Bu esa pedagoglarni diqqatni chalgʻitadigan majburiyatlardan xalos etishni nazarda tutadi. Bu majburiyatlar orasida eng kattasi, shubhasiz, qogʻozbozlik hamda ortiqcha yuklamadir. Coʻnggi yillarda bu ikkisini kamaytirish borasidagi saʼy-harakatlar izchil tus oldi. Hatto yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga ham kiritildi.
Prezidentimizning 2023-yil 8-maydagi “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida Bosh qonunimizning 51-moddasi boʻyicha qilinishi kerak boʻlgan vazifalar qatorida “Oliy taʼlim tizimida ortiqcha qogʻozbozlikka barham berish, professor-oʻqituvchilarning vaqtini ichki hujjatlarni toʻldirishga sarflash bilan bogʻliq jarayonlarga barham berish choralarini koʻrish” qayd etilgan. Oliy taʼlim tizimida qogʻozbozlik hamda ortiqcha yuklamani kamaytirish masalasining aynan Asosiy qonunda mustahkamlab qoʻyilgani bu boradagi saʼy-harakatlarning ahamiyatini yanada oshiradi.
— Oliy taʼlim tizimidagi qogʻozbozlik, ortiqcha yuklamalarni kamaytirishning bugungi kundagi standart yechimi raqamlashtirishda, — deydi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshligʻi Inoyatillo Neʼmatov. — Oʻzbekiston oliy taʼlim boshqaruvi tizimini raqamlashtirish maqsadida Raqamli universitet loyihasi doirasida “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi” (HEMIS — Higher Education Management Information Systems) ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. Mazkur axborot tizimi oliy taʼlim muassasalarining maʼmuriy, akademik, ilmiy va moliyaviy faoliyatini avtomatlashtirish, oʻquv jarayonini tashkil etish, monitoringini yuritish va boshqarish, masofadan onlayn taʼlim xizmati koʻrsatish hamda vazirlik axborot tizimi bilan axborot almashish vazifasini bajaradi. Bugungi kunda oliy taʼlim muassasalaridan olinadigan turli hisobot va maʼlumotlar sonini keskin kamaytirish, ularni tayyorlashning qogʻoz shaklidan voz kechish, boshqaruv tizimini raqamlashtirish ishlari bajarilmoqda. Ushbu tizim maʼmuriy, oʻquv, ilmiy va moliyaviy jarayonlarni boshqarish modulini oʻz ichiga oladi. Uni bosqichma-bosqich oliy taʼlim muassasalarida joriy etish orqali oʻquv jarayoni modulida guruh jurnali, dars jadvali, imtihonlar jadvali, talabaning reyting daftarchasi, oʻzlashtirish qaydnomalari, davomat hisoboti, diplom va akademik maʼlumotnomalar raqamlashtirildi. Shuningdek, maʼmuriy jarayon modulida oliy taʼlim muassasasi strukturasi, talabalar kontingenti va ularning harakati, professor-oʻqituvchilar tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuritish hamda hisobotlarni tayyorlash raqamli tizimga oʻtdi.
2021-2022 oʻquv yilidan boshlab barcha davlat OTMlarida talabalar oʻquv varaqasi, guruh jurnali, reyting daftarchasi, akademik maʼlumotnoma, dars jadvali, davomat va oʻzlashtirishga oid maʼlumotlar, toʻlov-kontrakt shartnomalari hamda aylanma varaqalari raqamlashtirildi. Oʻn ming talaba oʻqiydigan OTMda qogʻoz koʻrinishida yuritiladigan hujjatlar bekor qilinishi hisobiga bir oʻquv yilida oʻrtacha 90 million soʻmgacha mablagʻ tejaladi. Axborot tizimi OTMning milliy reytingi onlayn hisobotlarini shakllantirish orqali faoliyatini onlayn rejimda tahlil qilib borish imkoniyatini beradi. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab talabalarning QR kodli toʻlov-shartnomalarini shakllantirish imkoniyati yaratildi. Buning natijasida talabalar va ota-onalar joriy etilgan imtiyozli taʼlim kreditini mamlakatimizning istalgan hududidagi belgilangan tijorat banklaridan olish uchun murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, OTMda shartnoma toʻlovi monitoringi yuritiladi. Talabalar oʻz profili orqali toʻlov-shartnomalar uchun buyurtma beradi, onlayn koʻrinishda oladi va toʻlovlar monitoringini yuritib boradi. Bundan tashqari, talabalarga toʻlov shartnomalarini qogʻoz koʻrinishida OTMdan borib olish bilan bogʻliq maʼmuriy toʻsiqlar (navbatda turish, transport xarajatlari) uchun sarflanadigan vaqt va xarajat iqtisod qilinadi.
