotlarni mahallabay amalga oshirish boʻyicha zarur vazifalar rejalashtirildi.
Shu oʻrinda aytish kerakki, mahalla fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnik holatini yaxshilash maqsadida vazirlik tomonidan oʻtgan yilning oʻzida 253 ta mahalla binosi yangidan qurildi, 166 tasining binosi rekonstruksiya qilindi, 998 tasi joriy taʼmirlandi. Oʻz binosiga ega boʻlmagan 986 ta mahallaning binolari fuqarolar yigʻinlari ixtiyoriga oʻtkazib berildi. Moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash maqsadida 924 ta fuqarolar yigʻiniga kompyuter, 751 tasiga esa mebellar ajratildi.
Jumladan, Buxoro shahri va tumanida oltita, Romitan, Gʻijduvon tumanlarida toʻrtta, Vobkent, Jondor, Peshku, Shofirkon, Qorakoʻl tumanlarida beshta mahalla fuqarolar yigʻini binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Ayni vaqtda viloyatdagi yigirma toʻqqizta mahalla fuqarolar yigʻini binosini qurish, yigirma bittasini rekonstruksiya qilish, oʻn sakkiztasini joriy taʼmirlash ishlari davom etmoqda.
Prezidentimiz tashrifi davomida xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining navbatdan tashqari oʻtkazilgan sessiyasida ham joylardagi muammolar va ularni ham etishdagi mavjud imkoniyatlarni mahalla darajasida oʻrganish, aholi bandligini taʼminlash hamda daromadini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha yangi ish tizimini joriy etish zarurligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari mazkur masalalar xususida yana toʻxtalib, “Endi jamiyatimizda boshqacha yoʻnalish boʻladi — mahalla katta kuchga aylanadi. Agar mahalla raisi bilimli, fidoyi boʻlsa, kayfiyat ham, iqtisodiyot ham oʻzgaradi”, dedi. Shuningdek, viloyatdagi mavjud 544 ta mahallaning har biri alohida oʻrganilib, “qoniqarli”, “oʻrta” va “past” rivojlanish toifalariga ajratilganini qayd etdi.
Bugun mahalla tizimiga davlat miqyosida qaratilayotgan bunday yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik tizimda mehnat qilayotgan har bir xodim, oʻzini shu xalq xizmatiga daxldor, deb bilgan rahbarlar zimmasiga katta masʼuliyat yuklamoqda. Shu maʼnoda, oʻtib borayotgan har bir kun, har bir daqiqa — biz, mahalla tizimi xodimlari uchun sinovlar davri, xalqimiz bildirgan yuksak ishonchni oqlash uchun katta imkoniyatdir.
Rahmat MAMATOV,
mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri