Favqulodda vaziyatlar vazirligining har bir ofitseri, serjanti va xizmatchisi oʻz ishini “Oʻz vaqtida ogohlantirish, qutqarish va yordam berish” shiori ostida bajarmoqda. Mamlakatimiz aholisi va hududini favqulodda vaziyatlar hamda yongʻinlardan muhofaza qilishda barcha imkoniyat va kuchlarni safarbar etmoqda.
Xalqimizda “Rejasiz ish — qolipsiz gʻisht” degan maqol bor. Davlatimiz rahbarining sohaga oid farmon va qarorlari asosida ishlab chiqilgan rejalar — biz uchun asosiy yoʻl xaritasi. Ularning tizimli, qatʼiy tartib va temir intizom bilan sifatli bajarilishi esa faoliyatimiz samaradorligini taʼminlaydi.
Xususan, Prezidentimizning 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan ijro intizomini qatʼiy taʼminlashning yangi mexanizmi joriy etilgani muhim ahamiyatga ega.
Unga koʻra, endi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari farmoyish va topshiriqlarining ijrosi “Ijro.gov.uz” tizimida davlatimiz rahbarining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish tartibida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, hukumat qarorlari ijrosi boʻyicha nazorat va hisobdorlik joriy yil 1-oktyabrdan boshlab
“ijro.gov.uz” tizimi orqali tashkil etiladi.
Farmonning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, davlat organlari va tashkilotlarning rahbarlari qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini taʼminlashda jamoatchilik nazoratini oʻrnatish maqsadida ijro intizomi toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlarni oʻz tashkilotlari, shuningdek, Adliya vazirligining veb-sahifalariga joylashtirib, har oyda maʼlumotlarni yangilab borishga, har chorakda qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat hujjatlari ijrosi holati boʻyicha keng jamoatchilikka hisobot berishga majburdir.
Bu, oʻz navbatida, qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat hujjatlarining ijrosi ustidan keng qamrovli nazorat oʻrnatish, har bir rahbar va xodimning ijro intizomi boʻyicha hisobdorligini taʼminlash, shaxsiy masʼuliyati hamda javobgarligini yanada oshirish, pirovard natijada esa koʻzlangan islohotlarning amalga oshishi, xalqimizning davlat idoralaridan rozi boʻlishiga zamin hozirladi.
Ijro intizomini taʼminlashga qoʻyilgan qatʼiy talablar asosida Favqulodda vaziyatlar vazirligi shaxsiy tarkibi ham qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini barvaqt va sifatli bajarishga jiddiy eʼtibor qaratmoqda. 2024-yil va 2025-yilning oʻtgan davrida Oʻzbekiston Respublikasining 72 ta qonuni, Prezidentimizning 69 ta farmoni, 103 ta qarori va 13 ta farmoyishi, 53 ta bayoni, Prezident Administratsiyasining 627 ta, Oliy Majlis palatalarining
142 ta topshirigʻi, Vazirlar Mahkamasining 307 ta qarori va farmoyishi, 362 ta bayoni hamda 884 ta topshirigʻining ijrosi taʼminlandi.
Raqamlashtirish — jadallashtirish omili
Soha rivojiga qaratilayotgan eʼtibor Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda tizimning barcha yoʻnalishi, xususan, raqamlashtirish jarayonida ham yorqin isbotini topmoqda. Jumladan, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng tatbiq etilib, faoliyat raqamlashtirilmoqda.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “112” yagona markazlashgan dispetcherlik xizmatining tarkibiy qismi sifatida “101 — yagona navbatchi-dispetcherlik xizmati” tizimi ishlab chiqilib, foydalanishga topshirildi.
Mazkur axborot tizimiga mamlakatdagi yongʻin sodir boʻlishi mumkin boʻlgan 25 mingga yaqin turli darajadagi obyekt hamda ularning tezkor rejasi va 41 mingdan ortiq yer osti suv olgich maʼlumotlari kiritildi.
Shu bilan birga, “Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” yillik tanlovini oʻtkazish jarayonini raqamlashtirish imkoniyatiga ega axborot tizimi hayotga tatbiq etildi.
“Prognoz maʼlumotlarini tahlil qilishni avtomatlashtirish va dasturiy taʼminot yordamida zilzila darakchilarini aniqlash” hamda “Yonish va portlash xavfi yuqori kimyoviy moddalarni saqlash joylari, bunday moddalardan foydalanish va yoʻq qilish nazorati” axborot tizimlari ishlab chiqildi.
“Kuchli zilziladan ogohlantirish” mobil ilovasini yaratish bilan va aholining elektron ilovalar doʻkonidan havolasini yuklab olish imkoniyati paydo boʻldi.
Geoaxborot tizimlari texnologiyalari va uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalangan holda yetib borish imkoniyati cheklangan hududlarda ogohlantirish hamda vaziyatlarni tahlil qilish imkoniyatini beruvchi koʻp funksiyali monitoring mobil kompleksi joriy etilib, hozir Fargʻona viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasida sinov tariqasida foydalanilmoqda.
Erta ogohlantirish — hayot-mamot masalasi
Aholini yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish va bu haqda tezkor xabar berish, taʼbir joiz boʻlsa, hayot-mamot masalasi, desak, xato qilmagan boʻlamiz. Chunki ofatlar bir lahzadayoq inson hayotini u yoki bu tarafga burib yuborishini tarix sinovlari bir necha marta isbotlagan.
Shu sababli bugun aholiga favqulodda vaziyatlar xavfi yoki roʻy bergani toʻgʻrisida tezkor xabar berishning respublika va mahalliy darajadagi avtomatlashtirilgan tizimi yaratilmoqda. Favqulodda vaziyatlar haqida aholiga maʼlumotlarni efir orqali yetkazish va translyatsiya qilish uchun Namangan, Fargʻona, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida hamda Qamchiq dovonida 13 ta keng formatli axborot ekrani oʻrnatildi.
Dunyoda sodir boʻlayotgan zilzilalar hech kimni befarq qoldirmaydi. Mamlakatimizda seysmik xavfsizlikni taʼminlash maqsadida Xalqaro seysmik kuzatuvlar global tizimiga ulangan qoʻshni respublikalarning 57 ta, jumladan, Qirgʻiz Respublikasining 26 ta, Tojikistonning 15 ta va Qozogʻistonning 16 ta seysmik stansiyasi Milliy seysmik kuzatuvlar tarmogʻiga real vaqt rejimida “SeisSomp3” dasturi orqali integratsiya qilindi.
Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligi va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan AQSHning “Kinemetrics” kompaniyasiga tegishli 140 ta “Etna-2” akselerometri xarid qilindi.
Respublikaning gʻarbiy hududlarida optimal seysmik kuzatuvlar tarmogʻini yaratish maqsadida mamlakatimizning gʻarbiy hududlarida qoʻshimcha 3 ta yangi seysmik stansiya ochildi va Milliy seysmik kuzatuvlar tarmogʻiga ulandi.
Shuningdek, respublikaning seysmik faol hududlariga jami 70 ta, suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirishning yaxlit tizimini shakllantirish doirasida esa “Karkidon”, “Qoʻrgʻontepa”, “Rezaksoy”, “Chortoq”, “Yertikan” va «Jiydalisoy» suv omborlari toʻgʻoniga 28 ta seysmik stansiya oʻrnatildi. Shunday qilib, mamlakatda kuchli zilziladan erta ogohlantirish milliy tizimi kuzatuvlar tarmogʻidagi stansiyalar soni 130 taga yetkazildi.
Oʻz vaqtida koʻrilgan chora — favqulodda vaziyatning oldini olish garovi
Favqulodda vaziyatlar, ayniqsa, sel, suv toshqini va koʻchki hodisalari bilan bogʻliq tabiiy ofatlar nafaqat insonlar, balki katta-katta hududlarni ham xavf ostida qoldirib, jamiyat hayoti, davlat iqtisodiyotiga ulkan talafot yetkazadi.
Shu bois, retrospektiv tahlillar asosida oʻtgan yillarda sodir boʻlgan sel, toshqin va koʻchkilarni chuqur oʻrganib, aholi va hududlarni bunday tabiiy ofatlardan muhofaza qilish chora-tadbirlari oʻz vaqtida koʻrib kelinmoqda. Jumladan, hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalari va aloqador tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklar vakillaridan iborat ishchi guruhlar sel va koʻchki xavfi mavjud hududlarni oʻrganib, zarur muhandislik-muhofaza ishlarini bajardi.
Toshqinga qarshi hukumat komissiyasi va hududiy komissiyalarning yigʻma manzilli dasturlariga muvofiq, 147 ta suv obyektining xavfsizligi taʼminlandi. 74 ta suv va sel-suv ombori, 47 ta gidroelektr stansiyasi, 328 ta suv havzasi oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Yuzaga kelishi mumkin boʻlgan texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralari doirasida yonish va portlash xavfi yuqori kimyoviy moddalarning saqlanishi, tashilishi, foydalanilishi va yoʻq qilinishi ustidan nazorat tadbirlari oʻtkazildi.
Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar saqlanadigan 428 ta ombor xatlovdan oʻtkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrildi.
Manfaatdor vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklar bilan birga 170 ta madaniyat va istirohat bogʻi, 14 ta ochiq maydon hamda ularda faoliyat yuritayotgan 3684 ta attraksion holati oʻrganib chiqilib, xavfsizligi taʼminlandi.
Choʻkish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning oldini olish yuzasidan daryolar, soylar, kanallar va boshqa suv obyektlarida 52 ming 114 marotaba profilaktika tadbiri oʻtkazildi.
Hududlarda kimyoviy, biologik va bakteriologik favqulodda vaziyatlarning oldini olish yuzasidan amaliy ishlar bajarilib, 304 ta maxsus-taktik oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi.
“Favqulodda vaziyatlar va yongʻinlar profilaktikasi kuni” doirasida oʻtkazilgan 583 mingdan ortiq profilaktik tadbirda 15 million 806 ming 757 fuqaro qamrab olindi.
Shuningdek, aholini zilziladan oldin, zilzila paytida va zilziladan soʻng harakatlanishga tayyorlash boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, respublika darajasidagi tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklarning 3000 ga yaqin, muhim ahamiyatga ega iqtisodiyot obyektlarining 802 rahbar va mutaxassislari Fuqaro muhofazasi institutida, viloyat, tuman (shahar) darajasidagi korxona, tashkilotlarning 40 mingdan ziyod rahbar xodimi hududiy “Hayot faoliyati xavfsizligi” oʻquv markazlarida tayyorgarlikdan oʻtkazildi.
Yongʻinlar favqulodda vaziyatlar orasida xavfliligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Ayni jihatni teran anglagan vazirlik shaxsiy tarkibi hozir mamlakatimizda yongʻin nazorati bilan bogʻliq muhim va kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni ado etib kelmoqda.
Bu borada raqamlarga murojaat qilsak. Vazirlik xodimlari 168 ming 135-marta tekshirish, 37 ming 154 ta tadbirkorlik subyekti obyektida profilaktik koʻrik oʻtkazdi. 5 million 166 ming 743 ta yakka tartibdagi va koʻp qavatli uydagi 2 million 675 ming 445 ta xonadonni oʻrgandi.
Tadbirlar davomida 16 million 379 ming 846 fuqaro bilan targʻibot va tushuntirish ishlari oʻtkazilib, qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygan 98 ming 987 javobgar shaxsga nisbatan 46 milliard 802 million 312 ming soʻmlik jarima qoʻllandi.
“YERELEKTRON” elektron tizimi orqali 83 ming 194 ta yer uchastkasi oʻrganilib, 80 ming 496 ta murojaat boʻyicha ijobiy; kamchiliklar aniqlangan 2698 ta yer ajratilishi holati boʻyicha salbiy xulosalar berildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining profilaktik, tashkiliy-amaliy tadbirlari natijasida favqulodda holatlarning 2024-yilga nisbatan 2025-yilning oʻtgan davrida 21 foiz kamayishiga erishildi.
Bugunning havaskori — ertaning xaloskori
“Yoshlikda olingan bilim toshga oʻyilgan naqsh kabidir”, deya bejiz aytilmagan. Favqulodda vaziyatlardan omon chiqishning yagona yoʻli — unga oldindan tayyor turish.
Shundan kelib chiqqan holda bugun mamlakatimizdagi umumtaʼlim va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida “Yosh qutqaruvchi” koʻngillilar klubi faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu klublar oʻrtasida oʻtkaziladigan “Yosh qutqaruvchilar” musobaqalari esa hozir tobora anʼanaviy tus olib, oʻquvchilar orasidan qutqaruvchilik kasbiga mos, ishtiyoqi baland, chiniqqan yoshlarni tanlab olishda asosiy omil boʻlmoqda.
Xususan, yoshlar oʻrtasida qutqaruvchi kasbini ommalashtirish maqsadida umumtaʼlim maktablarida 16 ming 464 ta jamoa (139 ming 367 oʻquvchi), professional taʼlim muassasalarida 683 ta jamoa (6993 oʻquvchi) “Yosh qutqaruvchi” guruhlarini shakllantirgan holda tuman (shahar), viloyat va respublika miqyosida “Yosh qutqaruvchi” koʻp bosqichli musobaqalari oʻtkazildi.
Raqamli texnologiyalar rivojlangan hozirgi davrda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularga munosib sharoit yaratish, muammolarini hal etish, ayniqsa, yosh avlodning yurt koriga yaraydigan, fidoyi insonlar boʻlib voyaga yetishiga hissa qoʻshish — barchamizning vazifamiz.
Bu borada vazirlik tizimida 554-marta “Uch avlod uchrashuvi”, hududiy boshqarmalar va tarkibiy tuzilmalar rahbarlari ishtirokida 298-marta “Rahbar va yoshlar”, 15-marta “General va yoshlar”, 50-marta “Prokuror va yoshlar”, 1486-marta “Qutqaruvchi va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi. Ushbu tadbirlarda mahalla va taʼlim muassasalaridagi 44 ming 491 nafar hamda tizimdagi 75 foiz yosh bevosita ishtirok etdi.
Qoraqalpogʻistonning Nukus shahrida “Yoshlar oyligi” doirasida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida «Qutqaruvchi yoshlar forumi» tashkil etildi.
Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularda ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini shakllantirish maqsadida 810 ming 306 yigit-qiz ishtirokida 21 ming 326 marotaba harbiy-vatanparvarlik tadbiri oʻtkazildi.
Fuqarobay ishlash asosida 354 ming 688 yosh bilan yakkama-yakka uchrashuvda 24 ming 377 nafarining muammosi, taklif va tashabbuslari oʻrganilib, tegishli “yoʻl xaritalari”ga kiritildi. Natijada otaliqqa olingan 18 ming 899 yigit-qizning ijtimoiy muammolari hal etildi. Bu borada 435 marotaba mehnat yarmarkasi tashkil etilib, 7999 yosh ish bilan taʼminlandi, 2305 nafari kasbga oʻqitildi, 2711 nafariga imtiyozli kredit va subsidiya olishga koʻmaklashildi, 1248 nafariga moddiy yordam berilib, 4738 nafariga boshqa turdagi yordam koʻrsatildi.
Giyohvandlik va psixotrop moddalar isteʼmol qiluvchi 21 yigit-qiz tibbiyot muassasalarida davolatildi, yana 52 nafariga boshqa koʻrinishdagi ijtimoiy-iqtisodiy yordam paketi ajratildi.
Shuningdek, otaliqqa olingan yoshlardan 109 nafari vazirlik tizimiga ishga qabul qilindi, 9 nafari Shahrisabzdagi “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyiga va 5 nafari FVV akademiyasiga oʻqishga qabul qilindi.
Obod manzillardan obod koʻngillar sari
Yurtimizdagi keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish tadbirlarida vazirlik xodimlari ham sidqidildan ishtirok etmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarining barqaror faoliyatini taʼminlash, aholini qiynab kelayotgan masalalarni oʻrganish hamda amaliy yordam koʻrsatish borasidagi ishlar fikrimiz tasdigʻidir.
Bundan tashqari, bugungi iqlim oʻzgarishi sharoitida ekologik barqarorlikni taʼminlashga munosib hissa qoʻshish uchun Orol dengiziga yaqin choʻl hududlarda 289 ming 794 gektar oʻrmon barpo qilishda ishtirok etildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida esa 776 ming tup manzarali va mevali daraxt koʻchati ekildi.
Mahorat mashq paytida oshadi
Favqulodda vaziyatlar chogʻida harakatlanar ekan, qutqaruvchida yuqori jangovar shaylik, puxta bilim va malaka, kasbiy mahorat shakllangan boʻlishi lozim. Nafaqat soha mutaxassislari, balki har bir fuqaro kasbi, vazifasidan qatʼi nazar, favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanish boʻyicha muayyan bilim va malakaga ega boʻlishi talab etiladi.
Xususan, oʻtgan davrda shaxsiy tarkibning jangovar shayligini taʼminlash maqsadida 3811 marotaba yongʻin oʻchirish taktik mashqi va 11 ming 477 marotaba tungi, 19 ming 990 marotaba kunduzgi yongʻin oʻchirish amaliy taktik mashgʻuloti oʻtkazildi.
Gaz va tutundan himoya xizmatlari bilan tutunxonalarda 5782 marotaba, ochiq havoda 28 ming 460 marotaba, ruhiy tayyorgarlik yoʻlaklarida olov taʼsirida 5181 marotaba, olov taʼsirisiz 4900 marotaba mashgʻulot oʻtkazildi.
Vazirlik akademiyasida 781 ofitser qayta tayyorgarlikdan oʻtkazildi va malakasi oshirildi. Akademiya huzuridagi boshlangʻich tayyorgarlik va malaka oshirish markazida 1477 qutqaruvchi bilan boshlangʻich tayyorgarlik, 1340 qutqaruvchi bilan malaka oshirish oʻquv yigʻini tashkil etildi.
Bundan tashqari, tuman (shahar)lardagi boshqaruv organlari, kuch va vositalari hamda aholini jalb etgan holda 53 ta qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashqi, korxona va tashkilotda 4893 ta maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazilib, aholining favqulodda vaziyatlar sharoitida toʻgʻri harakatlanish boʻyicha amaliy koʻnikmasi oshirildi.
Qulay sharoit — samarali xizmat
Qutqaruvchi qachon samarali va sifatli faoliyat yuritadi? Qachonki zarur xizmat sharoitiga ega boʻlsa, zamonaviy asbob-anjom va texnikalar bilan taʼminlansa, favqulodda vaziyatlarni oʻz vaqtida, yuqori talab darajasida bartaraf eta oladi.
Qoraqalpogʻistonning Amudaryo tumani, Xorazm viloyati Shovot tumani, Qashqadaryo viloyati Koson tumani, Fargʻona viloyati Furqat tumanida yongʻin-qutqaruv qismlarining qurilish ishlari yakunlanib, obyektlar foydalanishga qabul qilindi.
Shular bilan birga, Toshkent shahrining Olmazor tumanida vazirlik shaxsiy tarkibiga xizmat xonadonlari topshirilib, ijtimoiy himoyasi yanada mustahkamlandi.
Xalqaro tajriba soha rivojiga xizmat qiladi
Vazirlik faoliyatida rivojlangan mamlakatlarning sohaga oid ilgʻor tajribasini oʻrganish va tizim faoliyatiga tatbiq etishga asosiy eʼtibor qaratib kelinmoqda. Oʻtgan davrda 352 ta xalqaro hamkorlik tadbirida vazirlikning 1357 vakili ishtiroki taʼminlandi.
Respublika hududidagi 249 ta xalqaro tadbirda, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Ozarbayjon, Hindiston, Qozogʻiston, Belarus, Rossiya, Yaponiya, Germaniya Pokiston, Vengriya, Turkmaniston, Hindiston kabi davlatlar bilan 112 ta hamda BMT, BMTTD, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi, TDT, MXT, JSST, YUNESKO, KOICA, YUNISEF, JICA kabi xalqaro tashkilotlar bilan 137 ta tadbirda ishtirok etildi.
Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Hindiston, Ozarbayjonning tegishli vazirlik va idoralari hamda Rossiya Fanlar akademiyasining Yer fizikasi instituti oʻrtasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum, bayonnomalar imzolandi.
Buni ham, oʻz navbatida, soha boʻyicha tizimga izchil islohotlar tatbiq etilayotgani va oʻziga xos samaralaridan deyish mumkin, albatta.
Muxtasar soʻz oʻrnida...
Favqulodda vaziyatlar vazirligi oʻtgan davrda mamlakatimiz aholisi va hududlarini yongʻin hamda boshqa tusdagi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga qodir boʻlgan mobil va professional xizmatga aylanib bormoqda.
Bugun vazirlik tizimidagi har bir ofitser, serjant va xizmatchi zimmasidagi masʼuliyatli vazifaning nechogʻliq zalvorli ekanini yurak-yurakdan anglab, inson qadri ulugʻlangan, xalqni rozi qilish, qudratli mamlakat barpo etish yoʻlidan borayotgan yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari safida dadil odimlab bormoqda.
Darhaqiqat, vazirligimiz zimmasiga yuklatilgan sharafli vazifalarni ado etar ekanmiz, qatʼiy, yuqori talab darajasidagi ijro intizomi — aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, bu borada yuqori samaradorlikka erishishning bosh omili ekanini aslo unutmasligimiz lozim.
Botir QUDRATXOʻJAYEV,
favqulodda vaziyatlar vaziri, general mayor