Tizimning oliy taʼlim muassasalari tomonidan bakalavriat va magistratura bitiruvchilari uchun QR kodli diplom shakllantirish, tasdiqlash va taqdim qilish moduli ishlab chiqilib, foydalanish yoʻlga qoʻyildi. Malaka oshirishning anʼanaviy (malaka oshirish markazlarida toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqish) shakli bilan birga mustaqil, muqobil hamda masofaviy malaka oshirish shakllari amaliyotga joriy etildi.
Oliy taʼlim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari uchun 25 taʼlim sohasi boʻyicha malaka talablari hamda 223 yoʻnalish boʻyicha oʻquv reja va dasturlar, 857 oʻquv-uslubiy majmua hamda oʻquv resurslari ishlab chiqilib, Bosh ilmiy-metodik markazning elektron kutubxonasi va masofaviy kurslar elektron platformasiga joylashtirildi.
Bosh ilmiy-metodik markaz hamda hududiy va tarmoq markazlar yagona axborot tizimiga ulangan boʻlib, oʻquv jarayoni toʻliq raqamlashtirildi. Pedagogik hamda innovatsion kompetentlikni muttasil oshirib borish maqsadida onlayn ochiq kurslar portali faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Taʼlim masalasi jahonning koʻplab mamlakatlarida muhim vazifalar qatoridan oʻrin olgan. Koʻpchilik davlatlarda global raqobat sharoitida yangi talablarga javob beruvchi, moslashuvchan taʼlim tizimini yaratishga qaratilgan yangilanishlar boʻlmoqda. Koʻp xorijiy davlatlarning oliy taʼlim tizimida sinov birliklarini qayd qilish va toʻplash funksiyalariga ega boʻlgan hamda xorijda oʻqishning akademik tan olinishini kafolatlovchi European Credit Transfer System (ECTS) sinov birliklari tizimi qabul qilingan. Jahonning ilgʻor va oʻzini oqlagan tajribasidan kelib chiqib, 2021/2022 oʻquv yilidan mamlakatimizdagi barcha davlat oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoni Oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosi[1]da tashkil etilyapti.
Kredit-modul taʼlim tizimiga oʻtish Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tizimining bosqichlari va akademik darajasini aniq baholash imkonini beradi, ularni shaffof, tashxislanadigan va tan olinadigan holatga keltiradi. Bu esa jahon taʼlim muhitiga qoʻshilishning asosiy shartlaridan biri. Ushbu tizimning joriy qilinishi tayyorlanayotgan kadrlarning yuqori malakali va jahon miqyosida raqobatbardosh boʻlishini taʼminlaydi. Bu ishlar orqali oliy taʼlim tizimi xodimlari bilan birga talabalar uchun ham qulaylik yaratish maqsadi koʻzlangan.
— Mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish uchun, asosan, Yevropaning yetakchi davlatlari, shuningdek, AQSH, Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlar tajribasini oʻzlashtirib, amaliyotga joriy etish ishlari davom etmoqda. Oʻqitish sifatini taʼminlash maqsadida taʼlim sifatini baholash mezonlari xalqaro akkreditatsiya talablariga moslashtirilmoqda, — deydi Inoyatillo Neʼmatov. — Kelgusida qilinadigan asosiy vazifalarga toʻxtalsak, mamlakatimizdagi kamida 10 ta OTM xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 1000 taligidagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kirishiga erishiladi. Oliygohlarning ilmiy salohiyati 70 foizga yetkaziladi. Ilmiy tadqiqot ishlarining sifatini oshirish yuzasidan ilmiy etiket normalarini tatbiq qilish maqsadida ilmiy noshirlik faoliyatida koʻchirmachilikni aniqlash tizimi joriy etiladi. Taʼlim tashkilotlarini kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, rahbar va pedagog kadrlarga malaka oshirish dasturlarini mustaqil tanlash va oʻzlashtirish imkoniyati yaratiladi.
