Yorugʻ yuz va katta xursandchilik bilan siyosiy jarayonda qatnashib, munosib tanlovlarini bildirishmoqchi. Xonadon sohiblari - Farhod Rahmonov “Qoʻrgʻoncha” mahalla fuqarolar yigʻini raisi, Malika Rahmonova pedagog, 27-maktabda ishlaydi.

Namangan muhandislik-qurilish institutining qurilish fakulteti talabasi Ahmadjon Muxtorjonov oʻzini yurtga daxldor oila farzandiman deb hisoblaydi va faxrlanadi. Buning sabablari yetarlicha, albatta. Onasi muhtaram Prezidentimiz tomonidan tiklangan maxsus sirtqi yoʻnalishida tahsil olib, 40 yoshida bakalavr diplomiga ega boʻldi. Hozirda yanada shijoat bilan maktabda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi sifatida oʻquvchilarga bilim bermoqda. Dadasi umrining yarmini oliy maʼlumotli boʻlish orzusida oʻtkazayotgandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahalla tizimida bir necha yillardan buyon faol xizmat qilib kelayotgan xodimlarni talabalikka grant asosida qabul qilinishi ortidan Farhod aka ham ayni paytda oliy oʻquv yurti talabasi. Qolaversa, Yurtboshimiz imzosi bilan “Mehr-saxovat” va “Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangani kasbiga mehri oshishiga zamin yaratdi. Qizigʻi shundaki, 43 yoshli 1-bosqichda oʻqiyotgan ota va 21 yoshli 4-bosqichni yakunlayotgan oʻgʻil birgalikda, mehr bilan, yelkama-yelka turib darslarni tayyorlashyapti. Islohotlar ham oilani birlashtirishiga, jipslashtirishiga yaqqol misoldir.

Yana Ahmadjonga qaytsak. Talabalarni ish bilan taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlar natijasida institut iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish boʻlimida muhandis lavozimida faoliyat yuritmoqda. Ilm va ishni barobar uddalamoqda. Ixtisoslashuvi boʻyicha qurilish sohasi vakili boʻlishiga qaramay, uchta sheʼriy toʻplam va 20 dan ortiq ilmiy-ijodiy ishlar muallifi. Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan “Besh muhim tashabbus”ni keng joriy etish borasidagi amaliy intilishlari va doimiy izlanishi, faolligi inobatga olinib, institut rahbariyati tomonidan Mustaqilligimizning 31 yilligiga bagʻishlangan “Yuragimdan oʻting Vatanga” nomli sheʼriy toʻplami 1000 nusxada chop etildi. 2022-yilda Yurtboshimiz takliflari asosida oʻtkazilgan, 500 mingdan ortiq talabani oʻzida jamlagan “Yangi Oʻzbekistonni oʻzimiz, oʻz qoʻllarimiz bilan bunyod etamiz!” esselar tanlovining viloyat bosqichida filolog yigit-qizlar ustidan ham gʻalaba qozonib, finalga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Respublika bosqichida tugʻilib oʻsgan mamlakatini qanchalik sevishini bitiklarida izhorlab, “Ona Vatanning qaynoq tarannumi” nominatsiyasi gʻolibi va Prezident sovgʻasiga ega boʻldi.

- Davlatimiz rahbari va oliygohimiz tarafidan yaratilayotgan sharoitu imtiyozlardan ilhom va kuchga toʻldim, - deydi biz bilan suhbatda Ahmadjon. - Muvaffaqiyatlarim aslo ajablanarli emas va tabiiy. Duolar ijobati va imkoniyatlardan toʻlaqonli foydalanish mahsuli bu. Yozganlarim maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarga koʻrk bagʻishlayotganidan mamnunman...

Jamiyatda mustahkam oʻrin egallayotgan, yosh bunyodkor-shoir Ahmadjon oʻzi va yaqinlari misolidagi hayotiy islohotlarni yangi sheʼrida quyidagicha harorat bilan ifodalaydi:

Kutilgan onim keldi, buyuk zamonim keldi,

Inson qadrini oʻylab, xalqchil insonim keldi,

Dilga tukkan soʻzlarim ayni shu onim keldi:

Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!..

Orifjon JOʻRAYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri