Bu yoʻlda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning qabul qilingani mamlakatimizning yangi rivojlanish davrini boshlab berdi. Zero, Bosh qonunimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlari kafolatlari bilan bogʻliq koʻplab normalar oʻz aksini topganki, bu mamlakatimizning chinakam demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida jahon hamjamiyatidagi oʻrnini yanada mustahkamlaydi.
Aytish joizki, Konstitutsiyamizda ilgari qonunchilikda mavjud boʻlmagan bir qator muhim qoidalar mustahkamlandi va ular mazmun-mohiyatiga koʻra, “Inson – jamiyat – davlat” tamoyilini konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga qaratilgan.
Binobarin, 15-moddada Konstitutsiya mamlakat hududida toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishi qatʼiy belgilandi.
Shu paytga qadar Konstitutsiya normalari tegishli qonun va qonunosti hujjatlari orqali hayotga tatbiq qilinar, bu esa huquqni qoʻllash amaliyotida ayrim boʻshliqlarga sabab boʻlayotgan edi. Yuqoridagi norma, bir tomondan, shaxs huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat ekanini amalda taʼminlasa, ikkinchidan, xalqimizning mavjud huquqiy tizimga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Asosiy qonunning 20-moddasida “Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi”, deyilgan. Ayni qoida inson huquq va erkinliklariga bevosita amal qilish uchun qandaydir mezonlar talab etilmasligini koʻrsatadi. Shunga koʻra, endilikda inson huquq va erkinliklari bilan bogʻliq normalarga biron-bir qonun va qonunosti hujjati qabul qilinmasdan turib, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilinadi. Bu esa barcha davlat organlari tizimida inson huquqlariga rioya etish madaniyati va mexanizmlarini takomillashtirishni taqozo etadi.
Maʼlumki, shu vaqtga qadar normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan, qonunlarning asosiy funksiyasi bu ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdan iborat edi. Yangilangan Konstitutsiyaga asosan, inson huquq va erkinliklarini ifodalash qonunlarning ajralmas funksiyalaridan biriga aylandi. Oʻz navbatida, insonning huquq va erkinliklari davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilashi toʻgʻrisidagi qoida davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatini tubdan isloh qilishga olib keladi. Unga koʻra, davlat xizmatchilarining asosiy maqsad, vazifa, funksiya hamda majburiyatlari inson huquq va erkinliklarini ifodalashga qaratiladi.
Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerakligi belgilandi. Ushbu qoida shaxsga qoʻllaniladigan barcha huquqiy taʼsir choralarini insonparvarlik tamoyillari asosida qaytadan koʻrib chiqishni nazarda tutadi.
Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyat va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilab qoʻyildi.
Shu paytga qadar qonunchilikda boʻshliq yoki ziddiyatlar mavjud boʻlib, huquqni qoʻllash boʻyicha kompetensiyalar toʻliq shakllanmagan edi. Qonun bilan tartibga solinmagan holda qanday harakat qilish yoki qonunlardagi ziddiyatlarda qanday yoʻl tutish lozim, degan masalada hatto malakali huquqshunoslar ham qatʼiy pozitsiyaga ega emas. Yangi Konstitutsiya orqali ayni masala yechimini topdi. Yaʼni, oʻzaro teng yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida tafovut yuzaga kelgan taqdirda fuqarolar manfaatiga xizmat qiladigan konstitutsiyaviy normalarga amal qilinishi qatʼiy belgilandi.
Oʻz navbatida, Konstitutsiyaning 21-moddasida inson huquq va erkinliklarini cheklash asoslari aniq belgilab qoʻyildi. Xususan, insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sogʻligʻini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash maqsadida zarur boʻlgan doirada cheklanishi mumkin.
Inson huquqlarini cheklash asoslari faqat qonunlarda belgilangan boʻlishi kerak, vazirlik, idora va tashkilotlarning hujjatlari inson huquqlarini cheklay olmaydi. Eʼtibor qaratish lozim boʻlgan masalalardan yana biri inson huquqlarini cheklash asoslari belgilangan qonunlar ijrosi yuzasidan qabul qilinayotgan qonunosti hujjatlari tegishli qonunlarda nazarda tutilganidan koʻra koʻproq darajada inson huquqlarini cheklamasligi kerak.
Jinoyat-protsessual munosabatlarda shaxs huquqlarini himoya qilishning konstitutsiyaviy asoslari yanada mustahkamlandi. Xususan, insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi, zoʻravonlik va qiynoq holatlarining oldini olish, “Miranda qoida”si, “Xabeas korpus” instituti, aybsizlik prezumpsiyasi, yuridik yordam olish huquqiga oid normalarning Konstitutsiya darajasida belgilab qoʻyilgani surishtiruv, tergov, sud hamda jazoni ijro etish jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi organlar zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklamoqda.
Bundan tashqari, shaxsiy hayot daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega boʻlish, oʻz shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqining konstitutsiyaviy asoslari kengaydi. Har kim oʻz shaxsiga doir maʼlumotlarni himoya qilish, shuningdek, notoʻgʻri maʼlumotlarning tuzatilishini, oʻzi toʻgʻrisida qonunga xilof yoʻl bilan toʻplangan yoki huquqiy asoslarga ega boʻlmay qolgan maʼlumotlarning yoʻq qilinishini talab qilish huquqiga egaligi ilk bor Konstitutsiya darajasida belgilab qoʻyildi.
Yana bir muhim jihat: har kimning yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega ekanligi belgilandi. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi nazarda tutildi.
Yangilangan Konstitutsiyada axborot erkinligiga oid muhim normalar oʻrin olgan. Xususan, davlat internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratishini, axborotni izlash, olish va tarqatishga boʻlgan huquqni cheklashning aniq asoslari belgilab qoʻyilganini taʼkidlash joiz. Yangi normaga koʻra, axborotni izlash, olish va tarqatishga boʻlgan huquqni cheklash boʻyicha qatʼiy tartib belgilanmoqda. Mazkur qoida davlat organlari faoliyatida ochiqlikni taʼminlash bilan bir qatorda, fuqarolarga ular tomonidan soʻralgan axborotni taqdim etishda idoraviy manfaatlarni roʻkach qilish kabi salbiy holatlarning oldini olishni taʼminlaydi.
Konstitutsiyada nazarda tutilgan inson huquq va erkinliklariga oid yangi normalar sudlar zimmasiga nihoyatda katta masʼuliyat yuklaydi. Inson huquq va erkinliklari qonunlarning mazmun va mohiyatini belgilashi hamda inson huquqlari konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sogʻligʻini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash maqsadida zarur boʻlgan doirada cheklanishi mumkinligi toʻgʻrisidagi qoidalar sudlar faoliyatini yangi mezonlar asosida tashkil etishni taqozo etadi. Deylik, inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyat va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishiga oid masalalar boʻyicha sud qarorlari faqat individual tusda boʻlishi kerak emas. Bunday qarorlar ana shunday barcha holatlar uchun yechim boʻlishi zarur. Bu esa sud amaliyoti hujjatlariga pretsedentlik elementlarini aks ettirishni talab qiladi.
Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya Yangi Oʻzbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi. Bu esa inson huquq va erkinliklariga oid masalalarda huquqni qoʻllash amaliyotiga yangicha yondashuvlar joriy qilishni dolzarb zaruratga aylantirmoqda. Zero, barchamizning vazifamiz inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan va hurmat qilinadigan adolatli jamiyat barpo etishdir.
Rustam HOTAMOV,
IIV Akademiyasi boshligʻi