Keltirilgan raqamlar ham, faktlar ham ijobiy mazmun kasb etadi. Biroq rejalar, davom etayotgan jarayonlar aniqmi? Muammolar-chi? Inobatga olinishi kerak boʻlgan takliflar bormi? Shu savollar bilan Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti dekani oʻrinbosari Botir Mallaboyevga yuzlandik.
— Erishilgan natijalar samaradorligini qayd etgan holda taʼlim sifati borasidagi saʼy-harakatlarda ayrim sustkashliklar kuzatilayotganini ham tan olish kerak. Masalan, murojaat yoki yuklama koʻpayganda serverlarga ortiqcha kuchlanish taʼsir qilmoqda. Shuningdek, viloyatlarda internet sifati yaxshi emasligi ham hal etilishi zarur boʻlgan kamchiliklardan. Bunday vaziyatda xodimlar yana eski usullardan foydalanishga majbur boʻlishi tabiiy, — deydi B.Mallaboyev. — Shu maʼnoda, oliy taʼlim tizimida qogʻozbozlikni keskin kamaytirish orqali professor-oʻqituvchilar va soha xodimlarini oʻz ustida koʻproq ishlash, xorijiy tajribalarni oʻrganishga jalb etish, zamonaviy ilmfan texnologiyalarini keng joriy qilish tufayli oʻqitish sifatini yanada oshirish, zamonaviy, mustaqil fikrlaydigan malakali kadrlar tayyorlash jarayonini yangi bosqichga koʻtarish mumkin. Mazkur masalalar yechimiga doir koʻplab huquqiy-meʼyoriy hujjatlar qabul qilingan. Ularda belgilangan vazifalarni tizimdagi barcha xodimlar ongli ravishda anglab, masʼuliyat bilan yondashsa, birgalikda yuqori natijalarga erishamiz. Shu oʻrinda bu hujjatlarning mazmun-mohiyatini, unda belgilangan vazifalarni bandma-band bajarish uchun eʼtibor berish zarur jihatlarni videoqoʻllanma orqali tizimdagi barcha xodimlarga tushuntirish samara beradi, deb oʻylayman.
Tizimdagi pedagoglarning aksariyati oxirgi yillarda ortiqcha yuklama kamaygani, biroq hal qilinishi kerak boʻlgan masalalar borligini aytdi.
— Har qanday tizimning boshqaruvchisi boʻlgan inson omili mavjud ekan, koʻzda tutilmagan salbiy jihatlar yuzaga chiqishi, kamchiliklarga yoʻl qoʻyilishi davom etadi. Mazkur jarayonda har bir xodimga oʻz vazifasini toʻgʻri taqsimlab berish juda muhim. Chunki baʼzi muammolarning avvali notoʻgʻri taqsimotdan kelib chiqadi. Hujjatbozlikning bugungi xususiy taʼlimdagi ahvoliga kelsak, uning kundan-kunga kamayib borayotgani kuzatilmoqda. Sababi, mamlakatimizda yangi tashkil etilayotgan davlat hamda xususiy taʼlim dargohlari sifatli oʻqitishni oʻziga asosiy vazifa qilib olmoqda. Natijada professor-oʻqituvchilar uchun ham papkani hujjatlar bilan qappaytirib yurish emas, talabalarga sifatli va samarali taʼlim berish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash asosiy maqsadga aylanyapti, — deydi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti oʻqituvchisi Bobur Nusratov. — Qogʻozbozlikni kamaytirishda zamonaviy pedtexnologiyalardan foydalanish ham muhim ahamiyatga ega. Buning uchun esa oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini toʻliq mustahkamlash lozim. Auditoriyalar zamonaviy ekran va audio-video vositalar bilan taʼminlansa, talabaga ham qulay boʻladi, oʻqituvchi esa asosiy eʼtiborini dars oʻtishga qaratadi.
Ilm insoniyat kelajagini belgilayotgan ushbu davrda pedagoglarga qulay mehnat sharoiti yaratib berish taʼlim tizimi oldidagi muhim masala. Zero, ustozlar vaqt deb atalmish nodir neʼmatni hamda aql choʻgʻini samarasiz hujjatbozliklaru befoyda hisobotlarga emas, yoshlarning bilim olishiga sarflashini bugungi davrning oʻzi talab qilayotir.
Jonibek ALIJONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri